Xitoy Pokiston iqtisodiyotini qanday xarob qilgan?
Pokiston dunyodagi eng yirik paxta ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Lekin tadbirkorlarda bu paxtani yigʻish uchun kombaynlarga benzin quyish uchun pul yoʻq.

Tabiatda turli jonzotlarning oʻzaro simbioz holatda – bir biriga foyda keltirib, bahamjihat, bir-biriga koʻmaklashib yashashi koʻp uchraydi. Masalan, Afrikadagi Acacia drepanolobium akatsiya daraxti jirafalar va fillarning hujumidan koʻp aziyat chekadi. Shu boisdan mazkur akatsiya daraxti oʻzidan maxsus shirin nektar ajratib chiqaradi. Crematogaster mimosae turiga mansub oʻtkir qorinli chumolilar esa bu shiraning hidini olib, akatsiyani egallab olishadi va uning tanasi hamda tikanlaridagi boʻshliqlarga kirib yashay boshlaydi. Chumolilar pastga deyarli tushmaydi. Nektar xuddi narkotik kabi ularni oʻziga oʻrgatib oladi. Qolaversa, shirin va toʻyimli ovqat hamda tayyor uya turganida, hudud va oziq-ovqat uchun jang qilish va ovqat qidirib tentirab yurishdan foyda yoʻq.
Shu bilan birga, bu nektar chumolilarning xulq-atvorini oʻzgartirib, ularni hujumkor va “jahldor” qilib qoʻyadi. Chumolilar akatsiyani oʻz inlari, nektarni esa oziq-ovqat manbai, deb hisoblaydi. Biror organizm (zamburugʻ va hokazo) yoki hayvon ushbu akatsiya daraxtiga tajovuz qilsa, chumolilar darhol unga hujum qilib, talab tashlaydi va qochishga majbur qiladi. Natijada, ham akatsiyaning xavfsizligi taʼminlanadi, ham chumolilarning esa mehnat qilmasdan, begʻam yashashi kafolatlanadi.
Ayni davrda boshqa davlatlarga qarz berib “yordam koʻrsatayotgan” Xitoyni nektar bilan chumolilarni oʻziga oʻrgatib olgan ana shu akatsiya daraxtiga oʻxshatish mumkin. Biroq akatsiyadan farqli oʻlaroq, Xitoy xavfsizlik emas, boshqa maqsadlarni koʻzlaydi. Va Xitoy akatsiya kabi oʻzaro tenglik va begʻaraz hamkorlikni nazarda tutmaydi...
Xitoyning “yordami” oxir-oqibat qarzdor davlatni yoki hududidan ayralishiga yoki siyosiy-hirbiy mustaqilligini yoʻqotib qoʻyishiga olib keladi. Xitoy bilan hamkorlik qilgan davlatlar sekin asta tanauzzulga yuz tuta boshladi. Pokiston ham shunday davlatlardan biri. Xitoyning noxolis yordamini ana shu mamlakat misolida koʻrib chiqish vaziyatni yaqqol ochib beradi.
Yirik davlatning muammolari ham yirik boʻladi
Tasavvur qiling, uyingizda nomaʼlum muddatgacha elektr energiyasi oʻchiriladi, chunki davlatda gaz va koʻmir xarid qilishga pul yoʻq. (Shaxsan biz - buni tasavvur qilishga qiynalmaymiz - muallif)
Tasavvur qiling, faqat bir oy ichida dollar va yevro 33 foizga qimmatlashadi, milliy valyuta qadrsizlanadi, natijada benzin va barcha doʻkon mahsulotlari ikki barobargacha oshadi. Faqatgina maoshlar oshmaydi, ular oʻzgarishsiz qoladi. Va bu jarayon toʻxtamaydi. Yangi oy — yangi narxlar, yangi muammolar. Pokiston iqtisodiyotining qulashi ana shu belgilar bilan boshlangan edi.
Pokiston davlatining hududi katta – 881 ming 913 km² boʻlib, dunyoda yer maydoni boʻyicha 33-oʻrinda turadi, jahon okeaniga chiqa oladi. Qudratli armiyaga hamda yadro quroliga ega. Pokiston bugʻdoy yetishtirishda butun Afrika davlatlarining umumiy hosilidan ham koʻproq ishlab chiqaradi. Ammo aholi arzon un uchun kilometrlik navbatlarda turishga majbur.
Pokiston dunyodagi eng yirik paxta ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Lekin tadbirkorlarda bu paxtani yigʻish uchun kombaynlarga benzin quyish uchun pul yoʻq.
Shahar chetlarida odamlar elektr energiyasi oʻchirilishi ehtimoliga qarshi dizelli generatorlar oʻrnatmoqda, suv toʻxtab qolishidan ehtiyot boʻlib, maxsus suv idishlarini tayyorlab qoʻymoqda. Ammo muammo shundaki, generatorlar uchun dizel yoqilgʻi kerak — lekin u ham tanqis.
Pokiston — dunyodagi eng koʻp aholi yashaydigan mamlakatlardan biri. Uning aholisi 241 million kishidan ziyod boʻlib, bu borada dunyoda 5-oʻrinda turadi. Ishlashga layoqatli aholi soni — 75 million nafar. Ularning qariyb chorak qismi - ishsiz. Pokiston bir tomondan v- beqaror Afgʻoniston bilan, ikkinchi tomondan esa oʻzining asriy dushmani Hindiston bilan chegaradosh.
Xoʻsh, Pokiston iqtisodiyoti nega inqirozga churadi. Bu faqat Pokistonga xos muammomi yoki bunday vaziyat istalgan davlatda yuzaga kelishi mumkinmi?
Sabablar va omillar
Koʻpchilikning fikriga koʻra, Pokistondagi inqirozning triggerlari ikkita:
Birinchisi — COVID-19 pandemiyasi boʻlib, bu davrda mamlakatda ishlab chiqarish keskin qisqardi.
Ikkinchisi — oʻtgan yilgi yomgʻir mavsumida kelib chiqqan tabiiy ofatlar. Oʻshanda iqtisodiyotning umumiy yoʻqotishi 30 milliard dollarni tashkil etgan, 8 milliondan ziyod inson boshpanasiz qolgan edi. Ushbu ofat oqibatlari haligacha bartaraf etilmagan. Ammo bu faqat trigger boʻlgan, xolos. Asosiy sabablar yillar davomida yigʻilib kelgan.
Shu oʻrinda aytish joiz, Pokiston tarixini harbiylar va kuch ishlatar tuzilmalarning yaqqol hukmronligining tarixi desa ham boʻladi. Albatta, rasman mamlakatdagi eng yuqori lavozimlarda fuqarolar tursa-da, amalda barcha nazorat kuch tuzilmalari qoʻlida. Yaʼni Pokistonda oʻziga xos stratokratiya (yunoncha στρατός «armiya, qoʻshin» + κράτος «hukmronlik, hokimiyat») oʻrnatilgan.
Bu esa — salbiy holat. Chunki harbiylar va huquq-tartibot idoralari boshqa vazifalarni bajarishi kerak. Masalan, mamlakat xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashi lozim. Lekin kuch ishlatar tuzilmalarning haddan tashqari qattiq nazorati har qanday demokratiyani boʻgʻib qoʻyadi. Natijada aholi davlat boshqaruvida oʻz vakillariga ega boʻlmaydi. Davlat rahbariyati bilan xalq oʻrtasida uzilish yuz beradi.
Lekin bu —muammoning faqat yarmi. Dunyoda shunday davlatlar borki, u yerda qattiq rejim bor, lekin harbiylar iqtisodiyotga aralashmaydi. Pokistonda esa bunday emas. Hozirgi va ilgarigi koʻplab harbiy amaldorlar iqtisodiyotga taʼsir koʻrsatuvchi yirik korporativ lavozimlarni egallab turishibdi. Har qanday sohani oling — aviatsiyami, tibbiyot, telekommunikatsiya yoki qurilishmi — barchasiga amaldagi yoki sobiq harbiylar rahbarlik qilmoqda. Buni tushunish mumkin — mamlakat yetarlicha kambagʻal. Foyda koʻriladigan sohalar kam. Katta biznes esa oʻz oʻyinlarini oʻynaydi. Pokistondagi koʻplab yirik kompaniyalar xalq uyoqda tursin, hattoki hukumat oldida ham javobgar emas. Ularning faoliyati faqat kichkina bir guruh manfaatlariga xizmat qiladi xolos. Rasman bu — kapitalizmdek koʻrinsada, amalda esa — feodalizm tuzumi hukmron.
Ammo eng yomoni bu ham emas! Muammo shundaki, harbiylar davlat hukumatini armiya va kuch tuzilmalarini moliyalashtirishga ulkan mablagʻlar ajratishga majbur qilmoqda. Bu mablagʻlarning katta qismi talon-taroj qilinadi, oqibatda barcha xarajatni oddiy xalq toʻlashga majbur boʻladi.
Taʼlimdan armiya ustun
Pokiston YaIMning atigi 2,4 foizini taʼlimga sarflagani holda, harbiy-sanoat kompleksiga YaIMning 17,8 foizini yoʻnaltiriladi. Pokistondagi taʼlimga eʼtibor koʻrsatkichi hatto Janubiy Osiyo davlatlari orasida ham eng past koʻrsatkich hisoblanadi. Bundan tashqari, harbiy iqtisodiyot koʻplab yashirin xarajatlar bilan bogʻliq — shular jumlasidan tanish-bilish kapitalizmini ilgari surish va erkin bozor iqtisodiyotining oʻsishiga toʻsqinlik qilish ham bor. Yaʼni harbiy sohaga ajratilgan pullarning katta qismi korrupsiya tufayli rahbarning shaxsiy karmoniga kirib ketadi.
Albatta, Pokiston shunday qoidalar asosida yashovchi yagona mamlakat emas. Tailand, Indoneziya va Braziliyada ham shunga oʻxshash holatlarni koʻrish mumkin. Bu davlatlarda ham harbiylar va kuch tuzilmalari taʼsiri katta. Lekin braziliyaliklar bu vaziyatdan chiqish yoʻlini topa oldilar. Mamlakat iqtisodiyoti faol rivojlanayotgan paytda harbiylar uni boshqarishga aralashgan, ammo iqtisod barqaror oʻsish koʻrsata boshlaganidan keyin, harbiylar moliyaviy boshqaruvdan asta-sekin chetlanishgan. Achinarlisi shundaki, Pokistonda bu jarayon aksincha kechmoqda — xazina oʻmarish kuchaymoqda, xazina esa boʻshab qolmoqda. Bu yerda hatto mamlakat parchalanishi ehtimoli bor — bu esa butun dunyo uchun xavfli, chunki bunday holatda yadroviy qurol ekstremistlar qoʻliga tushib qolishi mumkin.
Iqtisodiy inqiroz ildizlari
Pokistondagi iqtisodiy inqiroz uchun zamin ancha oldin yaratilgan. Bunga mamlakatning geografik joylashuvi ham sababchi. Chunki Pokiston ikki yirik sanoat davlat — Xitoy va Hindiston orasida joylashgan. Hindiston bilan munosabatlar juda tarang. Xitoy esa janubi-gʻarbiy qoʻshnisining iqtisodiy yuksalishidan manfaatdor emas, chunki u toʻgʻridan-toʻgʻri raqobatchi.
Pokiston, asosan, agrar va xomashyo ishlab chiqaradigan davlat. Eksportning asosiy sohalari — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va toʻqimachilik. Pokiston matolari dunyo boʻylab qadrlanadi. Lekin qishloq xoʻjaligi asosan gʻarb texnologiyalari hisobiga rivojlangan. Xususan, sugʻorish kanallarining katta qismi Britaniya mustamlaka davrida qurilgan. Chet ellik investorlar esa zavod qurishga unchalik qiziqish bildirmayapti. Chunki siyosiy jihatdan ancha barqaror qoʻshni Hindistonni afzal koʻrishadi.
Albatta, Pokistonda ayrim xorijiy korxonalar ham mavjud. Masalan Suzuki va Honda kabi avtozavodlar Pokistonda faoliyat yuritadi. Lekin ular asosan avtomashinalarni yigʻish bilan cheklanadi. Natijada Pokiston arzon qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va toʻqimalarni eksport qiladi, qolgan barcha narsalarni esa import qiladi.
Ajablanarlisi, hatto pokistonliklarning sevimli ichimligi boʻlmish choyning ham kattagina qismi import qilinadi, neft va gaz haqida aytmay qoʻya qolaylik!
Tashqi qarz oʻsib bormoqda
Tasavvur qiling, chorak milliard aholiga ega mamlakat uchun qancha neft kerak boʻladi?! Valyuta balansi — yaʼni mamlakat ishlab topgan va sarflagan valyuta farqi — manfiy boʻlib kelmoqda. Bu esa davlatni qarz olishga majbur qilgan va qarz esa yil sayin oʻsib boryapti.
1999 yilda general Musharraf hukmronligi davrida Pokistonning tashqi qarzi 3,06 trillion rupiyni tashkil etgan. 2018 yilda, Imron Xon davriga kelib esa, bu koʻrsatkich 62 trillion rupiydan oshib ketgan. Tashqi qarz har yili 14–15 foizga oshgan, YaIM esa atigi 3 foizga oʻsgan. Bu vaziyatni oʻzgartirish uchun hech qanday aniq qadamlar qoʻyilmagan.
Xitoy timsolidagi “qutqaruvchi”
Bu jarayonlar davomida Pokiston hukumatining yagona “muvaffaqiyati” — Xitoy bilan Xitoy–Pokiston iqtisodiy koridorini tashkil qilish boʻyicha bitim tuzilishi boʻldi. Xitoyga Pokiston kerak edi, chunki u orqali Yevropa bozoriga tovar yetkazib berish yoʻlini qisqartirish va Hind okeaniga chiqish imkoniyati paydo boʻlar edi. Shu maqsadda zamonaviy avtomagistrallar, temir yoʻllar, portlar va aeroportlar qurilishi kerak edi — va Xitoy bularning barchasini moliyalashtirishni zimmasiga oldi.
Bir qarashda, bu Pokiston iqtisodiyotini yuksaltirishga turtki boʻladi, deb oʻylash mumkin. Chunki xitoyliklar juda katta mablagʻ sarflashgan: Gvadar portiga 300 million dollar, Ist-Bey avtomagistraliga 179 million, Gvadar aeroportiga 230 million, Karakorum shossesining rekonstruksiyasiga 1,3 milliard, “Multan–Sukkur” yoʻliga esa deyarli 3 milliard dollar berishgan. Va bu hali ulkan kelishuvning faqatgina bir qismi. Umuman olganda, Xitoy Pokiston iqtisodiyotiga oʻnlab milliard dollar investitsiya kiritgan.
Ammo bu yerda bir necha “lekin”lar bor. Birinchidan, bu kabi hamkorlik Hindiston, Yevropa va Amerika uchun mutlaqo manfaatsiz. Chunki bu Xitoyning mintaqadagi taʼsirini kuchaytiradi. Ikkinchidan esa — Pokistondagi barqaror korrupsiya sababchi!
Begʻaraz boʻlmagan yordam
«Xitoylik bilan nimagadir kelishsang, biroz tin ol va u seni qayerda aldaganini oʻylab koʻr», degan naql bor. Pokistonliklarni esa yosh boladek aldashdi — oʻzaro kelishuvlar Pokiston uchun juda noqulay shartlarda tuzilgan edi. Eng asosiysi, mablagʻlarning kattagina qismi qarz sifatida berildi.
Garchi Xitoy Pokistonga yordam bergandek koʻringan boʻlsada, oʻz manfaatlariga mos keladigan transport tizimini qurdi. U shu orqali pul ishlab topadi va qurilishga sarflagan mablagʻlarini ham qaytarib oladi. Ammo bu hammasi emas.
Pokiston uchun bunday keng koʻlamli qurilish loyihasi katta foyda keltirishi mumkin edi. Oʻzingiz tasavvur qiling: qancha odam ishtirok etib, ish haqi olishi mumkin edi! Ammo qurilish ishlarini asosan xitoyliklar olib bordi va ish haqini ham oʻsha ular oldi. Bugungi kunda ham qurilgan inshootlarni xitoyliklar boshqaradi, faqat uchdan bir qismidagina pokistanliklar ishlamoqda, qolgan mutaxassislar — xitoyliklar. Va yana oʻsha xitoyliklar katta ish haqi olmoqda.
Buning ustiga, qurilgan obʼektlarning xavfsizligini ham Pokistonning oʻzi taʼminlayapti. Masalan, Panjobda ularni 8 ming politsiyachi va 12 ming harbiy qoʻriqlayapti. Buning barchasi — pokistonlik soliq toʻlovchilar hisobiga. Foydani esa xitoyliklar koʻryapti.
Lekin bu hammasi emas! Xitoy mahsulotlari narxi pokistonlik mahsulotlarga nisbatan ancha arzon. Yangi qurilgan savdo yoʻllari xitoyliklar uchun Pokiston bozoriga yoʻl ochib berdi va natijada koʻplab mahalliy ishlab chiqaruvchilar bankrot boʻldi.
Albatta, barcha pokistonliklar loyihadan foyda koʻrmadi deb aytsak, adolatliksizlik boʻlar edi. Mamlakat elitasi albatta, daromad oldi. Lekin bu daromad oʻz yurtini Xitoyga bogʻliq qarz domiga tushirish hisobiga edi.
Kutilmagan inqiroz - COVID-19
Shu paytda COVID-19 bilan bogʻliq inqiroz kelib chiqdi. Eksport keskin qisqardi, Xitoyda iqtisodiy muammolar boshlandi. Pokistonga sarmoyalar kamaydi, biroq import mahsulotlarini xarid qilish zaruriyati saqlanib qoldi. Aholiga maosh berish kerak edi. Lekin oʻgʻri elita talgani bois xazina boʻm boʻsh. Maoshlarni berish va boshqa ehtiyojlar uchun yana xoirjdan qarz olishga majbur boʻlishdi. Xitoy vaqtincha noqobil boʻlgani bois Xalqaro valyuta jamgʻarmasidan (XVJ) yana qarz olishga majbur boʻlishdi.
2019 yilda bosh vazir Imron Xon XVJ bilan kredit masalasida muzokaralar olib bordi. XVJ esa mamlakat oldiga qattiq iqtisodiy shartlar qoʻydi, jumladan, yoqilgʻi mahsulotlari narxini davlat tomonidan tartibga solishni bekor qilish talab etildi. Imron Xon ushbu shartlarni bajardi, natijada inflyatsiya jadallashdi. Ammo vaʼda qilingan pul berilmadi.
2022 yilda esa Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi. «Pokistonning bu urushga nima aloqasi bor?» deyishingiz mumkin. Lekin ushbu mojaro oqibatida neft narxi keskin oshib ketdi. Pokiston esa uni sotib olish uchun zarur mablagʻga ega emas edi.
2022 yil 19 may kuni Pokiston axborot vaziri Maryam Avrangzeb mamlakat rupiya kursi va davlat zaxiralarini barqarorlashtirish, shuningdek, inflyatsiyaga qarshi kurashish majburiyatini olganini maʼlum qildi. Shu kuniyoq mamlakatga hashamat mahsulotlarni import qilish taqiqlandi. Hukumat fikriga koʻra, bu valyuta zaxiralarini saqlab qolishi mumkin edi. Lekin bu taqiqlar, albatta, ish bermadi. Qanday qilib ish bersin? Axir mamlakat orqali har qanday tovarni olib kirish mumkin boʻlgan kuchli transport arteriyasi qurilganku!
XVJning foydasiz yordami
Inflyatsiya yanada avj oldi. Qayerga murojaat qilish kerak? Albatta, yana XVJga. Ular esa aynan shunday murojaatni kutayotgandek edi. Qoʻyilgan talablar yana bir xil: energiya narxlarini oshirish, soliqlarni koʻpaytirish, davlat byudjeti xarajatlarini qisqartirish. Bu talablar ham bajarildi. Natijada — korxonalar ommaviy ravishda yopila boshladi. Chunki ular uchun energiya hayotiy muhim omil edi.
2022 yilda Pokistonda 1600 dan ortiq korxona yopildi — buning ichida ham mahalliy, ham chet el kompaniyalari bor edi. Xususan, Suzuki va Honda zavodlari faoliyatini toʻxtatdi. Yaponiyalik tadbirkorlar uchun bu juda katta yoʻqotish boʻlmasligi mumkin, lekin mahalliy aholi uchun bu ulkan fojia! Oʻn minglab odamlar ishsiz qoldi. Hatto ahvol shu darajada yomonlashdiki, hukumat xalqdan kundalik choy isteʼmolini bir stakangacha kamaytirishni talab qildi.
Oxir-oqibat, XVJdan qarz olindi, ammo bu ham endilikda hech qanday yordam bermadi. Mamlakatning valyuta zaxiralari tarixiy eng past darajaga tushdi. Inflyatsiya oshib borardi. Masalan, 2022 yil mart oyida 1 dollar 188 rupiyga teng edi, dekabrga kelib esa 220 rupiygacha chiqdi.
2023 yil yanvar oyida valyuta bozoridagi sunʼiy narx cheklovi bekor qilindi va bir necha kun ichida rupiya 20 foizga qiymatini yoʻqotdi. 2023 yil boshidan buyon umumiy pasayish 33 foizni tashkil etdi.
Asosiy isteʼmol tovarlari narxi qishloq joylarda 50%, shaharlarda esa 47% ga oshdi. Oʻrtacha inflyatsiya darajasi — 38%. Bu esa ishsizlik oʻsib borayotgan, energetika narxi esa XVJ talabiga binoan 16 foizga koʻtarilgan sharoitda roʻy berdi.
Bugungi vaziyat
Moody’s agentligining baholashicha, hozirgi paytda Pokistonning reyting darajasi "tripl 7 minus" boʻlib, bu deyarli defolt holatini anglatadi. Shu sharoitda mamlakatda yana siyosiy notinchliklar yuzaga keldi — hokimiyat almashdi va yangi hukumat qiyin ahvolda 2019 yilda vaʼda qilingan 6 milliard dollarlik XVJ qarzini soʻrab harakat boshladi. Ammo pullar yoʻq va XVJ mamlakatdagi iqtisodiy holat hamda siyosiy beqarorlikni qabul qilmayotgani sababli, bu mablagʻlar ham boʻlmaydi.
Shu sababli hozirgi kunda Pokistonning asosiy kreditori — Xitoy hisoblanadi. Rasman, ular mamlakatni moliyalashtirayotgandek, amalda esa faqat "iqtisodiy koridor"ni. Chunki Xitoy uchun Pokistonda fuqarolik urushi chiqishi manfaatsiz — bu savdo logistikasini yoʻqqa chiqaradi. Lekin Xitoy bilan hazillashish yaxshi emas — Pokiston kredit qopqonida tobora chuqurroq botib bormoqda. Eng qimmatli inshootlar amalda allaqachon Xitoyga tegishli. Va Xitoy oʻz manfaatlarini himoya qilishni yaxshi biladi.
Bunga yana tabiiy ofatlarni ham qoʻshsangiz, ishonch bilan aytish mumkin: mamlakat halokat yoqasida turibdi. Va buning sababi — notoʻgʻri boshqaruv, korrupsiya va murakkab tashqi siyosiy oʻyinlaridir.
Ayrimlar XVJning inflyatsiyani kuchaytirib, hech qanday yordam bermasligi ortida Xitoyga muammo yaratish, Xitoy–Pokiston iqtisodiy koridorini zaiflashtirish maqsadi turgan boʻlishi mumkin, degan gumonni bildirmoqda. Chunki bu transport yoʻlagi hamma uchun ham manfaatli emas.
Voqealar qanday rivojlanishini yaqin orada bilib olamiz. Lekin rostini aytganda, Pokistonning kelajagi borasida umid juda kam. Ayniqsa, shu kunlarda asosiy homiy — Xitoyning oʻzi ham ogʻir iqtisodiy muammolarga duch kela boshlagan. Endi Xitoy hukumati 250 million aholiga ega, lekin unga kerak boʻlmagan qoʻshni mamlakatni moliyalashtirishga mablagʻi yetarmikin? Yoki, ehtimol, Xitoy Pokistonda aholini kamaytirishni istab qolar? Turli variantlar boʻlishi mumkin. Holatning qay tarzda yakun topishi esa yaqin orada maʼlum boʻladi.
Akatsiya mavzusiga qaytib
Maqola avvalida akatsiya va chumolilarning simbioz – oʻzaro manfaatli hamkorligi borasida hikoya qilingan edi. Gap shundaki, bu hamkorlikning chumolilar uchun yomon jihati ham bor: akatsiya ajratadigan va chumolilar isteʼmol qiladigan nektar tarkibida maxsus ferment ham boʻlib, u chumolilarning ovqat hazm qilishida oʻzgarish yasaydi – chumolilar boshqa fruktoza, glyukoza yoki saxarozani hazm qila olish qobiliyatidan mosuvo boʻladi. Yaʼni akatsiyani tark etib, boshqa oziqlarni isteʼmol qila olmaydi. U faqat akatsiyaning nektariga qaram boʻlib qoladi. Akar akatsiya qurisa, chumolilar ham halok boʻladi. Chunki boshqa ovqatni yeya olmay olgan boʻladi...
Xitoy berayotgan qarz va iqtisodiy yordamni ham ana akatsiya nektariga oʻxshatish mumkin – u davlatlarni oʻziga qaram qilib oladi. Har qanday qaramlikning oqibati esa falokatli tugaydi. Insoniyat qoidalari ham, tabiat qoidalari ham oʻxshash.
Abulfayz Sayidasqarov