Google effekti yoki raqamli amneziya: unga qarshi qanday kurashish kerak?
Internetga qaram odamlardan aqlli emas, kuchli, ogʻir mehnatga chidamli, sabr-bardoshli, qoʻshiq va raqsga qobiliyati bor, xoʻjayinlarining koʻnglini, nafsini va xirsini qondira oladigan qulvachchalar tugʻiladi.

Hozirgi zamonaviy dunyoni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilish qiyin. Turli smartfonlar, ilovalar, neyrotarmoqlar va internetga qaramlik ortib bormoqda. Biroq, bu qulayliklar bilan birga, bir qator muammolar ham yuzaga chiqa boshladi. Shulardan biri – raqamli amneziya, yaʼni texnologik parishonxotirlik hisoblanadi.
Xoʻsh, raqamli amneziya nima degani? Ular qanday yuzaga keladi va ularga qarshi qanday kurashish kerak?
Raqamli amneziya qanday yuzaga keladi?
Raqamli amneziya – bu yangicha fenomen. Baʼzida “Google effekti” deb ham ataladi. Ikkalasi koʻpincha sinonim sifatida qoʻllaniladi, ammo ular orasida farq mavjud.
Raqamli amneziya – bu shunchaki raqamli qurilmalarda saqlanayotgan maʼlumotni (eslatmalar, telefon raqamlari, xaritalar va yoʻnalishlar, ish roʻyxatlari va hokazo) yodda saqlashdagi muammodir.
Google effekti esa har qanday maʼlumotni internetdan bir zumda topish mumkinligini anglagan holda, umuman yodda saqlashga hojat yoʻq, degan tushunchaga asoslanadi.
“Raqamli amneziya” atamasi 2015 yilda ilm-fanga kiritilgan va u insonlarning smartfon yoki boshqa raqamli qurilmalarda saqlayotgan maʼlumotlarni unutish holatini ifoda qilish uchun ishlatilgan.
Hozirga kelib, bu muammo faqat Google bilan bogʻliq boʻlmay qoldi. Endi ChatGPT kabi neyrotarmoqlar (sunʼiy intellekt), tarmoqda oʻynaladigan PUBG kabi videooʻyinlar va boshqa vaqt kushandalarining turi ham koʻpayib ketgan.
Raqamli amneziyaning asosiy sabablari:
1. Raqamlashuv – internet va qidiruv tizimlari, smartfonlar va noutbuklar har bir xonadonda bor. Bolalar bolalikdanoq gadjetlardan foydalanishadi va ularsiz hayotlarini tasavvur qila olmaydilar. Ammo katta yoshdagilar ham smartfonlarga bogʻlanib qolishgan, chunki ular koʻproq maʼlumot yodda saqlashi va koʻp vazifalarni bajarishi kerak boʻladi.
2. Gadjetlarga qaramlik – hozir barcha muhim va unchalik muhim boʻlmagan maʼlumotlarni raqamlashtirishga urinamiz: taqvimdagi uchrashuvlar, ish chatlaridagi muloqotlar, vazifalar roʻyxati, suratlar va skrinshotlar... Ilovaning cheksiz xabarnomalari diqqatni jamlashga xalal beradi, ijtimoiy tarmoqlar esa shunday tuzilganki, soatlab ularda qolib ketish mumkin. (Aytgancha, Facebook ijtimoiy tarmogʻini takomillashtirishda psixologlar bilan maslahatlashilgan. Ular odamning ruhiyatidan kelib chiqib, oʻta qulay va eʼtiborni tinimsiz va kuchli torta oladigan ranglar, shakl va tizimni yaratishga yordam berishgan.) Baʼzan telefonni faqatgina hamkasbga yozish uchun olamiz, lekin ikki soat davomida yangiliklar tasmasini oʻqib qolganimizni his qilamiz.
3. Xavotir va stress – tashvishli insonlar koʻp hollarda shoshilishadi va muhim narsani unutib qoʻyishdan qoʻrqishadi. Ular oʻz xotiralaridan koʻra internetga va smartfonga koʻproq ishonishadi. Stressning oʻzi ham xotiraga salbiy taʼsir koʻrsatadi – maʼlumotni xotirada saqlash qiyinlashadi. Natijada odam telefonsiz yura olmaydigan boʻlib qoladi. Hatto hojatxonaga telefonini olib kiradi.
Raqamli amneziya qanchalik xavfli?
Smartfonlarga haddan ziyod nosogʻlom tarzda qaram boʻlib qolgan insonlarda “telefon – bu xotiram” degan ishonchni shakllantiradi. Unga maʼlumotni ishonch bilan topshirishadi va u yodda saqlash qobiliyatining oʻrnini bosadi, deb oʻylashadi. Uni miyasining bir qismi deb qarashadi.
2015 yili “Laboratoriya Kasperskogo” kompaniyasi Opinion Matters agentligiga raqamli amneziya fenomeni boʻyicha tadqiqot oʻtkazishni buyurtma qilgan. Tadqiqot doirasida 16 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan 6 000 kishi orasida ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazilgan. Natijalar quyidagicha boʻlgan:
Respondentlarning uchdan biri (32%) smartfonni oʻz miyasining davomi deb hisoblaydi. Smartfonda ular uchun muhim barcha maʼlumotlar saqlangan – demak, u xotira vazifasini bajaradi.
Soʻralganlarning toʻrtdan uch qismi esa (79%) besh yil oldinga nisbatan hozir raqamli qurilmalarga maʼlumotni topishda koʻproq tayanadi.
Respondentlarning yarmi (53%) smartfonda eslatish funksiyasidan foydalanadi, uchdan bir qismi (30%) esa oʻzlariga elektron xatlar, SMS yoki taqvimda yozuvlar yuborishadi.
Faqat 21% insongina maʼlumotni yodda saqlashda faqatgina xotirasiga suyanadi.
Ishtirokchilarning 64 foizi uchun smartfon orqali “maʼlumotni eslab qolish” ularga boshqa muhimroq ishlarga diqqat qaratish imkonini beradi.
43% odam maʼlumotni olgan zahoti oʻqib chiqadi va keyinchalik unga qaytib, shundagina ish koʻrishga oʻtadi.
Har beshinchi inson (18%) qurilmasidagi maʼlumotlarni umuman oʻchirmaydi.
35 yoshdan kichik respondentlarning qariyb yarmi (49%) qurilmalarga boʻlgan qaramliklari haqida xavotirda yurishadi. 35 yoshdan katta odamlar orasida esa bu xavotir darajasi 35 foizni tashkil qiladi, ular asosan texnologiyalar rivojining kelajagidan qoʻrqishadi.
2022 yilda raqamli amneziya va yoshlar orasidagi somatik tibbiy alomatlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganish boʻyicha tadqiqot oʻtkazildi. Unda 18 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan 326 nafar yoshlar ishtirok etgan.
Tadqiqot natijasida olimlar raqamli amneziya eʼtiborsizlik va diqqatni jamlashdagi qiyinchiliklar, asabiylik, tajovuzkorlik, kognitiv va aqliy rivojlanishda toʻsqinliklar, uyqu buzilishi, tushkunlik, xavotir kabi muammolarga olib kelishi mumkinligini aniqladilar:
Katta yoshdagilarning raqamli amneziyaga chalinishi esa demensiya: xotira va oʻrganish qobiliyatining yomonlashishi, aqlning pasayishi xavfini paydo qiladi.
Yaʼniki, smartfonlarga qaramlik insonning fikr yuritish, eslab qolish, his-tuygʻularni boshqarish va dam olish qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Ijobiy jihatlar
Shu bilan birga, raqamli tafakkurning ayrim ijobiy tomonlari ham bor. Ilgarigi kabi maktab va universitetlarda sanalar, faktlar, ismlar, formulalarni yodlash talab etilmasdan, hozirgi kunda maʼlumotni topa olish va uni tahlil qilish – yaʼni mustaqil fikr yuritish koʻnikmalari muhimroq hisoblanadi. Bu esa tanqidiy tafakkurning rivojlanishiga yordam beradi.
Doktor Sparrouning 2011 yildagi “Google’ning xotiraga taʼsiri: maʼlumot qoʻl ostida boʻlganidagi kognitiv oqibatlar” mavzusidagi tadqiqotiga koʻra, qidiruv tizimlari davridagi taʼlim usullari oʻzgarishi kerak.
Jumladan, Nyu-York shahridagi Kolumbiya universiteti tomonidan nashr etilgan bir maqolada shunday deyiladi:
“Taʼlim bilan shugʻullanuvchi har qanday shaxs – universitet professori, shifokor yoki biznes yetakchi boʻladimi – endi bilimlarni yod olishga emas, balki gʻoyalar va fikrlash usullarini chuqurroq tushunishga eʼtibor qaratar. Va, ehtimol, oʻquvchilar faktlarga emas, balki kengroq anglash masalalariga koʻproq qiziqish bildirishar.”
Raqamli amneziyaga qarshi kurashning 5 usuli
Albatta, zamonaviy dunyoda gadjetlar va internetdan toʻliq voz kechish mumkin emas. Ayniqsa, agar ishingiz digital sohasi bilan bogʻliq boʻlsa. Lekin raqamli hayot bilan real hayot oʻrtasidagi sogʻlom muvozanatni saqlash uchun quyidagi yoʻllar foydali boʻlishi mumkin:
1. Taym-menejment usullari. Misol uchun, “pomidor” texnikasiga muvofiq ravishda muntazam raqamli tanaffuslar qiling. Bu nafaqat dam olishga, balki uyqu sifatini yaxshilashga ham yordam beradi.
2. Qogʻozga yozib qoʻyish odatini tiklang. Iltimoslar, yodnoma va rejalarni telefonda emas, qogʻozga yozing. Bu maʼlumotni yaxshiroq eslab qolishga yordam beradi.
3. Tanqidiy yondashuv va tanqidiy tafakkurni rivojlantiring. Savol tugʻilgani zahoti Google’dan qidirish oʻrniga, uni mustaqil hal qilishga urining. Bu borada “5 ta “nima uchun” savoli?” va “12 savol” kabi tanqidiy tafakkur texnikalarini qoʻllash mumkin.
4. Xotira va aqlni mashq qildiring. Masalan, boshqotirmalar va krossvordlar yeching, intellektual viktorinalarda ishtirok eting, koʻrilgan film yoki oʻqilgan kitob haqida retsenziya yozing, kalkulyatorsiz hisob-kitob qiling, pazl toʻplang va hokazo.
Bir narsani bilingki, yangi mashgʻulotlar yangi neyron aloqalarni hosil qiladi. Masalan, ishdan qaytgan zahoti ijtimoiy tarmoqlarga “yopishib qolish” oʻrniga biror jismoniy yoki aqliy mehnat bilan shugʻullanish mumkin.
5. Jamiyatda faol boʻling. Yaqinlaringiz va doʻstlaringiz bilan shaxsan, yuzma-yuz koʻrishing, korporativ uchrashuvlarda, maʼruzalar va anjumanlarda ishtirok eting, volontyorlik qiling. Zero, butun boʻsh vaqtimizni internet va gadjetlarda sarflasak, hayot oxirida rostanam muhim boʻlgan narsalarga yetarli vaqt ajratmaganimizdan afsuslanib qolishimiz mumkin.
6. Har kuni onlayn dunyodan uzilishni odat qiling. Har kuni kamida bir necha soatga digital-detox (raqamli parhez) qiling. Buni dam olish kunlarida ham amalga oshirish foydalidir.
Ijtimoiy tarmoqlarga “shoʻngʻib ketish” oʻrniga jismoniy faollik, sayrlar, kitob oʻqish, toʻliq va sogʻlom uyqu bilan shugʻullaning. Buni osonlashtirish uchun keraksiz ilovalar, qiziqarsiz obunalar, beqaror chatlardan voz kechish va tez-tez ishlatiladigan xizmatlarga chegara oʻrnatish tavsiya etiladi.
Antiutopik dunyo va degradatsiya yaqin!
Shu paytgacha Google effekti yoki raqamli amneziya odamlarning xotirasini ishsiz qoldirib, parishonxotir qilib qoʻygan boʻlsa, endilikda ChatGPT yoki Deepseek kabi sunʼiy intellekt dasturlari oʻylash va tafakkur qilishning ham oʻrnini bosyapti goʻyoki. Avval maʼlumotni qidirishga eringan odamlar, endi maʼlumotni topish, saralash, tanqidiy yondashish, tahlil qilish, mantiqiy bogʻliqlik va qonuniyatlarni topish va xulosalar chiqarishga ham dangasalik qilmoqda. Yaʼni odam miyasining batamom raqamli texnologiyalarga qaram boʻlib qolish xavfi kuchaymoqda, tafakkur qilishga va ongli boʻlishga ehtiyoj kamayib ketmoqda.
Bu ketishda faqat dasturchilar va aqlli insonlar, oʻzini raqamli amneziyadan saqlay oladigan, parhezga va mehnatga irodasi yeta oladigan insonlar “choʻkmay” qoladi.
