Andijondagi yangi shaharda Bobur haykali oʻrnatiladi
Bobur shahrining maydoni 4 ming gektar boʻladi va bu yerda 500 ming aholi yashashi va ishlashi uchun sharoitlar yaratiladi.

Andijonda yangi qurilayotgan Bobur shahrida Zahiriddin Muhammad Boburga haykal oʻrnatiladi.
Bu haqda Andijondagi tadbirda nutq soʻzlagan prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.
Bobur shahrining maydoni 4 ming gektar boʻladi va bu yerda 500 ming aholi munosib yashashi va ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.
"Bu shahar, xuddi buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy nomi qoʻyilgan azim shahar kabi, shonli tariximiz va kelajagimiz oʻrtasida maʼnaviy koʻprik boʻladi, yangi tariximizdan munosib oʻrin oladi.
Mana shu bogʻ hududining eng baland nuqtasida Zahiriddin Muhammad Bobur bobomizning yangi, muhtasham haykalini ham oʻrnatamiz.
Ushbu ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun katta dastur qabul qilamiz, 250 million dollarlik dastlabki kapitalga ega boʻlgan alohida jamgʻarma tashkil qilinadi. Har yili bu jamgʻarmaga qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi.
Bugungi tadbirda Bosh vazir oʻrinbosarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ham bugungi tadbirda ishtirok etyapti. Ularga alohida topshiriq: ushbu megaloyiha bir oydan kechikmay boshlanishi shart", dedi prezident.
Eslatib oʻtamiz, avval prezident Yangi Andijon shahriga Bobur nomini berishni taklif etgandi.