Putin AQSh prezidentining hafsalasini pir qildi
Tramp Rossiyaning haqiqatda qanchalik zaif ekanini anglab yetdi va endi Pekin bilan “katta kelishuv” tuzish Moskvaga qaraganda foydaliroq tuyulyapti, deb yozmoqda mutaxassislar.

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyga qaytganidan beri butun dunyo eʼtibori markazida qolmoqda. Uning keskin va noodatiy bayonotlari, qoʻyayotgan qadamlari koʻpchilikda xavotir uygʻotmoqda.
Shunday qadamlardan biri sifatida uning Ukrainadan yuz oʻgirib, Rossiya prezidenti bilan iliq munosabatlar oʻrnatgani ayrimlarning gʻashini keltirgan edi. Biroq oxirgi paytlarda Trampning ham Putindan hafsalasi pir boʻlgan koʻrinadi.
Oshkor boʻlgan “sir”
Yaqinda AQShning Fox News telekanali jurnalisti Jekki Xaynrix Trampning “agressiv sanksiyalar” joriy etish rejalarini bilib qolgani haqida yozdi.
Jurnalist qizning maʼlum qilishicha, AQSh prezidenti Vladimir Putinning harakatlaridan norozi va Rossiya oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralarni choʻzyapti, deb hisoblaydi. Oq uy maʼmuriyati Rossiyaning “soyadagi flotiga” nisbatan sanksiyalar qoʻllash ehtimolini istisno etmayapti.
Jurnalistning manbalariga koʻra, Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning harakatlaridan qattiq norozi boʻlgan.
“Menga aytishlaricha, hozirda sanksiyalarga rioya qilish darajasi past – norasmiy hisob-kitoblarga koʻra, 10 ballik shkalada 3 ballga teng xolos. Va Rossiyaning noqonuniy neft tashuvchi “soyadagi floti” Baltika dengizi orqali oson nishonga aylanishi mumkin”, – deb yozdi jurnalist.
Yaqinda esa AQSh prezidenti Moskva aybi bilan Ukrainadagi urushni toʻxtatishning iloji boʻlmasa, Rossiya neftiga qarshi ikkinchi darajali boj joriy etish bilan tahdid qildi. U “AQShga sotiladigan neft va boshqa mahsulotlarga 25 foizlik tarif, ikkinchi darajali tariflar” bir oy ichida joriy etilishini aytdi.
AQSh rahbari Rossiya bilan Ukrainadagi qon toʻkilishni toʻxtatish toʻgʻrisida kelishuvga erishilmasa va ayb Rossiyada boʻlsa, u holda Rossiya neftiga nisbatan ikkinchi darajali bojlar joriy etilishini taʼkidlagan.
“Agar biz Rossiya bilan Ukrainadagi urushni toʻxtatish toʻgʻrisida kelishuvga erisha olmasak va agar men bu Rossiyaning aybi deb hisoblasam... men Rossiyadan kelayotgan barcha neftga nisbatan ikkinchi darajali bojlarni joriy etaman, – dedi Tramp. – Bu degani – kimki Rossiya neftini xarid qilsa, u AQShda biznes yurita olmaydi”, deya izoh bergan Oq uy rahbari. Trampning taʼkidlashicha, agar oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishilmasa, “25 foizlik tariflar va boshqa mahsulotlarga ham” bir oy ichida joriy etiladi.
Tramp, shuningdek, yaqin kunlarda Rossiya prezidenti bilan suhbatlashishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.
Aytish joiz, AQSh rahbari Putinning Ukrainada vaqtinchalik boshqaruv joriy etish taklifidan soʻng “juda gʻazablanganini” maʼlum qilgan. Rossiya prezidentining fikricha, BMT himoyasida vaqtinchalik maʼmuriyat tashkil qilish orqali Ukrainada saylovlar oʻtkazish va ishonchli, mustahkam hukumatni hosil qilish mumkin, shunda Moskva u bilan muzokaralar olib borishi mumkin boʻladi.
Trampning ishonishicha, Putin uning gʻazablanganini biladi, ammo u shunday deya qoʻshimcha qilgan: “Biz juda yaxshi munosabatlar oʻrnatdik va agar u (Putin) toʻgʻri yoʻl tutsa, gʻazabim tezda ariydi”.
Abadiy mojaro
2022 yil mart oyida Trampdan avvalgi prezident Jo Bayden AQShga Rossiya nefti va gazi importini taqiqlab qoʻygan edi. Keyinchalik G7 davlatlari va YeI Rossiya neftiga narx chegarasini joriy qildi. Rossiya bunday cheklov joriy qilgan davlatlarga neft yetkazib berishdan bosh tortdi. AQSh Rossiyaning neft kompaniyalari va tankerlariga nisbatan sanksiyalar kiritdi – ular “soyadagi flot” deb hisoblanadi.
Tramp oʻz soʻzlarida Rossiyaga nisbatan sanksiyalar “oʻt ochish toʻxtamaguncha va yakuniy tinchlik kelishuviga erishilmaguncha” qandaydir bir vaqtda bekor qilinishi mumkinligini ham, shuningdek, ular kuchaytirilishi mumkinligini ham istisno qilmadi. AQSh davlat kotibi Marko Rubioning maʼlum qilishicha, Rossiya tomoni Qora dengizdagi zarbalarni toʻxtatish uchun AQSh va Yevropa Ittifoqi (YeI) sanksiyalarini bekor qilishni talab etgan.