Boshqalar esa xuddi hayvonga aylanadi. Ular qanday qilib 10 tonna osh pishirib rekord oʻrnatish, qanday qilib mechkay kabi koʻproq ovqat yeyish, qanday qilib arzonroq “dacha”ga borish usullari haqida bahslashish, oʻyin-kulgi, kuy-qoʻshiq hamda yaltir-yultir, temir-tersak, latta-puttalar yigʻish va ular bilan maqtanish, kim kattaroq toʻy qilishda poyga oʻynash, boylar, otarchilar, sportchilar va rahbarlarga havas qilib, maddohlik qilish, ularning oyogʻini oʻpish va sigʻinishda musobaqalashish, sport oʻyinlarida kim balandroq boʻkirishda bellashish va buni “vatanparvarlik” deb atash, zolim xoʻjayini oʻlib qolsa, hoʻngrab yigʻlash va hokazolar bilan oʻralashib qolishadi. Ularni kim boshqaryapti, qanday boshqaryapti, hayotda yashashdan maqsad nima, ular yashayotgan davlatning yerusti va yerosti boyliklarini nima qilishyapti – hech kimning ishi boʻlmaydi. Xuddi oxuriga yem solingan qoʻy ovqat yeyish bilan ovora boʻlib, tepaga, dunyoda nima ishlar boʻlayotganiga qarashga vaqti va ehtiyoji boʻlmaganidek.
Keyin esa raqamli qullik davri boshlanadi. Kimda iroda, aql va bilim boʻlsa – xoʻjayinga aylanadi. Oʻyin-kulgi, ovqat va fahsh bilan oʻralashib qolgan odamlar ularning quliga aylanadi. Aqlli, toʻgʻrirogʻi, puxta va makkor odamlar – “elita” esa bu “raqamli qullar”ga qilgan ishining yarmiga arang yetadigan ovqat beradi, eshakdek ishlatadi, qoʻraga (koʻp qavatli uylarga) qamab qoʻyib, biroz dam oldiradi. Ularga bilim berish sifatini emas, davomati, tartib-intizom va kiyinishi, fikr va gaplari nazorat qilinadi. Fikrlashga vaqti boʻlmasligi uchun turli ahmoqona majlis, tadbirbozlik va oʻyin-kulgi bilan chalgʻitib qoʻyiladi.
Hurfikr – xoʻjayinlar chizgan chegaradan chiqib oʻylaydigan odamlar, erksevar va tafakkur egalari namoyishkorona yoʻq qilinadi (boshqalar qoʻrqib qolishi uchun). Ilmiy-tadqiqot institutlari, bilim dargohlari, laboratoriyalar oʻrniga konsert zallari, restoran va tungi klublar hamda stadionlar qurishga koʻproq eʼtibor beriladi. Elita OAV va Internet orqali “raqamli qullar”ning ongi va orzularini boshqaradi, aytganini qildiradi, istagan koʻyiga soladi.
Ehtimol, aqlli xoʻjayinlar, xuddi XVIII asrdagi Amerika quldorlari kabi, bu “qorin bandalari” boʻlmish raqamli qullarni seleksiya ham qilishadi. Yaʼni, baquvvat qullarni baquvvat ayollar bilan chatishtirishadi, baquvvat qulbachchalar tugʻilishini taʼminlashadi. Yaʼni kimning kimga uylanishi va nechchi yoshda uylanishini ham nazorat qilishadi. Aqlli emas, kuchli, ogʻir mehnatga chidamli, sabr-bardoshli, qoʻshiq va raqsga qobiliyati bor, afti-angori chiroyli qulbachchalar, xullas, xoʻjayinlarining koʻnglini, nafsini va xirsini qondira oladigan, oʻyin-kulgi va sportga moyil qulvachchalar tugʻilishidan manfaatdor boʻlishadi. Qoʻshiq tanlovlari va sport musobaqalarini keng targʻib qilishadi. Chunki aqlli va bilimli bolalar faqat “xoʻjayinlar elita”sidan chiqishini istashadi.
Albatta, kuchli va sogʻlom boʻlish nafaqat ilm-fan, balki din talabi ham. Ammo bu aql va tafakkurni chetga surib qoʻyish evaziga boʻlmasligi kerak.
Yaqin-yaqingacha AQShda shunday edi: qora tanli odamlarga “sen faqat qiziqchilik va masxarabozlik qilishga, qoʻshiq aytib, raqs tushishga, boks, futbol yoki voleybol oʻynab, “oq tanli” xoʻjayinlarning koʻnglini ovlashga qobiliyating bor xolos. Agar bular qoʻlingdan kelmasa, ana, borib qora mehnat qil. Shulardan birini tanla”, deyishgan...
Xullas, har doim aqlli odamlar – kuchli odamlarni, kitob oʻqiganlar televizor koʻradiganlarni, tafakkur egalari esa yallachi va otarchilarni boshqarib-ishlatib kelgan. Odam eshakdek chidamli va hoʻkizdek baquvvat boʻlishi mumkin, ammo aqlli va bilimli odamning qoʻlida tansoqchi boʻlib ishlashdan yoki mardikorlik qilishdan boshqasiga yaramasligi mumkin. “Bilagi zoʻr birni, bilim zoʻr mingni yiqadi”, degan xalqimiz naqadar haq!
Abulfayz Sayidasqarov