AQSh iqtisodiyoti jar yoqasidami?
Iqtisodchilar soʻrovida AQShda keyingi bir yil ichida retsessiya (iqtisodiy inqiroz) ehtimoli 45 foiz deb baholangan.

AQSh iqtisodiyotida potensial inqiroz alomatlari kuzatilmoqda. Iqtisodchilarning fikricha, Donald Trampning iqtisodiy siyosati nafaqat AQSh, balki butun dunyo iqtisodiyotiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Garchi Tramp boj tariflarini 90 kunga toʻxtatib turish haqida qaror chiqargan boʻlsa-da, bu iqtisodiy oʻsishga sezilarli taʼsir koʻrsatmadi. Xitoy bilan davom etayotgan savdo urushi esa AQShdagi biznes muhitining zaiflashishiga olib kelmoqda.
Trampning tariflari tufayli dunyodagi savdo-sotiq munosabatlari ancha taranglashib qolgan. Hindiston esa ayni paytda Xitoy va AQSh bilan kuchli aloqalarni saqlab turgan davlat sifatida iqtisodiy inqirozdan eng kam zarar koʻrishi mumkin boʻlgan mamlakat hisoblanmoqda.
Iqtisodchilar va investorlar iqtisodiy inqiroz haqida nima deydi?
The Conference Board nomli dunyo davlatlarining iqtisodiy koʻrsatkichlarini oʻrganadigan xalqaro tashkilotga koʻra, soʻnggi 18 oy ichida AQShning 15 oylik koʻrsatkichi pasaygan boʻlib, bu iqtisodiy oʻsish surʼatlarining sustlashganidan dalolat beradi. “Reyters” tomonidan oʻtkazilgan soʻnggi iqtisodchilar soʻrovida AQShda keyingi bir yil ichida retsessiya (iqtisodiy inqiroz) ehtimoli 45 foiz deb baholangan. Bu esa 2023 yil dekabridan beri eng yuqori koʻrsatkichdir. Mazkur prognozga asosiy sabab sifatida Trampning yangi boj tariflari koʻrsatilmoqda.
2000 yildan buyon AQSh bir necha iqtisodiy inqirozlarni boshdan kechirgan. Masalan, 2007 yil dekabrda boshlangan va 18 oy davom etgan, tarixda “Buyuk inqiroz” nomi bilan tanilgan davrda yalpi ichki mahsulot (YaIM) 4 foizga pasaygan va ishsizlik 10 foizga yetgan. Shuningdek, KOVID-19 pandemiyasi davrida, 2020-yilda YaIM 19,2 foizga qisqargan va ishsizlik darajasi 14,7 foizga koʻtarilgan.
Hindiston iqtisodiyoti qanday yoʻl tutmoqda?
Hindistondagi vaziyat mutlaqo boshqacha. AQShda iqtisodiy tanazzul yuz berganida, ishsizlikning ortishidan aziyat chekiladi, biroq davlat tomonidan beriladigan nafaqalar koʻplab ishchilarning moliyaviy yoʻqotishlarini qoplashda yordam beradi. Bunga qarama-qarshi ravishda, Hindistonda ish oʻrinlarining yoʻqolishi koʻpincha ishchilarni qishloq xoʻjaligi yoki norasmiy sektorlarga qaytishga majbur qiladi. Bu esa nafaqat ishsizlik darajasining ortishiga, balki toʻliq band boʻlmagan mehnat muammosining kuchayishiga ham olib keladi.
Bundan tashqari, AQShdagi iqtisodiy inqiroz xalqaro moliyaviy ahvolni keskinlashtirishi mumkin boʻlsa, Hindistondagi inqiroz asosan mintaqaviy savdo va xomashyo talabiga taʼsir koʻrsatadi.