Koʻrinmas front jangchilari: radioaktiv qotillik
Putin oʻz siyosiy muxoliflari, Checheniston ozodligi uchun kurashchilar hamda musulmonlarga qarshi repressiyalar boshlash uchun oʻzi ataylab portlashlar uyushtirib, shu guruhlarni aybdor qilgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) sobiq zobiti va Kreml tanqidchisi Aleksandr Litvinenko 2006 yil 23 noyabrda Londonda zaharlanish oqibatida vafot etdi. Uning sirli oʻlimi xalqaro hamjamiyatda katta shov-shuvga sabab boʻldi va Rossiya hukumatiga nisbatan jiddiy ayblovlarni keltirib chiqardi.
Litvinenko kim boʻlgan?
Aleksandr Valterovich Litvinenko 1962 yil 4 dekabr kuni Rossiyaning Voronej shahrida tugʻilgan. Sovet va rossiya davlat xavfsizlik xizmatining operativ xodimi, podpolkovnik. 1988-1999 yillar davomida KGB-FXX tizimida terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida xizmat qilgan.
1998 yilda Litvinenko oʻz rahbariyati uni va hamkasblarini biznesmen va siyosatchi Boris Berezovskiyni oʻldirishga buyurganini ommaga maʼlum qildi. 2000 yilda Rossiyada unga qarshi bir necha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandan soʻng, oilasi bilan birga Buyuk Britaniyaga qochdi. Britaniya hukumati unga siyosiy boshpana berdi.
Litvinenko Britaniyaning MI6 maxsus xizmat agentlaridan biriga aylandi, shuningdek, Ispaniya razvedka xizmati va Ispaniya prokuraturasi bilan hamkorlik qildi. U Yevropadagi rus mafiyasi va uning rossiyalik amaldorlar bilan bogʻliqligi haqida maʼlumotlar uzatib turgan.
Rossiya hukumati siyosatini va shaxsan Vladimir Putinni qatʼiy tanqid qilgan, uni koʻplab jinoyatlarda, jumladan, korrupsiya va gomoseksual pedofiliyada ayblagan.
U “FXX Rossiyani portlatadi” nomli kitobning hammuallifi va “Lubyanka jinoiy guruhi” nomli kitob muallifi sifatida tanilgan. Bu asarlarda u Rossiya maxsus xizmatlarini 1999 yildagi Rossiyadagi turar joy binolaridagi portlashlar va boshqa terrorchilik harakatlarini Vladimir Putin reytingi va uning hokimiyatga kelishini taʼminlash maqsadida tashkil etganlikda ayblagan. Yaʼni, Litvinenkoning aytishicha, Putin oʻz siyosiy muxoliflari, Checheniston ozodligi uchun kurashchilar hamda musulmonlarga qarshi repressiyalar boshlash uchun oʻzi ataylab portlashlar uyushtirib, shu guruhlarni aybdor qilgan.
Zaharlanish va uning oqibatlari
Putin oʻz dushmanlarini unutadigan rahbar emas. U deyarli barcha dushmanlarini yoʻq qilgan. Litvinenkoning ozodlikda yurishi uning gʻashiga tegishi tayin edi. Shuning uchun uni yoʻq qilish maxsus operatsiya tayyorlangani ehtimoldan xoli emas.
...2006 yil 1 noyabrda Litvinenko Londondagi "Millennium" mehmonxonasida sobiq hamkasblari Andrey Lugovoy va Dmitriy Kovtun bilan uchrashgan. Uchrashuvdan soʻng, u oʻzini yomon his qila boshlagan va bir necha kun ichida kasalxonaga yotqizilgan. Shifokorlar dastlab zaharlanish sababini aniqlay olmadilar, ammo keyinchalik uning organizmida kuchli radioaktiv modda – poloniy-210 mavjudligini aniqlashdi. Bu modda juda kamyob boʻlib, uning ishlab chiqarilishi va tarqatilishi qattiq nazorat qilinadi.
Ilk taxminlarga koʻra, uning sobiq hamkasblari oʻzlari bilan olib kelgan radioaktiv moddani bildirmasdan Litvinenkoning choyiga aralashtirib yuborishgan.
Poloniy-210 va uning xavfi
Poloniy-210 – kuchli alfa-nurlanish chiqaradigan radioaktiv modda boʻlib, inson organizmiga tushganda ichki aʼzolar va toʻqimalarni jiddiy zararlaydi. Bu modda tabiatda juda kam uchraydi va uning ishlab chiqarilishi maxsus yadro reaktorlarida amalga oshiriladi. Professor Norman Dombining maʼlumotlariga koʻra, Litvinenkoni zaharlash uchun ishlatilgan poloniy-210 Rossiyaning Sarov shahridagi "Avangard" zavodida ishlab chiqarilgan boʻlishi mumkin.
Litvinenko nega FXX va Putin bilan kelishmay qolgan?
1997 yili Aleksandr Litvinenko FXXning Jinoyatchilik uyushmalari faoliyatini aniqlash va toʻxtatish boshqarmasining (URPO) 7-boʻlimiga katta operativ xodim, boʻlim boshligʻi oʻrinbosari lavozimida ishlash uchun oʻtkazildi. Uning va bir necha hamkasblarining bayonotlariga koʻra, URPOda ishlayotgan davrida ularga bir necha noqonuniy buyruqlar berilgan: FXXning sobiq xodimi Mixail Trepashkinni oʻldirish, chechen millatiga mansub biznesmen Umar Jabroilovni oʻgʻirlash va Boris Berezovskiyni oʻldirish. Litvinenko Berezovskiy bilan uchrashib, unga shu buyruq haqida maʼlum qildi. Shuningdek, Litvinenko harbiy prokuraturaga rasmiy ariza berdi, natijada jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ordan koʻp oʻtmay, URPO tugatildi va FXX rahbari Nikolay Kovalyov lavozimini tark etdi. Biror shaxsga nisbatan ayblov qoʻyilmadi.
Litvinenkoning soʻzlariga koʻra, 1998 yil iyul oyida u FXXning yangi rahbari Vladimir Putin bilan uchrashgan va unga FXXdagi korrupsiya hamda jinoiy guruhlar faoliyati haqida maʼlum qilgan, ammo bu maʼlumotlar Putinda qiziqish uygʻotmagan.
1998 yil oktabr oxirida Berezovskiyni oʻldirishga qasd qilish boʻyicha jinoyat ishi tugatildi. Shundan soʻng Berezovskiy bu holatni ommaga aytishga qaror qildi. 13 noyabr kuni u FXX rahbari Vladimir Putinga ochiq maktub yoʻlladi. 17 noyabr kuni Putin unga omma oldida salbiy javob qaytardi. Oʻsha kunning oʻzida Litvinenko matbuot anjumanida hamkasblari bilan birgalikda chiqish qilib, rahbariyat ularga Berezovskiyni oʻldirish buyrugʻini berganini aytdi va FXXdagi boshqa noqonuniy ishlar haqida ham bayonot berdi. Berezovskiyga tegishli markaziy telekanal 1998 yil aprelda Sergey Dorenko tomonidan yozib olingan intervyudan lavhalarni namoyish qila boshladi.
Dekabr oyida Litvinenko va uning hamkasblari FXXdan haydaldi. Undan keyin Litvinenko Berezovskiy rahbarlik qilgan MDH Ijroiya kotibiyati xavfsizlik xizmati boshligʻi sifatida faoliyat yuritdi.
Jinoiy taʼqib
1999 yil mart oyida Litvinenko vakolatlarini suiisteʼmol qilganlik ayblovi bilan hibsga olindi va FXXning “Lefortovo” tergov izolyatoriga joylashtirildi. 1999 yil noyabrda sud tomonidan oqlandi, ammo sud zalidanoq FXX tomonidan ikkinchi jinoyat ishi boʻyicha qayta hibsga olinib, Butirka tergov izolyatoriga oʻtkazildi. 1999 yil dekabrda unga nisbatan uydan chiqmaslik toʻgʻrisida tilxat asosida ozod etildi.
2000 yilda ikkinchi jinoyat ishi jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli prokuror tomonidan yopildi. Biroq shu kuniyoq unga qarshi uchinchi jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Litvinenko unga suiqasd qilishlaridan xavfsirab, Buyuk Britaniyaga qochib ketdi. Keyinchalik unga nisbatan toʻrtinchi jinoyat ishi ham qoʻzgʻatildi. 2002 yil may-iyun oylarida Litvinenko Rossiyada sirtdan sud qilindi va 1996 yilda xizmat vakolatini suiisteʼmol qilish, 1997 yilda portlovchi moddalarni oʻgʻirlash, shuningdek, noqonuniy ravishda oʻqotar qurollar va oʻq-dorilarni saqlashda ayblanib, 3,5 yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. Unga bir yillik sinov muddati belgilandi.
Tergov va xalqaro munosabatlar
Britaniya hukumati oʻtkazgan tergov natijalariga koʻra, Litvinenkoning oʻlimida Rossiya davlat organlari aybdor deb topildi. Yevropa inson huquqlari sudi ham 2021 yil sentabr oyida xuddi shunday xulosaga kelib, Rossiyani javobgar deb topdi va Litvinenkoning rafiqasi Marinaga 100 ming yevro miqdorida kompensatsiya toʻlashga hukm qildi. Sudning taʼkidlashicha, poloniy-210 kabi noyob va xavfli moddani qoʻlga kiritish va qoʻllash faqat davlat ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
Germaniyadagi tergov ishlari
Litvinenkoning zaharlanishi bilan bogʻliq holda Germaniyada ham tergov ishlari olib borildi. Dmitriy Kovtunning Hamburgdagi faoliyati tekshirildi va sobiq rafiqasining uyida hamda uni olib yurgan mashinada poloniy-210 izlari topildi. Biroq dalillar yetarli boʻlmagani sababli, 2009 yilda Gamburg prokuraturasi tergovni toʻxtatdi.
Dafn marosimi
Litvinenko oʻlimidan avval islom dinini qabul qilgan edi.
Shu sababli, FXXning sobiq xodimi Litvinenkoning dafn marosimi Londonning shimolida joylashgan Xaygeyt qabristonining musulmonlar qismida amalga oshirildi. Jasad dafn etiladigan joy politsiya tomonidan belgilab qoʻyildi va aynan politsiya uni tezroq dafn etish zarurligini taʼkidladi. Litvinenkoning jasadi yorib koʻrilganida unda radioaktiv poloniy-210 moddasining katta miqdori aniqlangani sababli, u mahkam yopiq tobutda dafn etilgan va musulmonlar uchun anʼanaviy boʻlgan gʻassol xizmatidan foydalanilmagan.
Xulosa
Aleksandr Litvinenkoning oʻlimi va unga olib kelgan voqealar xalqaro munosabatlarda jiddiy keskinliklarga sabab boʻldi. Bu hodisa davlatlar oʻrtasidagi ishonch va xavfsizlik masalalarida yangi savollarni koʻtardi. Shuningdek, radioaktiv moddalarning tarqalishi va ulardan foydalanish boʻyicha xalqaro nazoratning mustahkamlanishi zarurligini koʻrsatdi.