Shahram Gʻiyosov raqibini nokaut qildi
U gʻalabasini marhum qiziga bagʻishladi.

Oʻzbekistonlik professional bokschi Shahram Gʻiyosov (17-0, 10 KO) yarim oʻrta vazn toifasida (66,7 kg gacha) WBA kamari uchun majburiy daʼvogar maqomini muvaffaqiyatli himoya qildi va argentinalik Franko Maksimiliano Okamponi (17-3, 8 KO) muddatidan oldin magʻlub etdi.
Birinchi raund tugashiga bir necha soniya qolganida Gʻiyosov chap tomondan zarba berib, Okamponi nokdaunga uchratdi. Ammo 4-raundda oʻng qoʻlda gavdaga berilgan aniq zarba Okampponi jangni davom ettira olmaydigan holga olib keldi. Shu tariqa Shahram nokaut bilan gʻalaba qozondi.
Gʻiyosov majburiy daʼvogar maqomini saqlab qoldi va Jaron Ennis (33-0, 29 KO) – Eymantas Stanyonis (15-0, 9 KO) oʻrtasidagi kechaning markaziy jangi gʻolibi bilan toʻqnash kelishi mumkin.
Shahram Gʻiyosov ushbu jangni bir oy oldin kam uchraydigan miya kasalligidan vafot etgan ikki yoshli qiziga bagʻishlaganini aytgandi.
"Bu jang – qizim uchun. Bu gʻalaba uning uchun. Keyingi jang… Qizimga vaʼda beraman – jahon chempioni boʻlaman. U menga ishonardi. Men shunday qildim. Men buni bilaman. Menga imkoniyat bering va men buni qilaman".