Andijonda fuqaro 52 radarga miltiq bilan shikast yetkazdi
Ish boʻyicha oʻtkazilgan ekspertiza xulosasiga koʻra, jami 1 mlrd 147 mln soʻm moddiy zarar hisoblangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda "Andijon shahrida 52 ta radar kamerani tosh bilan urib sindiribdi" nomi xabar tarqaldi. Viloyat IIB holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, 1976 yilda tugʻilgan M.S. Andijon shahri hududidagi 29 ta chorrahaga oʻrnatilgan “TELECOM SOFT” MChJga tegishli boʻlgan 51 dona “Hikvision” rusumli yoʻl harakati qoidalari buzilganligini aniqlaydigan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd qilish dasturiy-texnik vositalari va 1 dona “Hikvision” rusumli radar kompleksiga, oʻziga tegishli boʻlgan “SRKET” rusumli pnevmatik miltiqdan oʻq otish orqali qasddan shikast yetkazgan.
Ish boʻyicha oʻtkazilgan sud-tovarshunoslik ekspertizasining xulosasiga koʻra, jami 1 mlrd 147 mln soʻm moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahri boʻyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan fuqaro M.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.