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen esa Ukrainada “adolatli tinchlik oʻrnatilmagunicha” sanksiyalar qolishini aytgan. Kreml YeIning sanksiyalarni yengillatishdan bosh tortishini “Rossiya va AQShning tinchlikka erishish urinishlari bilan hamohang harakat qilish niyati yoʻqligi” bilan izohladi.
“Barcha ikkinchi darajali tariflar juda qattiq, chunki ular aslida “agar bizning gapimizga quloq solmasangiz, AQShda biznes qila olmaysiz”, deganini anglatadi” – dedi Tramp keyinroq. Trampning soʻzlariga koʻra, u bunday choralarga borishni istamaydi, ammo Putin tinchlik kelishuvini qabul qilishini va oxirigacha amalga oshirishini taʼminlashni istaydi.
Putin doimgidek “oppoq”
Kreml Trampning soʻzlariga javoban: “Amerika tarafi bilan muloqotni davom ettiryapmiz. Masala juda murakkab, biz muhokama qilayotgan ukrain muammosi juda murakkab. Bu koʻplab qoʻshimcha saʼy-harakatlarni talab qiladi”, – deya bayonot berdi.
AQSh, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi muzokaralardan soʻng, tomonlar energetika infratuzilmasi obʼektlariga zarba bermaslik toʻgʻrisida kelishib oldilar. AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Qora dengizda xavfsiz dengiz harakati toʻgʻrisidagi kelishuv “deyarli tayyor” ekanini aytdi. “Shundan soʻng biz tinchlikning keyingi bosqichiga oʻtamiz”, dedi u. Rossiya esa shart sifatida Rosselxozbankni SWIFTga qayta ulashni talab qildi, lekin YeI sanksiyalarni yumshatishdan bosh tortdi. Kreml bunga YeI Rossiya va AQShning tinchlikka olib boruvchi urinishlarini qoʻllab-quvvatlamasligi bilan izoh berdi.
Ukraina uchun imkoniyat...mi?
Newsweek nashrining yozishicha, rostan ham Trampning Putindan koʻngli qolgan va endi Xitoy bilan dunyo taqsimotini amalga oshirishni istayapti.
Tramp Rossiyaning haqiqatda qanchalik zaif ekanini anglab yetdi va endi Pekin bilan “katta kelishuv” tuzish Moskvaga qaraganda unga foydaliroq tuyulyapti, deb yozmoqda Yel universitetining yetakchi analitiklari Jeffri Zonnenfeld va Stiven Tian.
Donald Tramp soʻnggi oylarda Vladimir Zelenskiyni tanqid qilishdan Kremlga nisbatan qattiq ultimatumlarga oʻtish orqali ritorikasini keskin oʻzgartirdi – va bu, ularning fikricha, hayratlanarli hol emas. Chunki Tramp hech qachon prinsiplarga emas, pragmatizmga tayanadi. Va u endi Rossiyaning magʻlub boʻlish arafasida ekanini his qilmoqda.
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, Tramp hech qachon oʻzini yutqazadigan tomon bilan bogʻlashni istamaydi. Shu sababli u endi Putinning “yaxshiliklari”ni maqtashdan voz kechgan.
Gijgijlovchi yetakchi
Tramp har doim “boʻlib hukmronlik qil” strategiyasidan foydalanadi: u Fransiyani Germaniyaga, Britaniyani YeIga qarshi, Ford kompaniyasini General Motors’ga qarshi qoʻygan edi. Endi esa Rossiya va Xitoyga ham shu usulni qoʻllayapti.
“Xitoy va Rossiya orasida “Tramp bilan kim birinchi boʻlib foydaliroq kelishuv tuzadi”, degan raqobat boshlangan”, – deb yozadi tahlilchilar.
Zonnenfeld va Tian fikricha, ehtimol, Trampga Rossiya iqtisodiyotining Xitoynikiga nisbatan qanchalik “mitti” ekanini tushuntirishganidan soʻng, u Rossiyadan qattiq koʻngli qolgan. Shu sababli u endi Xitoy haqida avvalgiday dushman emas, balki muloyim tarzda gapira boshlagan.
“Agar Tramp haqiqatan ham Ukrainadagi mojaroni har qanday narx evaziga toʻxtatmoqchi boʻlsa, u Ukrainani taslim boʻlishga majburlar edi. Ammo Putinning soʻzlarini “shunchaki xoʻrozlanish” deb baholab, oʻz talablarini oshiryapti va aynan shunda Ukraina uchun yangi imkoniyat paydo boʻlyapti. Ehtimol, aynan Tramp Putinga jahl qilib, Ukraina koʻp yillardan beri qoʻlga kirita olmayotgan gʻalabani olib kelishi mumkin”, – deya yozmoqda tahlilchilar.
Biroq hamma ham AQShning yangi prezidentidan umidvor emas. Bloomberg nashri sharhlovchisi Tramp Putin va Si Szinpin bilan “dunyo taqsimoti” haqida kelishuv tuzishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu 1945 yilda Ruzvelt, Stalin va Cherchil oʻrtasidagi Yalta konferensiyasini eslatishi mumkin.