platina.uz
Jahon

Fransiya va Jazoir munosabatlari oʻta keskinlashdi

Har ikkala davlat 12 nafardan rasmiylarni oʻz hududidan chiqarib yuborgan. 

Fransiya va Jazoir munosabatlari oʻta keskinlashdi

Fransiya va Jazoir oʻrtasidagi diplomatik aloqalar keskinlashmoqda.

15 aprel kuni Fransiya Jazoirning 12 nafar diplomatik rasmiylarini mamlakat hududidan chiqarib yubordi. Bu esa, oʻz navbatida, Jazoirning bir kun avval 12 nafar Fransiya rasmiylarini mamlakatdan chiqarib yuborganiga javoban amalga oshirildi.

Jazoirning bunday qaroriga nima sabab boʻldi? Bunga Fransiya prokuraturasi tomonidan uch nafar jazoirlikka nisbatan jinoiy ish ochilishi sabab boʻlgan. Ular orasida Jazoirning Fransiyadagi vakolatxonasi xodimi ham bor.

Ular Jazoir hukumatining tanqidchisi, bloger Amir Buxorsni 2024 yil aprel oyida Parij atrofida oʻgʻirlab ketganlikda gumon qilinmoqda.

Maʼlumki, ilgari Jazoir davlati Fransiyaning Afrikadagi koloniyalaridan biri boʻlgan va mahalliy aholida Fransiyaga nisbatan salbiy fikr shakllangan.

Shuningdek, Fransiya va Jazoir oʻrtasidagi munosabatlar 2024 yil yozida yana taranglashgan edi.

Bunga Fransiyaning Gʻarbiy Sahroi Kabir uchun boʻlgan nizoda Marokashni qoʻllab-quvvatlagani sabab boʻldi.

Marokash ushbu hudud tarixan ularga tegishli ekanini va 1975 yilda bosib olinganini ilgari surgan. Jazoir esa Polisario frontining mustaqilligini qoʻllab-quvvatlaydi.

2024 yil iyul oyida Jazoir oʻz elchisini Fransiyadan chaqirib olgan edi. Siyosatshunos Hasni Abidiyning aytishicha, Jazoir Fransiyaning bu harakatini xiyonat sifatida qabul qilgan. Jazoir, shuningdek, Fransiyaning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzosi boʻlganligi sababli, uning xalqaro maydondagi soʻzining ogʻirligini hisobga olib, norozilik bildirgan.

Ushbu ikki davlat oʻrtasidagi soʻnggi kelishmovchilik Amir Buxors atrofida yuzaga keldi. Amir Buxors — Jazoir hukumatining tanqidchisi boʻlib, mamlakat prezidenti Abdelmajid Tebbung boshqaruvini keskin tanqid qilgani bilan tanilgan.

2016 yildan beri Fransiyada yashab keladi va 2023 yilda Fransiya hukumati tomonidan himoyaga olingan. TikTok platformasida "Amir DZ" nomi bilan mashhur boʻlgan blogerning 1,1 milliondan ortiq obunachisi bor.

Le Figaro gazetasining xabariga koʻra, 2015 yildan 2019 yilgacha u Jazoir sudlari tomonidan firibgarlik, tahdid va tuhmat ayblovlari bilan ayblangan.

Jazoir 2021 yilda uni ekstraditsiya qilish boʻyicha Fransiyaga murojaat qilgan, biroq Fransiya sudi bu talabni rad etgan.

France 24 nashrining maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil aprel oyida Amir Buxors oʻgʻirlab ketilgan va bir kundan soʻng ozod qilingan. Buxorsning advokati bu hodisa Jazoir hukumati tomonidan uyushtirilganini taʼkidlagan.

Jazoir tashqi ishlar vaziri bu daʼvolarni rad etib, ularni “toqat qilib boʻlmas nayrang” deb atagan.

Robin Frishning fikricha, Jazoirning bu masalaga jiddiy yondashayotganining sababi — Buxors ijtimoiy tarmoqlar orqali mamlakat fuqarolari ongiga taʼsir oʻtkazayotganidir. “Ijtimoiy tarmoqlarda chegara yoʻq, Buxors yozgan barcha xabarlar jazoirliklar tomonidan oʻqilmoqda,” — deydi u.

Fransiya–Jazoir aloqalari yozuvchi Bualem Sansal sababli ham keskinlashgan. Sansal — Islom dini va Jazoir hukumatining tanqidchisi boʻlib, asl jazoirlik boʻlsa-da, Fransiya fuqarosi hisoblanadi. U 2024 yil noyabr oyida Jazoir hududida hibsga olingan.

Bunga sabab — u Youtube kanalida Jazoirning ayrim hududlari tarixan Marokashga tegishli ekani haqida fikr bildirgan. 80 yoshli yozuvchi besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Prezident Emmanuel Makron esa Sansalning hibsga olinishi boʻyicha ochiqchasiga tanqid bildirgan va uni ozod qilishga chaqirgan.

Makron hozirda Jazoirga nisbatan noqulay vaziyatda qolmoqda va Fransiyadagi oʻng siyosiy kuchlar uni Jazoirga nisbatan yanada qatʼiy choralar koʻrishga daʼvat etmoqda, deya xabar beradi Robin Frish.

Jazoirdagi ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat ham jiddiy. German and Trade Investment platformasining maʼlumotlariga koʻra, savodsizlik darajasi 19 foiz, ishsizlik darajasi esa 12 foizni tashkil etadi. Ayniqsa, bu holat yoshlarga kuchli taʼsir qilgan. Soʻnggi yillarda koʻplab yoshlar davlatga qarshi chiqqan va “Hirak” deb nomlangan harakatga qoʻshilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid