platina.uz

Qishloq xoʻjaligida zamonaviy tizim yaratiladi

 Joriy yilning 1-choragida Mikrokreditbank tomonidan respublikamiz boʻyicha 3 520 nafar aholi va xoʻjaliklarga meva yetishtirish va qayta ishlashga 45,5 milliard soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi. 

Biznes
10-aprel, 10:40
Qishloq xoʻjaligida zamonaviy tizim yaratiladi

Yurtimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, unda samaradorlik va eksportboplikni oshirish, aholining tomorqalarini ishga solish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 14 fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va “Uzagrostar Xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish haqida”gi qarori ana shunday islohotlarning amaliy ifodasi boʻldi.

Yuqoridagi qaror asosida yangi tashkil etilgan “Quva-Agro Star” va “Fargʻona-Agro Star” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari Mikrokreditbankka ishonchli boshqaruvga berildi.

Ushbu ixtisoslashgan kompaniyalarning asosiy vazifalari etib, bazaviy va qamrab olinadigan tumanlarda mavjud tomorqa va yer maydonlari hajmi, mahallalar ixtisoslashuvi, asosiy eksport yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda sifatli urugʻ va koʻchatlarni tanlash, olib kelish va ularning ekilishini tashkil etish, mahsulot yetishtirish va qayta ishlashga xalqaro standartlarni joriy qilishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari brendini yaratish, yuqori qiymatli bozorlarni topish uchun yetakchi tadbirkorlar, xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlik qilish hamda loyihalarni birgalikda amalga oshirish, yashil texnologiyalar asosida kamida 1 gektargacha maydonda zamonaviy issiqxonalar barpo etish, agroturizmni rivojlantirish belgilandi.

Mevachilik va koʻchatchilikda yangi loyiha

Kompaniyalar tomonidan Fargʻona va Quva tumanlarida mahallalardagi aholi bilan yaqin hamkorlikda, hokim yordamchilari koʻmagida bogʻdorchilikka ixtisoslashgan hududlar xatlovdan oʻtkazildi. Tomorqalarda meva va gul koʻchatlari yetishtirishga alohida eʼtibor qaratildi. “Fargʻona-Agro Star” va “Quva-Agro Star” kompaniyalari mahalliy hamda xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar imzolab, oʻrik, gilos va boshqa mevalarning yuqori hosil beradigan navlarini yetkazib berishni yoʻlga qoʻydi.

Bundan tashqari, kompaniyalar koʻmagida:

- Beshariq tumanida 86 nafar kambagʻal oilaga 4 ming dona oʻrik koʻchatlari homiylik asosida yetkazildi;

- Buxoro viloyatida 53 ta mahalladagi 380 ta xonadonga 10 ming dona oʻrik va shaftoli koʻchatlari tarqatildi;

- Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida ijaraga berilgan 32,8 gektar yerda 100 nafar fuqaro ishtirokida intensiv bogʻlar yaratilmoqda.

Texnologiya, bilim va raqamlashtirish – kelajak poydevori

Agrar sohani yuqori darajaga olib chiqish uchun innovatsion yechimlar talab etiladi. Shu maqsadda, yangi tashkil etilgan kompaniyalar tuproq tahlili, seleksiya ishlari va agrotexnik tadbirlarni avtomatlashtirishda Veris, Soilmeter, CropX kabi zamonaviy sensorlardan foydalanishni rejalashtirgan.

Shuningdek, fermer va dehqonlar uchun onlayn darslar, mobil maslahat ilovalari, ish rejalari uchun raqamli kundaliklar, oʻquv videolar va interaktiv platformalar ishlab chiqiladi. Kaliforniya universiteti, Kornell universiteti va BMT FAOSI kabi nufuzli tashkilotlarning qoʻllanmalari oʻzbek tiliga tarjima qilinadi.

Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va eksport salohiyat

Joriy yilning 1-choragida Mikrokreditbank tomonidan respublikamiz boʻyicha 3 520 nafar aholi va xoʻjaliklarga meva yetishtirish va qayta ishlashga 45,5 milliard soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Shu bilan birga, Quva tumanida 3 gektar maydonda yashil texnologiyalar asosida “Quva-Agro Star” agrologistika markazi tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu markazda sovutgich va muzlatgich omborlari, qadoqlash va qayta ishlash sexlari, elektron savdo platformalari, eksport uchun sertifikatlash markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Kompaniyalar mahalliy mahsulotlarni xalqaro standartlarga mos ravishda qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilishga koʻmaklashadi. Bunda Intertek, SGS Agriculture kabi nufuzli xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Dehqon xoʻjaliklari yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazilib, eksport litsenziyalariga ega boʻladi.

Xulosa oʻrnida...

“Agro Star” modelining joriy etilishi nafaqat qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishning samaradorligini oshiradi, balki aholi daromadini koʻpaytirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, ilm va texnologiyaga asoslangan qishloq hujaligi mahsulotlarini yetishtirishda muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi. Yangi tizimning qadamlari esa fermer va dehqonning har bir tomorqasini ishlab chiqarish maydoniga aylantirishni maqsad qilgan.

Abdugʻani Achildiyev,
“Mikrokreditbank” ATB Mahallabay ishlash
va hududiy loyihalarni boshqarish departamenti direktori oʻrinbosari

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+