24 mln aholining elektron tibbiy kartasi yaratildi
Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan navbatdagi “Hukumat soati”da sogʻliqni saqlash tizimida korrupsion omillarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida vazir oʻrinbosari Olim Omonov batafsil maʼlumot berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi. Unda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan sohada korrupsion omillarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Maʼlum qilinishicha, vazirlik UZINFOCOM bilan hamkorlikda yagona tibbiyot axborot tizimi – DMED ishlab chiqilgan. Bugungi kunda ushbu tizim 24 mln aholining elektron tibbiy kartasini kiritish imkoniyatiga ega boʻldi.
Qolaversa, tibbiyot xodimlari va farmatsevtika kompaniyalari oʻrtasidagi yashirin kelishuvlarning oldini olish maqsadida yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED)da “Elektron retsept” moduli ishlab chiqilgan.
Bu modul dori vositalarining dozalari va shakllarini hisobga olgan holda retseptlarni elektron shaklda berish, ularning markirovkasini nazorat qilgan holda sotish, hisobot yuritish jarayonini avtomatlashtirish hamda bemorlar uchun mobil ilova orqali retseptlar harakatini kuzatib turish imkonini beradi.
Shuningdek, aholi va shifokorlar uchun mobil ilovalar yaratilgan. DMED axborot tizimi 2 571 ta birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalaridan 2475 tasiga oʻrnatilgan. Hozirda zarur jihozlarni xarid qilish va oʻrnatish, tibbiyot xodimlarini tizimda ishlashga oʻqitish va maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritish ishlari jadal olib borilmoqda.