platina.uz
Jamiyat

Toshkentning Yashnobod tumanida okeanarium quriladi

Uning yonida savdo-mehmonxona majmuasi ham qurilib, ularda jami 1 ming 600 ta ish oʻrni ochiladi.

Toshkentning Yashnobod tumanida okeanarium quriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni turizm va bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Shu yil 9 aprelda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari yurtimizning boy tarixi va madaniyati, ajoyib tabiatidan foydalanib, sayyohlarni hozirgidan 2-3 karra koʻpaytirish mumkinligini taʼkidlagan edi.

Shunday xushmanzara joylardan biri – Boʻstonliqdagi “Chorvoq darvozasi” majmuasi. Prezident oʻtgan yili dekabrda uning qurilishini borib koʻrgan edi, yaqinda loyihaning birinchi bosqichi ochildi. Majmuada 16 ta koʻp qavatli uy, 3 ta mehmonxona, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, avtoturargoh boʻladi. Binolar tepasiga quyosh panellari oʻrnatiladi.

Taqdimotda majmuaning keyingi bosqichlarini qurish, sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish borasidagi ishlar haqida axborot berildi. Uni arzon va ekologik toza energiya bilan taʼminlash uchun Chirchiq daryosida kichik gidro elektr stansiya barpo etish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Yana bir loyiha Toshkent shahrining Yashnobod tumanida okeanarium qurishga qaratilgan. Chirchiq daryosi boʻyida 20 gektarda moʻljallangan ushbu okeanarium sayyohlarni jalb etadigan yana bir maskan boʻladi. Yonida savdo-mehmonxona majmuasi ham qurilib, ularda jami 1 ming 600 ta ish oʻrni ochiladi.

Shuningdek, Yakkasaroy tumanida turar-joy va ishbilarmonlik maskani barpo etish moʻljallangan. Unda koʻp qavatli uylar, bogʻcha va maktablar, sport va sogʻlomlashtirish maskanlari, mehmonxona va savdo ofislari boʻlishi koʻzda tutilgan.

Prezident loyihalarning huquqiy, moliyaviy jihatlari hamda infratuzilma masalalarini har tomonlama oʻylab, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi. Mutasaddilarga sifat va muddatni aniq belgilab, bajarilishini nazorat qilish topshirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid