Oʻzbekiston U17 Shimoliy Koreyani tor-mor etdi
Endi finalda mezbon va guruhdoshi Saudiya Arabistoniga qarshi oʻynaydi.

Oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo kubogi yarim finalida Oʻzbekiston terma jamoasi Shimoliy Koreya termasini yirik hisobda magʻlub etdi.
Oʻyin ancha shiddatli boshlandi. Koreyslar hujumga oʻtishdi, biznikilar ham munosib javoblar berdi.
Dastlabki yarim soatga yetar-yetmas, raqiblarimiz qoʻpollik qildi va ularga nisbatan penalti belgilandi. Ammo 11 metrlik zarbani darvozabon qaytardiyu koʻp oʻtmay, Hasanov chiroyli gol bilan hisobni ochdi.
41-daqiqada oʻyinda ikkinchi sariq kartochkasini olgan Kan Myon Bom maydondan chetlatildi. Shu tariqa birinchi boʻlim yakunlandi.
Ikkinchi taymda maydonga tushgan Rustamov 62-daqiqada gol urdi, 65-daqiqada esa Shukurullayev hisobni yiriklashtirdi – 3:0.
Narigi oʻyinda mezbon Saudiya Arabistoni termasi Janubiy Koreyani penaltilar seriyasida magʻlub etib, finalga yoʻl oldi.
Endi 20 aprel kuni oʻtadigan finalda Saudiya va Oʻzbekiston termalari kuch sinashadi.
Osiyo kubogi U17, yarim final
Oʻzbekiston - Shimoliy Koreya 3:0
Gollar: Hasanov 31, Rustamov 62, Shukurullayev 65.