platina.uz
Jamiyat

DXX Oʻzbekiston boʻylab giyohvand va psixotrop moddalarni qoʻlga oldi

Fargʻonada Tojikistondan keltirilgan 1 kg. 524 gr. “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlangan. 

DXX Oʻzbekiston boʻylab giyohvand va psixotrop moddalarni qoʻlga oldi

Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Margʻilon shahrida yashovchi, 1991 y.t. shaxs Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelgan 1 kg. 524 gr. “gashish” giyohvandlik vositasini 240 mln. soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yozyovon tumanida qayd etilgan holatda, “Fargʻona-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan - Toshloq tumanida yashovchi, 1986 y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Natijada, transport vositasi saloniga yashirib qoʻyilgan 799 dona “Zardeks” va 40 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 1679 dona “Zardeks” va 48 dona “Tropikamid” hujjatlashtirib olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning yaqin aloqasi, Margʻilon shahrida istiqomat qiluvchi, 1987 y.t. shaxsning Fargʻona shahridagi vaqtincha yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, 2239 dona “Lirika” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi maʼlum boʻldi.

Oʻtkazilgan tergov harakatlari davomida, ushbu dori vositalarini Fargʻona tumanida yashovchi, 2001 y.t. fuqaro Qirgʻiz Respublikasidagi nomaʼlum shaxslardan qabul qilib olganligi aniqlanib, u ham qoʻlga olindi.

Xizmatning Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Samarqand-Xorazm” yoʻnalishida narkotik moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi - Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1960 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan fuqaro hamda uning 1980 y.t. sherigi oʻzaro til biriktirib, Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 802 gr. “opiy” moddasini sotmoqchi boʻlgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Urganch shahrida kuzatilgan holatda, Qoʻshkoʻpir tumanida yashovchi, 2000 y.t. shaxs va Urganch shahrida yashovchi, 1987 y.t. fuqaro oʻzaro kelishgan holda 499 gr. “opiy” va 12 gr. “geroin” giyohvandlik vositalarini 11 500 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qoʻlga olindi.

Shuningdek, ulardan birining yashash xonadoni yertoʻlasi koʻzdan kechirilganda, unda 351 gr. “opiy” moddasi borligi ham aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Xazorasp tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1962 y.t., muqaddam sudlangan fuqaroning yashash xonadoni koʻzdan kechirildi. Natijada, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotgan 989 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Andijonda psixotrop modda isteʼmol qilgan amaldor ishdan olingandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid