Prezident Sanepidqoʻmitani jiddiy tanqid qildi
Yiliga 100 million dollarlik bolalar ozuqasi import boʻlmoqda. Lekin zamonaviy uskuna keltirib, zavod qurgan tadbirkor Sanepidqoʻm xulosasi yoʻqligi uchun ishlab chiqarishni boshlay olmayapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida boshlangan videoselektor yigʻilishida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy va savdo cheklovlarining Oʻzbekistonga taʼsirini yumshatish masalalari muhokama qilinmoqda.
Prezident sertifikatlashtirish tizimidagi ayrim muammolarni sanab, ularning yechimlarini aytdi.
Taʼkidlanganidek, sut va goʻsht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻzining mahsulotiga Sanepidqoʻm xulosasini olish tizimidan norozi.
Masalan, yiliga 100 million dollarlik bolalar ozuqasi import boʻlmoqda. Lekin zamonaviy uskuna keltirib, zavod qurgan tadbirkor Sanepidqoʻm xulosasi yoʻqligi uchun ishlab chiqarishni boshlay olmayapti. Xulosa berish uchun esa standart yoʻq.
Qoʻmita rahbariyati “bu mahsulotga bizda standart yoʻq”, deb kutib oʻtirmasdan, oʻzi tashabbus qilib, tadbirkor bilan birga standart ishlab chiqmayotgani tanqid qilindi.
Ayrim tuman sanepidxizmatlari haligacha tadbirkordan bitta mahsulotning har xil qadoqlangan partiyasini alohida sinovdan oʻtkazishni talab qilmoqda. Bu qoʻshimcha vaqt, qoʻshimcha xarajat talab qiladi.
Bir vaqtda tayyorlangan mahsulotning har xil hajmda qadoqlanishi sifatga naqadar aloqador ekani savol uygʻotadi.
Shuningdek, mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta koʻrsatkich boʻyicha xulosa olishi kerak. Tadbirkorlar shuning 43 tasi uchun Sanepidqoʻm tizimidagi laboratoriyalarga, qolgan 2 tasi boʻyicha boshqa laboratoriyaga bormoqda.
Qoʻmitaga hamma tekshiruvni bitta joyda tashkil qilish topshirildi.
Meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun ham 3 ta tashkilotning laboratoriyasiga borish kerak. Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi.
Shu bois eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna joʻnatayapti.
Mutasaddilarga shu paytgacha birorta xalqaro tan olingan laboratoriyani olib kelmagani, eskirgan ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani koʻrsatib oʻtildi.