Yangi qurilayotgan binolarning QR-kodli pasporti joriy etiladi
Bu orqali shaharsozlik subʼektlari, qurilish muddatlari, hujjatlar va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqida maʼlumot olish mumkin boʻladi.

Har bir qurilayotgan obʼektning QR-kodli pasporti joriy etiladi.
“Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Prezident Farmoni (PF-66-son, 14.04.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2025 yil 1 sentabrdan har bir qurilayotgan obʼektning QR-kodli pasporti joriy qilinadi.
Bu orqali shaharsozlik subʼektlari, qurilish muddatlari, shaharsozlik hujjatlari va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqidagi maʼlumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, koʻp kvartirali uylardagi joylarni, shuningdek, yertoʻlalarni qayta qurish va qayta rejalashtirishda shaharsozlik normalarini buzgan holda koʻp kvartirali uyning konstruktiv qismlari va tayanch devorlariga oʻzgartirish kiritish, buzish hamda binoning zilzilaga bardoshliligiga salbiy taʼsir qiladigan ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
2025 yil 1 iyuldan:
-barcha ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi obʼektlari majburiy tarzda shartnoma asosida texnologik auditdan oʻtkaziladi;
-bosqichma-bosqich hududiy inspeksiyalarda Qurilish obʼektlarini onlayn kuzatish markazi tashkil etiladi;
-tajriba-sinov tariqasida 2025 yilda Qashqadaryo viloyatidagi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga yangidan quriladigan obʼektlarga videokameralar oʻrnatiladi;
-qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishda mobil videokameralar (bodikamera) va maxsus planshetlardan foydalaniladi.