Diddy mojarosi: ayblanuvchi sud qarshisida javob berdi
Soʻnggi davrning eng shov-shovuli voqealari markazida boʻlgan repper Shon Kombs federal sudda ayblarni boʻyniga olmadi.

"P Diddy" nomi bilan mashhur boʻlgan yulduz va xonanda Shon Kombs kengaytirilgan jinsiy ekspluatatsiya ayblovlariga nisbatan aybsizligini bildirdi.
Mashhur amerikalik repper va prodyuser Shon "Diddy" Kombs dushanba kuni unga nisbatan qoʻyilgan yangi federal ayblovlarga, jumladan reket va jinsiy ekspluatatsiya bilan bogʻliq jinoyatlarda aybsiz ekanini maʼlum qildi.
55 yoshli Kombs Manxettendagi federal sudda sudya Arun Subramanian huzurida ayblovlarga javob berdi. U ilgari ham uchta band boʻyicha aybsizligini bildirgan edi.
Kombsning advokatlari ayblovlarni inkor etdi va u hech qanday jinoyat sodir etmaganini taʼkidladi.
Sud jarayoni 5 may kuni hakamlar hayʼatini tanlash bilan boshlanadi. 12 maydan esa ochilish bayonotlari kutilmoqda.
Prokurorlarning maʼlum qilishicha, Kombs 2004 yildan 2024 yilgacha oʻzining biznes imperiyasi orqali ayollarni jinsiy ekspluatatsiya qilgan. Ular orasida baʼzan erkaklar ham boʻlgan.
Kombs 2024 yil sentabridan beri Bruklindagi qamoqxonada saqlanmoqda. Unga nisbatan bir nechta ayol va erkaklar tomonidan jinsiy zoʻravonlik boʻyicha fuqarolik daʼvolari qoʻzgʻatilgan.
Himoyachilari Kombsni barcha ayblovlardan oqlamoqda va u hech qanday jinoyat sodir etmaganini taʼkidlashmoqda.
Uning advokatlaridan biri Mark Agnifiloning aytishicha, Kombs hech kimni u bilan jinsiy aloqada boʻlishga majburlamagan.
Diddy koʻplab repperlarning yulduzga aylanishiga yordam bergan. Ular orasida Mary G Blige va Faith Evans kabi 1990 yillarning mashhur sanʼatkorlari ham bor.
Ammo prokurorlarning fikricha, Kombs oʻz muvaffaqiyati ortida koʻplab “qora ishlar”ini yashirib kelgan. Masalan, 2016 yil mart oyida u bir ayolni tepib, sudrab ketayotgani va unga qarab guldon uloqtirgani aks etgan video topilgan.
Oʻtgan yili CNN nashri Kombs oʻzining sobiq sevgilisi, Kassi nomi bilan tanilgan xonanda Kasandra Venturani urgani va sudragani aks etgan videoni eʼlon qilgan edi. Shundan soʻng Kombs afsusda ekanini bildirib, kechirim soʻragan. Advokat Agnifilo esa bu ularning shaxsiy turmush munosabatlari boʻlganini taʼkidlagan.