platina.uz
Iqtisod

Prezident Andijonda yigʻilish oʻtkazmoqda

Viloyatga qoʻshimcha 1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. 

Prezident Andijonda yigʻilish oʻtkazmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazmoqda.

Andijon hamma sohada islohotlar ijrosiga astoydil kirishib, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy oʻzgarishlarni tez olib kirayotgan hududlardan biri ekani taʼkidlandi.

Oʻtgan yili viloyatda 4 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshladi, 51 ta korxona kichikdan oʻrta toifaga oʻtdi, 13 tasi yiriklashdi. Bir yilda 450 ming aholi ishli boʻldi.

Viloyatda 1,5 million kvadrat metr turar joy va 850 ming kvadrat metr noturar obʼektlar qad koʻtardi. Buning hisobiga oʻtgan yili savdo va xizmatlar 13 foizga, sanoat 7,5 foizga oshdi.

"Lekin hayot bir joyda toʻxtab qolmaydi. Odamlar har kuni izlanib, yangi gʻoya va tashabbuslar bilan chiqayapti, oldimizga katta-katta masalalarni qoʻymoqda", - dedi Prezident.

Shuni hisobga olib, viloyatga qoʻshimcha 1 trillion soʻm yoʻnaltirilishi aytildi.

Viloyat hokimligi, viloyat tashkilotlari rahbarlari, 16 ta shahar va tuman hokimlari aholi va tadbirkorlarni har kuni eshitib, hozirgi surʼatni saqlab qolishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

"Dunyodagi bugungi iqtisodiy tebranishlar sharoitida har bir hokim favqulodda masʼuliyat olishi lozim", - dedi davlatimiz rahbari.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid