platina.uz
Siyosat

Sherzod Asadov: Fargʻona vodiysi "porox bochkasi" emas, balki imkoniyatlar, farovonlik makoniga aylandi

Yirik geostrateglaridan biri boʻlgan Zbignev Bjezinskiy oʻzining "Buyuk shaxmat taxtasi" kitobida Fargʻona vodiysini geosiyosiy keskinlik oʻchogʻiga aylanishini bashorat qilgandi.

Sherzod Asadov: Fargʻona vodiysi "porox bochkasi" emas, balki imkoniyatlar, farovonlik makoniga aylandi

Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bugungi Fargʻona vodiysi, jumladan Andijon viloyatidagi vaziyat haqida yozdi.

1997 yilda oʻz davrining yirik geostrateglaridan biri boʻlgan Zbignev Bjezinskiy oʻzining "Buyuk shaxmat taxtasi" kitobida Fargʻona vodiysini geosiyosiy keskinlik oʻchogʻiga aylanishini bashorat qilgan, ayrim ekspertlar esa hatto "porox bochkasi"ga oʻxshatgan edi.

Darhaqiqat, uchta mustaqil mamlakatga daxldor bu qadimiy hududda yaqin-yaqingacha shunday voqealar roʻy berdiki, koʻpchilik bu mashʼum bashorat haqiqatdan unchalik ham yiroq emasligiga ishongandi.

"Ammo bugun biz butunlay boshqacha voqelikda yashamoqdamiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻra biladigan rahbarligi, tizimli va chuqur oʻylangan islohotlari tufayli Fargʻona vodiysining uchta viloyati va uning yuragi boʻlmish Andijon butunlay oʻzgarib ketdi.

Bugungi kunda Andijon iqtisodiy oʻsish, tadbirkorlik tashabbusi, innovatsiya ruhi, intellektual taraqqiyot va madaniy tiklanishning qudratli markaziga aylangan. Bu shunday zaminki, har bir yangi loyiha kelajak poydevorini mustahkamlaydigan tamal toshidir. Bu yerda odamlar orzu qilyapti va oʻz maqsadlariga erishyapti. Oʻqiyman, izlanaman, daromad topaman va boshqalarga ham daromad manbai yarataman deganlarga – keng yoʻl. Yangi – Bobur shahri qurilmoqda.

Tan olish kerak, Andijon - ilm, intilish, mehnatsevarlik va toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan davlat siyosati butun bir hududni naqadar oʻzgartirib yuborishi mumkinligining yorqin namunasidir. Aholisi zich, yer resurslari cheklangan, yaqingacha sanoati faqat Asaka zavodidan iborat boʻlib kelgan viloyat ahli Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar kuchidan, yaratilgan har bir imkoniyatdan toʻliq, maksimal darajada foydalanyapti, har jabhada real, kundalik hayotda sezish mumkin boʻlgan natijalarga erishayapti", deya yozadi Asadov.

"Eski bashoratlarni unutish vaqti keldi. Endilikda, shu jumladan uch davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari va doʻstligi tufayli bugun Fargʻona vodiysi "porox bochkasi" emas, balki imkoniyatlar, farovonlik, tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va bunyodkorlik makoniga aylandi", deya fikrin xulosalaydi davlat rahbari matbuot kotibi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid