platina.uz
Jahon

"Ukraina urushidan boshqa ishlar ham bor": AQShning sabri tugamoqda

Agar Rossiya va Ukrainaning tinchlik oʻrnatish boʻyicha masalasi yaqin kunlarda hal boʻlmasa, AQSh kelishuvni tashkillashtirishdan voz kechadi, dedi mamlakat davlat kotibi. 

"Ukraina urushidan boshqa ishlar ham bor": AQShning sabri tugamoqda

Ukrainada tinchlik oʻrnatish boʻyicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanmasa, AQSh “oʻyindan” chiqishi mumkin.

Agar Rossiya va Ukrainaning tinchlik oʻrnatish boʻyicha masalasi yaqin kunlarda hal boʻlmasa, AQSh kelishuvni tashkillashtirishdan voz kechadi, deb maʼlum qildi AQSh davlat kotibi Marko Rubio.

“Biz kelishuvni amalga oshirishga haftalar, oylar davomida harakat qildik, biroq bizda boshqa muhim ishlar ham bor”, — deya qoʻshimcha qildi Marko Rubio.

Garchi Tramp maʼmuriyati urushni tezda toʻxtata olishiga ishonchi komil boʻlgan boʻlsa-da, toʻqnashuvlarni toʻxtatishga qaratilgan harakatlar samara bermadi. Rasmiy Vashington ikkala tomonni ayblamoqda.

Parijda Yevropa davlatlari rahbarlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvdan soʻng Rubio: “Biz bu urushni toʻxtatish masalasini yaqin kunlarda hal qilib olishimiz kerak. Agar bu roʻy bermasa, masalani ortda qoldiramiz”, — deb aytib oʻtdi.

Vaholanki, AQSh prezidenti Donald Tramp qayta prezidentlikka saylanishidan oldin, agar prezidentlikka qaytsa, urushni 24 soat ichida hal qilishini aytgandi.

Kreml vakili Dmitriy Peskovdan Tramp Rossiyadan xabar kutayotganiga oid fikr soʻralganda, muzokaralar ogʻir kechayotganini aytdi. Rossiya bu nizoni tinch yoʻl bilan hal qilish tarafdori ekanligini va muzokaralarga ochiqligini bildirdi.

17 aprel kuni Ukraina va AQSh oʻrtasida imzolangan memorandumda Ukraina iqtisodiyotini tiklash va investitsiyalar kiritish uchun fond tashkil etish masalasi boʻyicha qaror qabul qilindi. Kelishuvni 26 aprelgacha yakunlash maqsad qilingan. Bayonotda amerikaliklar ukrainaliklarning xavfsiz, mustaqil va erkin boʻlishini xohlashi taʼkidlangan.

Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko memorandum imzolangani haqidagi xabarni oʻzining X platformasida eʼlon qildi.

“Hali qilinadigan ishlar koʻp, biroq harakatlar hozirgi surʼatda davom etsa, hujjat ikkala tomon uchun ham foydali boʻlishiga ishonaman”, — dedi Yuliya Svyrydenko.

Tramp Italiya yetakchisi Jorjiya Meloni bilan boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida foydali qazilmalar boʻyicha kelishuvga ishora qilib, shunday dedi: “Bizda bir foydali qazilmalar boʻyicha kelishuv bor. U 24 aprel kuni imzolanadi, deb oʻylayman. Ular bu kelishuvga rioya qilishadi, deb hisoblayman. Koʻramiz, ammo bizda bu borada kelishuv mavjud.”

Ukraina parlamentining Yevroittifoqqa integratsiya boʻyicha qoʻmitasi raisi va deputat Ivanna Klimpush-Sinsadze BBC`ga bergan intervyusida ushbu kelishuv boʻyicha “soʻnggi soʻz”ni Ukraina parlamenti aytishini taʼkidladi.

“Umid qilamanki, imzolanishi va ratifikatsiya qilinishi moʻljallanayotgan har qanday hujjat mamlakatimiz va xalqimiz manfaatlarini inobatga olgan holda asoslantirilgan boʻladi”, dedi u.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid