platina.uz
Jamiyat

Prezident Andijon xalqaro aeroportidagi ishlar bilan tanishdi

Aeroport Boeing, Airbus rusumidagi yirik samolyotlarni ham, noqulay ob-havo sharoiti va tungi vaqtlarda ham qabul qilishi mumkin boʻladi. 

Prezident Andijon xalqaro aeroportidagi ishlar bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15 aprel kuni Andijon viloyatiga keldi.

Hududdagi oʻzgarishlar “havo darvozasi”danoq koʻzga tashlanadi. Mamlakatimizda transport tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar doirasida Andijon xalqaro aeroporti ham modernizasiya qilinmoqda.

Tashrif chogʻida davlatimiz rahbariga shu haqda axborot berildi.

Bu aeroport 1978 yilda qurilgan boʻlib, hozirgi talablarga mos kelmay qolgan edi. Uchish-qoʻnish yoʻlagining yuk koʻtarish qobiliyati pastligi, zamonaviy yoritish tizimining yoʻqligi sababli qatnovlarni qabul qilish imkoniyatlari cheklangandi.

Bugungi kunda rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi bitkazildi. Uzunligi 3 ming 300 metr, kengligi 60 metr boʻlgan yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi, yurish yoʻlagi va samolyotlar toʻxtash joyi qurildi. Drenaj tizimi yangilanib, yer osti suvi qochirildi. Shuningdek, bu yerda ikkinchi yurish yoʻlagi qurilishi davom ettirilib, IKAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

Natijada Boeing, Airbus rusumidagi yirik samolyotlarni ham, noqulay ob-havo sharoiti va tungi vaqtlarda ham qabul qilish mumkin boʻladi. Bu kunlik parvozlar sonini 10 barobargacha oshirish imkonini beradi.

Endi, ikkinchi bosqichda yoʻlovchi terminalini yangidan qurish koʻzda tutilgan. Bu orqali yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish quvvati soatiga avvalgi 300 tadan 1000 taga, parvozlar soni yiliga 584 tadan 3 ming 700 taga ortadi. Bu Andijon shahri va Fargʻona vodiysiga qatnovlar sonini koʻpaytirishga xizmat qiladi.

Faoliyatini qayta boshlagan mazkur aeroportda hozirda Toshkent – Andijon – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha parvozlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yerda samarali boshqaruvni yoʻlga qoʻyish, xizmatlarni arzon qilib, mahalliy va xalqaro parvozlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Umuman, mamlakatimizda aeroportlarni modernizatsiya qilish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yillarda Samarqand, Termiz, Urganch, Shahrisabz, Moʻynoq, Qoʻqon va Zomin aeroportlari yangilandi. Yana bir qator viloyatlarda modernizatsiya jarayonlari davom etmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid