Xitoy rahbari AQSh bojlari sabab uchta davlatga boradi
Tashriflarning asosiy maqsadi – AQSh bilan munosabatlar keskinlashgan bir paytda mintaqaviy davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishdir.

XXR raisi Si Szinpin AQSh boj tariflariga javoban janubi-sharqiy Osiyo davlatlariga tashrif buyuradi.
Xitoy rahbari Si Szinpin AQSh tomonidan joriy etilgan boj tariflariga javoban Vetnam, Malayziya va Kambodjaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.
Si 14 apreldan 15 aprelgacha Vetnamda, 15 apreldan 18 aprelgacha esa Malayziya va Kambodjada boʻladi.
U oxirgi bor Malayziyaga toʻqqiz yil, Kambodjaga esa oʻn ikki yil avval tashrif buyurgan. Tashriflarning asosiy maqsadi – AQSh bilan munosabatlar keskinlashgan bir paytda, mintaqaviy davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishdir.
Bir necha haftadan beri rejalashtirilgan ushbu tashrif AQShning Xitoyga nisbatan qoʻllagan 145 foizlik boj tarifidan soʻng amalga oshirilmoqda.
Vetnam ham iyul oyigacha AQSh tomonidan joriy etilgan 46 foizlik bojni kamaytirish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanmasa, Vetnam AQShga eksport qilinadigan mahsulotlarga 46 foiz boj toʻlashiga toʻgʻri keladi.
Si Szinpinning Hanoyga soʻnggi tashrifi bir yarim yil oldin boʻlib oʻtgan edi. Bu safargi tashrif davomida qoʻshni davlat bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlash maqsad qilingan.
AQSh boj tariflarini eʼlon qilganidan keyin, koʻplab xitoylik investorlar bojlardan qochish uchun investitsiyalarni Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlariga yoʻnaltira boshladi.
Vetnam Bosh vaziri oʻrinbosari Bui Tan Sonning soʻzlariga koʻra, tashrif chogʻida ikki davlat oʻrtasida 40 ga yaqin soha boʻyicha shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan. Xususan, temiryoʻl qurilishi, agrar savdo, raqamli va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishiladi.
Vetnam Xitoyning kreditlari evaziga ikki davlat oʻrtasida yangi temiryoʻl aloqalarini barpo etishni rejalashtirmoqda. Bu tashabbus ikki davlat oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlashga hamda savdo aloqalarini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Xitoy esa Vetnamdan COMAC samolyotlarini xarid qilish boʻyicha qaror kutmoqda. Ushbu samolyotlarga xorijdan xaridor topish Xitoy uchun qiyin boʻlmoqda.
Soʻnggi oylarda Vetnam Xitoydan kirib kelayotgan arzon mahsulotlarga nisbatan avvalgi imtiyozlarni bekor qildi. Rasmiylar bu choralar arzon Xitoy mahsulotlarining oqimini kamaytirish maqsadida koʻrilganini taʼkidlamoqda.
Si Szinpin tashrif buyuradigan yana ikki davlat – Malayziya va Kambodja ham AQSh tomonidan joriy etilgan boj tariflari yuzasidan Vashington bilan muzokaralarni boshlab yuborgan. Maʼlumotlarga koʻra, AQSh Malayziyaga nisbatan 49 foiz, Kambodjaga esa 24 foizlik boj tarifini belgilagan.