Xayrullo Bozorov shifoxonalar uchun pul ajratdi
Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markazi Fargʻona filialiga 622 mln soʻm beriladi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mablagʻ ajratish boʻyicha farmoyishni imzoladi. Uning katta qismi shifoxonalarga beriladi.
Farmoyish 2025 yil 10 aprel kuni imzolangan.
Unga koʻra, viloyat mahalliy byudjetining 2025 yil boshiga shakllangan erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan 11 ta yildan-yilga oʻtuvchi loyihalar uchun ilovaga muvofiq 2 mlrd 861,0 million soʻm mablagʻ Fargʻona viloyati hokimligi “Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati” davlat muassasasiga ajratiladi.
Jumladan, Dangʻara tumanida oilaviy poliklinika qurish uchun 161 mln soʻm, Yozyovon tumanida tibbiyot birlashmasini taʼmirlash uchun 74 mln soʻm, Buvayda tumanidagi koʻp tarmoqli poliklinikani rekonstruksiya qilish uchun 107 mln, Soʻx tumanidagi shifokorlik punktiga 193 mln soʻm beriladi.
Fargʻona viloyatidagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi filialiga 622 mln ajratilsa, Yozyovonsoy soyining qirgʻoqlarini mustahkamlash xarajatlari uchun 1,4 mlrd soʻm taqdim etiladi.
Farmoyish ijrosini nazorat qilish hokim oʻrinbosari X.Dolimov zimmasiga yuklangan.
Avvalroq Namangan hokimi Yangiqoʻrgʻon tumaniga pul ajratgandi.