platina.uz
Jamiyat

Toshkent bozorlarida muddati oʻtgan mahsulotlar aniqlandi

Oʻrganishlar “Yunusobod”, “Aviasozlar”  “Sergeli” va “Navroʻz” dehqon bozorlarida olib borilgan. 

Toshkent bozorlarida muddati oʻtgan mahsulotlar aniqlandi

Bozorlarda yaroqlilik muddati oʻtgan mahsulotlar aniqlanmoqda.

Raqobat qoʻmitasi va uning hududiy tuzilmalari oziq-ovqat mahsulotlarining sifati yuzasidan vakolatli organlar bilan hamkorlikda monitoring oʻtkazgan.

Xususan, qoʻmitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan “Yunusobod”, “Aviasozlar” “Sergeli” va “Navroʻz” dehqon bozorlarida olib borilgan oʻrganishlarida savdo rastalarida yaroqlilik muddati oʻtgan, yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan mahsulotlar ham sotilayotganligi aniqlandi.

Jumladan, bozor hududida sifat va sanitariya talablariga javob bermaydigan mol va tovuq goʻshtlari hamda ularning qiymalari, isteʼmolga yaroqsiz va ishlab chiqarish sanasi oʻtib ketgan dudlangan kolbasa, sosiska, sut-tuxum mahsulotlari, banan va qoʻlda tayyorlangan tuzlama mahsulotlari savdo rastalaridan olib tashlanib, tegishli vakolatli tashkilotlarga axborot kiritildi.

Aniqlangan holatlar boʻyicha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi va qayta ishlashga yuborildi.

Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya markazi xodimlari va bozor maʼmuriyati bilan hamkorlikda tadbirkorlik subʼektlariga tegishli tushuntirish ishlari olib borildi.

Maʼlumot uchun: Qoʻmitaga joriy yilning oʻtgan davri mobaynida oziq-ovqat mahsulotlari savdosi boʻyicha 403 ta murojaatlar kelib tushgan. Shundan, yaroqlilik muddati oʻtgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan tovarlarni sotish boʻyicha murojaatlar soni 131 ta, yaʼni 32,5 foizni tashkil etgan.

Shu kabi jami 45 ta holat aniqlanib, tadbirkorlik subʼektlariga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berilgan va aybdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, shuningdek, 22 mln. soʻmlik yaroqlilik muddati oʻtgan mahsulotlar savdo rastalaridan olinib, isteʼmolchilarga yetkazilgan zarar qoplab berilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid