Britaniya yangi qurolni omadli sinovdan oʻtkazdi
Gʻarbiy Uels hududida boʻlib oʻtgan sinovda radio toʻlqinli qurol yordamida dron urib tushirilgan.

Britaniya askarlari radio toʻlqinli qurol yordamida dronlarni urib tushirdi.
Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan koʻrinmas, radio toʻlqinli qurol birinchi marta dronlarni urib tushirdi.
Sinov Gʻarbiy Uels hududida boʻlib oʻtdi va bu Buyuk Britaniya armiyasi tomonidan oʻtkazilgan eng yirik sinov mashgʻulotlaridan biri boʻldi.
Hukumat hozirgacha RF DEW (radiochastotali yoʻnaltirilgan energiya quroli) tadqiqot va ishlanmalariga 40 million funt sterlingdan ortiq mablagʻ ajratgan. Ushbu loyiha Shimoliy Irlandiya va Angliyaning janubi-sharqiy hududlarida 135 nafar yuqori malakali mutaxassisni ish bilan taʼminlamoqda.
Qurol yuqori chastotali radio toʻlqinlar orqali dronlarning ichidagi muhim elektron qismlarni ishdan chiqaradi yoki shikastlaydi, bu esa ularning qulashiga yoki nosoz ishlashiga olib keladi.
Agar bu texnologiya harbiy xizmatga joriy etilsa, har bir zarba taxminan 10 penniga (1 penni = 1/100 funt sterling) tushadi va bu anʼanaviy raketalarga asoslangan havo mudofaa tizimlariga nisbatan arzon va samarali yechim boʻlishi mumkin.
Hozirgi sharoitda bu kabi qurollar juda muhim, chunki Ukrainadagi urushda hozirgacha 18 000 dan ortiq dron yordamida hujumlar amalga oshirilgan.
Hukumat ushbu qurol ishlab chiqarilishini sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda va yangi texnologiyalarga ajratiladigan mablagʻni 2025–2026 yillarda kamida 10 foizga oshirmoqchi.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi vakili Mariya Igl quyidagicha fikr bildirdi:
"Ushbu muhim tajriba Britaniya innovatsiyasining kuchini yaqqol namoyon etadi — bu yutuq mahalliy sanoatimiz, texnologik kompaniyalarimiz va ilmiy salohiyatimiz tomonidan amalga oshirilmoqda. Biz mudofaa sohasini mustahkamlashda davom etamiz — ilgʻor texnologiyalarni joriy etish orqali Buyuk Britaniyaning ichki xavfsizligini taʼminlab, xalqaro maydonda kuchli pozitsiyani saqlab qolamiz."
Serjant Mers radio toʻlqinli qurol yordamida dronlarni urib tushirgan birinchi britaniyalik askar sifatida eʼtirof etildi.
Serjant "Ushbu loyiha juda qiziqarli boʻldi. Uni oʻrganish va undan foydalanish murakkablik tugʻdirmadi. Kuch va imkoniyatlarini kengaytirish orqali bu qurol Britaniya havo mudofaasini yanada kuchaytiradi" - deya fikr bildirdi.