Savdo urushi qizimoqda: Xitoy Trampga qarshi turishga tayyor
Xitoy bosimlar birinchi marta kuzatilmayotganini, bu holat AQSh siyosatining tabiiy bir qismi ekanini, jarayonda oxirigacha kurashishga tayyorligini bildirdi.

Xitoy tomoni AQSh rahbari Donald Trampning yangi boj tarifi boʻyicha tahdidini "xatoga xato qoʻshish" deb hisoblaydi va global savdo urushida yangi imkoniyatlarni izlashini maʼlum qildi.
Boshqa davlatlar boj tariflariga tayyorlanayotgan bir vaqtda, Xitoy bunga qarshi turib, inqirozdan imkoniyat yaratishga harakat qilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 3 aprel kuni AQSh prezidenti Donald Tramp duyoning koʻplab davlatlari uchun yangi boj tariflarini ishlab chiqdi. Bunga koʻra endilikda Xitoydan kirib keladigan tovarlarga nisbatan qoʻshimcha 34 foiz boj eʼlon qilindi. Bu bilan Xitoy mahsulotlariga qoʻyilgan umumiy bojlar 54 foizni tashkil etdi.
Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekistondan kirib keladigan mahsulotlarga nisbatan esa 10 foiz boj tarifi oʻrnatildi.
Keyinchalik AQSh prezidenti tariflarni yana oshirishini maʼlum qildi. Agar Xitoy seshanbagacha boj tarifini bekor qilmasa, yana 50 foiz qoʻshimcha boj solish bilan ogohlantirdi. Shuningdek, Tramp Xitoy tomonidan taklif qilingan uchrashuvlarni bekor qilganini ham taʼkidladi.
Xitoy savdo vazirining aytishicha, Qoʻshma Shtatlarning boj tariflarini yana oshirishi – xatoga xato qoʻshish boʻladi.
Xitoy bu kabi bosimlar birinchi marta emasligini, bu holat AQSh siyosatining tabiiy bir qismi ekanini, oʻz navbatida, oxirigacha kurashishga tayyorligini bildirdi.
"AQShning boj tariflari taʼsir qilishi mumkin, lekin osmon uzilib yerga tushmaydi. 2017 yildagi birinchi savdo urushida ham Qoʻshma Shtatlar tomonidan kuchli bosim oʻtkazilganiga qaramay, biz qatʼiyat koʻrsatdik va rivojlanishda davom etdik. Qancha koʻp bosimga uchrasak, shuncha kuchli boʻlamiz", – dedi Xitoy kommunistik partiyasi vakili.
Xitoy prezidenti Si Szinpin va partiya aʼzolari Trampning boj tariflari muzokara olib borishning toʻgʻri usuli emasligini, bu esa asosan AQShning oʻziga zarar yetkazishini taʼkidladilar.
Vashingtondagi Brukings instituti katta ilmiy xodimi Rayan Has Shanxayga qilgan tashrifi davomida hukumat vakillari, olimlar va biznes yetakchilari bilan uchrashganidan soʻng, X ijtimoiy tarmogʻida quyidagi fikrni bildirdi:
"Koʻplab xitoylik hamkasblarim AQSh oʻzining global obroʻsini pasaytiradigan xatoga yoʻl qoʻyayotganini taʼkidladilar, – dedi u. – Xitoy rahbarlari AQShga nisbatan passiv pozitsiyada boʻlishni qabul qilmaydilar", deb qoʻshimcha qildi Rayan Has.