Milliarderlar xaritasi: Qaysi shaharlar eng boy insonlarni jamlagan?
Dunyo boʻylab 3 028 nafar milliarder mavjud boʻlib, ular sayyoramizning 800 ta shahrida istiqomat qiladi.

Forbes nashri dunyoning qaysi shaharlarida eng koʻp milliarderlar borligini maʼlum qildi.
Dunyo boʻylab 3 028 nafar milliarder mavjud boʻlib, ular sayyoramizning 800 ta shahrida istiqomat qiladi.
Ularning qariyb choragi, jami 3,3 trillion dollarga teng boylikka ega boʻlgan shaxslar, dunyoning asosiy yashash joyi sifatida atigi oltita davlatdagi oʻnta shaharda istiqomat qiladi.
Quyida dunyoning eng koʻp milliarderlariga ega boʻlgan 10 ta shahar haqida maʼlumot beramiz.
10. Los-Anjeles
Ushbu shaharda umumiy hisobda 56 ta milliarder (oʻtgan yilga nisbatan 3 taga koʻp) 243 milliard dollar miqdoridagi boylikka ega. Ular orasida mashhur shaxslar — xonanda Rianna (1,4 milliard dollar), basketbolchi Lebron Jeyms (1,3 milliard dollar) va aktyor Arnold Shvarsenegger (1,1 milliard dollar) bor. Ularning eng boyi — Piter Til boʻlib, u 16,3 milliard dollarga egalik qiladi.
8. San-Fransisko
Kaliforniya shtatining San-Fransisko shahrida 58 ta milliarder (oʻtgan yilga qaraganda 8 taga koʻp) istiqomat qiladi. Ular umumiy 217 milliard dollar boylikka ega. Ular orasida sunʼiy intellekt sohasidagi «Antropic» kompaniyasi egalari — aka-singil Dario va Daniyela Amodey bor.
Shuningdek, eng boyi — Dastin Moskovits boʻlib, uning boyligi 17 milliard dollarni tashkil etadi.
8. (durang) Shanxay
Xitoyning Shanxay shahrida 58 ta milliarder 198 milliard dollar boylikka egalik qiladi. Ulardan eng mashhuri va boyi — PDD Holdings kompaniyasi asoschisi Kolin Xuang boʻlib, u 42,3 milliard dollarga ega.
7. Singapur
Singapurda 60 ta milliarder (oʻtgan yilga nisbatan 8 taga koʻp) yashaydi. Ularning umumiy boyligi 259 milliard dollarni tashkil etadi. Ulardan eng boyi — Chjan Yimin, «TikTok» asoschisi, boʻlib, u 65,5 milliard dollarga ega. Chjan Yimin Xitoy fuqarosi boʻlishiga qaramay, hozirda Singapurda istiqomat qiladi.
6. Mumbay
Hindistonning Mumbay shahri oʻtgan yilga nisbatan ikki pogʻona pastlab, oltinchi oʻringa tushib qoldi. Sababi — ikki nafar milliarder shahardan chiqib, London va Pekinga koʻchib ketgan.
Hozirda Mumbayda 67 ta milliarder yashaydi, ularning umumiy boyligi 349 milliard dollarni tashkil etadi. Eng badavlati — Mukesh Ambani, Osiyodagi eng boy shaxs, u 92,5 milliard dollarga egalik qiladi.
5. Pekin
Pekin oʻzining oʻtgan yilgi pozitsiyasini saqlab qolgan. Bu yerda 68 nafar (5 taga koʻp) milliarder yashaydi. Ularning umumiy boyligi 273 milliard dollarga teng. Eng boyi — Xiaomi kompaniyasi asoschisi Ley Jun boʻlib, u 43,5 milliard dollarga ega.
4. London
London oʻtgan yilga nisbatan ikki pogʻona yuqorilab, toʻrtinchi oʻringa koʻtarilgan. Shaharda 71 ta milliarder (oʻtgan yilga qaraganda 9 taga koʻp) yashaydi. Ularning umumiy boyligi 355 milliard dollarni tashkil etadi. Ulardan eng boyi — Len Blavatnik, u 29,9 milliard dollar boylikka ega.
3. Gonkong
Gonkongda 72 ta milliarder (oʻtgan yildan 2 taga kamroq) istiqomat qiladi. Ularning umumiy boyligi 309 milliard dollarni tashkil etadi. Eng boyi — Li Ka-shing, 38,9 milliard dollarga ega. Undan boshqa mashhur kripto tadbirkor Jastin Sun (8,5 milliar dollar) va Yang Quimey (1,6 milliard dollar) ham katta boyliklarga egalik qiladi.
2. Moskva
Moskva 90 ta milliarder (oʻtgan yilga qaraganda 16 taga koʻp) bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Ularning umumiy boyligi 409 milliard dollarga teng. Bu oʻtgan yilga qaraganda 31 milliard dollar koʻp hiosblanadi. Eng boyi — neft magnati Vagit Alekperov boʻlib, u 28,7 milliard dollarga egalik qiladi.
1. Nyu-York
Nyu-York shahri 123 nafar milliarderga (oʻtgan yilga qaraganda 13 taga koʻp) uy hisoblanadi. Ular umumiy 759 milliard dollar boylikka ega. Eng boyi — Maykl Blumberg boʻlib, uning boyligi 105 milliard dollarga teng. Soʻnggi oʻn ikki yil ichida Nyu-York oʻn bir marta dunyodagi eng koʻp milliarderlar yashaydigan shahar boʻlib kelmoqda (faqat 2021 yilda Pekin birinchi oʻrinda boʻlgan).
Shaharda yashovchi milliarderlarning 68 nafari moliya va investitsiya sohasida, 13 nafari koʻchmas mulk, 12 nafari esa moda va savdo sohalarida faoliyat yuritadi.