Yevropa Ittifoqi Falastin uchun 1,6 mlrd yevro ajratadi
Pulning asosiy qismi Falastin maʼmuriyatini qoʻllab-quvvatlashga va Gʻarbiy Sohil hamda Gʻazo sektorining tiklanishiga yoʻnaltiriladi.

Yevropa Ittifoqi Falastin uchun 1,6 milliard yevrolik moliyaviy yordam paketini eʼlon qilishi kutilmoqda.
Bu mablagʻning asosiy qismi Falastin maʼmuriyatini qoʻllab-quvvatlashga va Gʻarbiy Sohil hamda Gʻazo sektorining tiklanishiga yoʻnaltiriladi. Biroq, Gʻazodagi davom etayotgan urush tufayli mablagʻning qancha qismi haqiqatan ham falastinliklarga yetib borishi hozircha nomaʼlum.
Yevropa Ittifoqining Oʻrta yer dengizi boʻyicha komissari Dubravka Shuitsa Financial Times nashriga bergan intervyusida, bu yordam paketining 1,2 milliard yevrosi yordam sifatida, 400 million yevrosi esa Yevropa Investitsiya banki va Yevropa Barqaror Taraqqiyot Jamgʻarmasi orqali kreditlar koʻrinishida ajratilishini maʼlum qildi.
Shuitsaning aytishicha, 620 million yevro Falastin maʼmuriyati uchun toʻgʻridan-toʻgʻri moliyaviy yordam sifatida, yana 576 million yevro esa Gʻarbiy Sohil va Gʻazo sektorining barqarorligi va tiklanishiga ajratiladi.
Ushbu mablagʻlar qator shartlar bilan birga taqdim etiladi. Shuitsa: “Bu yordamlar islohotlar va maqsadli natijalar bilan bogʻliq, chunki biz ularning kuchli, ishonchli va islohotga tayyor boʻlishini istaymiz. Bizning asosiy maqsadimiz — Gʻarbiy Sohil va Gʻazoda demokratik va shaffof boshqaruvga erishish,” — deya qoʻshimcha qildi u.
Ammo bu shartlar hozirgi real vaziyat bilan toʻqnash kelmoqda. Gʻazoda Isroil hujumlarni kuchaytirgan — yaqinda shahardagi asosiy faol shifoxonalardan biri nishonga olingan. 2,2 million aholiga ega Gʻazo sektorida oziq-ovqat, yoqilgʻi, dori-darmon va gumanitar yordamlar kirishi toʻxtatilgan.
Yevroparlament ilgari Falastin maʼmuriyati tomonidan tarqatilgan darsliklarda nafratga chorlovchi kontent aniqlangani sababli yordam mablagʻlari ustidan koʻproq nazorat oʻrnatilishi lozimligini talab qilgan edi.
Baʼzi YeI aʼzolari mablagʻlarni zudlik bilan ajratish kerak, deb hisoblamoqda, chunki Falastin maʼmuriyati xodimlari bir necha oydan buyon maosh olmagan. Shuitsa bu holatni tan oldi:
“Men bilaman, hammasi siyosiy iroda bilan bogʻliq. Bu esa Isroilning harakatlariga taalluqli. Lekin Yevropa tomoshabin boʻlib turmasligi kerak. Bizning yakuniy maqsadimiz oʻt ochishni toʻxtatishga erishishdir. Hozircha bu amalga oshmagan boʻlsa-da, muzokaralar uchun imkoniyat bor, deb oʻylaymiz.”