Harvard universiteti xorijiy talabalaridan ayrilishi mumkin — Tramp administratsiyasi
Maʼmuriyat Falastinni qoʻllab koʻchaga chiqayotganlarga qattiq chora koʻrmoqchi.

AQSh Ichki xavfsizlik departamentining ogohlantirishicha, agar Harvard universiteti Tramp administratsiyasining buyrugʻiga koʻra ayrim vizaga ega boʻlgan kishilarning maʼlumotlarini taqdim qilmasa, xorijiy talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum boʻlishi mumkin.
16 aprel AQSh Ichki xavfsizlik departamenti kotibi Kristi Noem Harvardga berilishi kerak boʻlgan 2,7 million dollarlik maqsadli mablagʻni bekor qildi.
Noemning aytishicha, u universitetdan “noqonuniy va huquqbuzarlik” harakatlarida ishtirok etgan xorijiy talabalar haqida maʼlumotlarni 30 aprelgacha taqdim etishni talab qilgan.
“Agar universitet bizning talablarimizga itoat etmasa, xorijiy talabalarni qabul qila olmaydi”, — deya taʼkidladi u.
Harvard vakili AQSh Ichki xavfsizlik departamentining xatidan xabardorligini bildirdi. U qonunga boʻysunishini, biroq oʻz mustaqilligi va konstitutsiyaviy huquqlarining buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligini maʼlum qildi.
Prezident Tramp administratsiyasi Falastin tarafdorlarining norozilik namoyishlari sababli universitetlarni moliyalashtirishni toʻxtatish bilan ogohlantirdi.
Donald Tramp norozilik namoyishlarida ishtirok etganlarni antisemit deb atadi va ularni Hamas tarafdori sifatida koʻrayotganini maʼlum qildi.
Namoyishchilarning fikricha (ular orasida yahudiylar ham bor), Tramp administratsiyasi Falastin huquqlarini qoʻllab-quvvatlash va Gʻazodagi Isroil harakatlarini tanqid qilishni ekstremizm va antisemitizm sifatida notoʻgʻri talqin qilmoqda.
Maʼmuriyat, shuningdek, mamlakat boʻylab koʻplab vizalarni bekor qildi.
Kristi Noem: “53,2 milliard dollarlik byudjetga ega Harvard oʻz tartibsizliklarini oʻzi hal qila oladi, ammo Ichki xavfsizlik departamenti emas”, — deya fikr bildirdi va universitetda Amerikaga qarshi boʻlgan hamda Hamasni qoʻllab-quvvatlovchi mafkura mavjudligini taʼkidladi.
Harvard esa muassasada boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday antisemitik qarashlarni yoʻq qilishga tayyorligini, biroq har kimning norozilik bildirishi (protest qilish) huquqi borligini taʼkidladi.
Shuningdek, Donald Tramp oʻzining X platformasidagi sahifasida "Balki Harvard universiteti soliq imtiyozidan mahrum qilinib, siyosiy tashkilot sifatida soliqqa tortilishi kerakdir, agar u siyosiy, mafkuraviy va terrorchilik oqimiga asoslangan "kasallik"ni targʻib qilishda davom etsa? Eslab qoling, soliq imtiyozi faqat jamoat manfaati yoʻlida harakat qilgan taqdirda beriladi!" deya xabar qoldirgan.