Oʻzbekistonda renovatsiya tizimi uch bosqichda yoʻlga qoʻyiladi
Shahar va tumanlarda renovatsiyaga mos hudud tanlanib, loyiha ishlab chiqiladi. Mulkdorlarga yangi uy yoki kompensatsiyalar taklif qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 aprel kuni shaharsozlik renovatsiyasining huquqiy asoslarini belgilash boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Soʻnggi sakkiz yilda mamlakat aholisi 6 millionga koʻpaydi. Shu davrda yarim millionga yaqin xonadonlar barpo etildi. Jumladan, oʻtgan yili 100 ming xonadondan iborat koʻp qavatli uy qurilgan boʻlsa, bu yil yanada koʻp – 130 mingdan ortiq xonadon reja qilingan.
Yaqin yillarda aholimiz soni 40 million nafarga yetishi kutilmoqda. Bunday oʻsishda yiliga 140-150 ming xonadonga talab paydo boʻladi. Bu har yili qoʻshimcha 2 ming gektar yer kerak, degani. Lekin yer maydonlari ham cheklangan.
Bunday holatda renovatsiya dasturi qoʻl keladi. Masalan, respublikada 17 mingta 2-3 qavatli eski uylar bor. Ulardagi sharoit, muhit bugungi zamonga munosib emas. Elektr, gaz, suv va boshqa infratuzilmalar eskirgan, koʻplarida oqova tarmogʻi ham yoʻq.
Shularning oʻrnida zamonaviy uylar qurilsa, hozirgidan 3 barobar koʻp aholi joylashadi. Asosiysi, xonadonlarda yangi kommunikatsiya, issiq va sovuq suv, oqova tarmogʻi boʻladi. Odamlar ozoda, shinam va fayzli sharoitlarda yashaydi. Bu orqali minglab oilalarning turmush darajasi oʻsadi, muhimi, ular ushbu sharoitlarni ilk bor oʻzlari oʻsib-ulgʻaygan joyda his etishni boshlaydi.
Yana bir muhim tomoni – energiya tejamkorlik masalasi. Turar joylar yaxlit boʻlsa, infratuzilma tarmoqlari, energiya kam sarflanadi.
Hozirgacha bu borada yagona hujjat yoʻq edi. Shu bois, xorijiy tajriba asosida, “Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Taqdimotda renovatsiya tizimining huquqiy, moliyaviy va tashkiliy tomonlari koʻrib chiqildi.
Bunday dasturlar 3 bosqichda amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda. Avval, shahar va tumanlarda renovatsiyaga mos hudud tanlanib, loyiha ishlab chiqiladi. Mulkdorlarga yangi uy yoki kompensatsiyalar taklif qilinadi. Barcha mulkdorlar bilan kelishuvlar yakkama-yakka, notarial tartibda tasdiqlanadi. Loyihalar uchun har bir hududda renovatsiya jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Ikkinchi bosqichda renovatsiya dasturi hududiy va respublika kengashlari tomonidan koʻrib chiqilib, qurilish tashkiloti aniqlanadi. Uchinchi bosqichda uy-joylar qurilib, foydalanishga topshiriladi.
Renovatsiyaga tushgan hududning iqtisodiy salohiyati ham oshadi. Yangi uylarning 1-2-qavatlarida savdo, xizmat kursatish va kichik ishlab chiqarishlar boʻladi. Shuningdek, bu tizim orqali 20 ming gektar yer tejalishi hisob-kitob qilingan.
Xususan, birinchi bosqichda renovatsiya asosida 20 ming xonadon qurilishi moʻljallangan.
Davlatimiz rahbari bunday loyihalarni, avvalo, u yerda yashovchilarning manfaatlarini hisobga olgan holda, tizimli va adolatli amalga oshirish zarurligini taʼkidladi. Shu maqsadda mutasaddilar, tuman hokimlari va ularning tegishli oʻrinbosarlari renovatsiya tartib-qoidalari va ishni toʻgʻri tashkil qilish choralari boʻyicha qoʻshimcha oʻqitilishi aytildi.
Renovatsiya hududlarini infratuzilma bilan taʼminlash, developer va quruvchi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.