Sertifikat olish majburiy boʻlgan tovarlar roʻyxatini keskin qisqartiriladi
Alohida farmon bilan Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqoʻm, Veterinariya qoʻmitasi, Karantin agentligi kabi idoralarning mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab beriladi.

Salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar chetdan keladigan vitrinali sovutkichlarni sertifikatsiyalash jarayoni 3 oygacha choʻzilayotganini aytmoqda.
Kurerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ishli qilayotgani, lekin mopedning oʻzi 300 dollar tursa, uni standartdan oʻtkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablagʻ ketayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Xususiy klinikalar “Oʻzbekistonga ilk bor olib kelinayotgan ayrim tibbiy uskunalarni Farmqoʻmitada roʻyxatdan oʻtkazish xarajati ularning narxidan 10 karra qimmat”, demoqda. Shuningdek, qoʻmitada oddiy termometrni ham, MRT uskunasini ham roʻyxatdan oʻtkazishga 4-5 oy vaqt ketmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday toʻlov va tartibotlar mutasaddilar tomonidan naqadar chuqur oʻylanganini savol ostiga qoʻydi.
“Bu yondashuv toʻgʻrimi? Albatta yoʻq. Murakkabligi va xavflilik darajasiga qarab, tibbiy uskuna, tibbiy buyum va dori-darmon uchun alohida-alohida muddat belgilash kerak”,
- dedi Prezident.
Prezident sertifikatlashtirish va standartlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
Alohida farmon bilan Texnik tartibga solish agentligi, Sanepidqoʻm, Veterinariya qoʻmitasi, Karantin agentligi kabi idoralarning mahsulotga xulosa berish vakolatlari aniq belgilab beriladi.
Bunda takrorlanuvchi va ustma-ust tartiblar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Masalan:
- oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligi nazorati bilan faqat Sanepidqoʻm shugʻullanadi;
- oziq-ovqat uchun texnik reglamentlar va standartlar majburiyligi bekor qilinadi;
- qoʻmita asosiy oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha sanitariya qoidalari va normalarini xalqaro talablarga – Kodeks Alimentariusga muvofiqlashtiradi.
Boshqa tizimlar ham xuddi shu tartibda qayta koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, xavf darajasi yuqori boʻlgan 7 ta tovar guruhidagi mahsulotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinadi.
Sertifikat olish majburiy boʻlgan tovarlar roʻyxatini keskin qisqartirib, mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash amaliyoti joriy qilinadi.
Asbob-uskuna, xomashyo, maxsus texnika, transport importida mamlakatimizda tan olinadigan xorijiy yuqori sifat va nazorat tizimlari mezonlari ishlab chiqiladi, ular import qilinayotganda milliy sertifikat olish talab qilinmaydi.
“Bir soʻz bilan aytganda, biz mahsulotlarning bozorga kirishini yengillashtirib, uni realizatsiyasidagi nazoratni kuchaytiramiz. Bu xalqaro amaliyotda oʻzini oqlagan”,
- dedi prezident.
Mutasaddilarga “Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Umuman, sinov va sertifikatlashtirish boʻyicha davlat laboratoriyalari xususiy sektorga investitsiya kiritish sharti bilan berilsa, sohada sifat va raqobat boʻlishi, xizmat narxi tushishi koʻrsatib oʻtildi.