Raqobat qoʻmitasi ipoteka va mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
Ular reklamalarda boʻrttiruvchi iboralardan foydalanib, ommaga eʼlon qilgan.

Raqobat qoʻmitasi oʻz vakolati doirasida ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio, bosma nashrlar, internet va ijtimoiy tarmoqlar)da joylashtirilayotgan reklama axborotlarining reklama hamda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan oʻrganish va tahlil ishlari olib bormoqda.
Jumladan, oʻtkazilgan monitoringlarda OAVda joylashtirilgan reklamalarda “Ipoteka xizmati eng ishonchlisi va eng qadrlisi” hamda “Avtomobilingizni eng past foiz evaziga 300 million soʻmgacha qarz oling” mazmunidagi reklamada iboralaridan foydalanishda “eng, faqat” soʻzlari qoʻllanilib, reklamada boʻrttiruvchi maʼnolar ifodalangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “IPOTEKA XIZMATI GROUP” MChJ hamda “Tasfinanse mikromoliya tashkiloti” MChJlarga nisbatan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatildi.
Ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha “IPOTEKA XIZMATI GROUP” MChJ va “Tasfinanse mikromoliya tashkiloti” MChJlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qoʻllanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatmalar ham berildi.