platina.uz
Jahon

Siemens ijrochi rahbari va uning oilasi vertolyot halokatida qurbon boʻldi

Vertolyot osmondagi parvozini taxminan 16 daqiqa davom ettirgan. Vaziyatga AQSh prezidenti va Ispaniya bosh vaziri munosabat bildirdi.  

Siemens ijrochi rahbari va uning oilasi vertolyot halokatida qurbon boʻldi

Siemens kompaniyasining rahbari, oilasi va uchuvchisi vertolyot qulash oqibatida halok boʻldi.

Manxettenning tumanli qirgʻogʻi boʻylab sayohat qilayotgan bir oilaning safari fojia bilan yakunlandi.

Voqea guvohlarining aytishicha, vertolyot osmondan toʻsatdan qulagan va Gudzon daryosiga tushgach, boʻlaklarga boʻlinib ketgan.

Rasmiylarga koʻra, Siemens kompaniyasining ijrochi rahbari Agustin Eskobar, uning oilasi va vertolyot uchuvchisi halokat natijasida halok boʻlgan.

Nyu-York meri Erik Adamsning aytishicha, oila Ispaniyadan tashrif buyurgan edi.

Vertolyot nima sababdan qulagani hozircha nomaʼlum. Biroq voqea guvohlari birinchi yordam koʻrsatishga harakat qilganini taʼkidlashmoqda.

Nyu-York politsiya departamenti komissari Jessika Tishning xabar berishicha, 10 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:37 atrofida Nyu-Jersi shtatining qirgʻogʻiga yaqin hududdan tez yordam chaqiruvlariga oid koʻplab qoʻngʻiroqlar kelib tushgan. Dastlab politsiya tomonidan toʻrt kishi suvdan chiqarilgan.

Nyu-Jersi shahri meri Stiven Fulop oʻzining “X” ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida voqea joyida toʻrt nafar kishi halok boʻlganini maʼlum qildi. Shuningdek, ikki nafar yosh bola Nyu-Jersi tibbiyot markaziga yetkazilgan, ammo afsuski, ular shifoxonada vafot etgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp hodisa sabab hamdardlik bildirib, qurbonlarning oilasi va yaqinlariga sabr tiladi.

Shuningdek, Ispaniya Bosh vaziri ham ushbu voqeani “tasavvur qilib boʻlmas dahshat” deya baholab, oʻz hamdardligini izhor etdi.

Flightradar24 maʼlumotlariga koʻra, vertolyot Bell 206L-4 LongRanger IV rusumida boʻlgan, 2004 yilda ishlab chiqarilgan. 2016 yilda uchish uchun xavfsizlik sertifikatiga ega boʻlgan boʻlib, mazkur sertifikat 2029 yilgacha amal qiladi.

Vertolyot Manxettendagi qoʻnish maydonchasidan soat 14:59 da havoga koʻtarilgan. Dastlab janubga, soʻng shimolga, Manxetten qirgʻogʻi boʻylab Gudzon daryosi tomon yoʻl olgan. Soat 15:08 atrofida Jorj Vashington koʻprigiga yetib kelgach, Nyu-Jersi qirgʻogʻi tomon uchishni davom ettirgan. Oradan biroz vaqt oʻtgach, nazorat yoʻqotilgan va vertolyot suvga qulagan.

Flightradar24 maʼlumotlariga koʻra, vertolyot osmondagi parvozini taxminan 16 daqiqa davom ettirgan.

Halokat sodir boʻlgan paytda ob-havo bulutli boʻlgan, shamol tezligi esa soatiga 15–25 km boʻlgan.

Qutqaruv vertolyotlariga voqea joyini diqqat bilan kuzatish va suvda hech kim qolmaganligiga ishonch hosil qilish topshirilgan.

Federal aviatsiya boshqarmasi esa, maxsus ruxsatnomalarsiz voqea joyi atrofida dron uchirishni taqiqladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid