ILMA iqtisodchi bloger ustidan shikoyat kiritdi
Soʻnggi paytlarda ommaviy axborot vositalarini ularning tanqidi uchun sudga berish, shikoyat qilish holatlari koʻp uchramoqda.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi iqtisodchi bloger Otabek Bakirov ustidan ichki ishlar organlariga shikoyat kiritgan. Agentlik postda "obroʻsizlantirish" alomatlari bor deb hisoblagan.
"Shikoyatni agentlik rahbari birinchi oʻrinbosari V.Pak imzolagan. Shikoyatga agentlik ishonchli vakilining tushuntirish xati ilova qilingan. Ariza hozirda poytaxt IIB Kiberxavfsizlik boʻlinmasi tomonidan oʻrganilmoqda. Kecha oqshom chaqiruv boʻyicha tergovga dastlabki tushuntirishlarni yozma va ogʻzaki tarzda taqdim etdim (ish boʻyicha hujjatlardan nusxa hali berilmadi)", deb yozgan Bakirov.
"Qonunsiz superregulyator" posti TEMU elektron savdo platformasi faoliyatini cheklash qarori eʼlon qilingan 2025 yil 4 mart kuni yozilgan.
Postda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Oʻzbekistonda hech bir qonunsiz sugʻurta, kapital, kripto-aktivlar va elektron tijorat faoliyatining regulyatoriga aylanib qolgani tilga olinadi. Uning faoliyatini tiyib turuvchi, tartibga soluvchi, manfaatlar toʻqnashuvini oldini oluvchi biron-bir qonun yoʻqligi taʼkidlangan.
Agentlik bu borada biror rasmiy izoh yoki munosabat bermagan.
Blogerning eslatishicha, 2017 yilda bu agentlik butunlay boshqa vazifa va maqsadlar uchun tuzilgan.
"Aytaylik, Oʻzbekistonda koʻp iqtisodiy islohotlarda maslahatchi boʻlgan Jahon banki sizlarning faoliyatingiz qarorlar bilan emas, alohida maxsus qonun bilan tartibga solinishi kerak, busiz sizlar nazorat qilayotgan sugʻurta va kapital bozoridan tortib kriptoaktivlar va elektron tijorat segmentlarigacha barqaror oʻsish boʻlmaydi, investorlar qiziqmaydi, bozorlar bir qoʻlli va monopol tarzda qoladi, kuchli oʻyinchilar kuchsizlarini maʼmuriy yoʻllar bilan yoʻq qiladi, regulyatorning mustaqilligi taʼminlanmaydi, deb xulosa bersa, Agentlik ularniyam meni obroʻsizlantirding, deb mahkamaga beradimi?", deb xulosa qilgan bloger.
Soʻnggi paytlarda ommaviy axborot vositalarini ularning tanqidi uchun sudga berish, shikoyat qilish holatlari koʻp uchramoqda.