Energetika vazirligi: 500 kilovattgacha elektr ishlatganlar kamroq pul toʻlaydi
201 kVt soatdan 1000 kVt soatgacha boʻlgan isteʼmol koʻrsatkichi orasiga yangi miqdor kiritilmoqda.

1 maydan 201 kVt⋅soatdan 500 kVt⋅soatgacha elektr energiyasiga 900 soʻmdan emas, 800 soʻmdan toʻlanadi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2024-2025 yillarda yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich oʻzgarish grafigiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida” 194-son qarori qabul qilindi.
Prezident topshirigʻiga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-2025 yillarda yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich oʻzgarish grafigi eʼlon qilindi.
Yoqilgʻi-energetika resurslari narxlarining oshishi muddati 1 apreldan 1 may sanasiga koʻchirildi, deyiladi xabarda.
Qolaversa, 201 kVt·soatdan 1000 kVt·soatgacha boʻlgan differensiallashgan tarif boʻyicha isteʼmol miqdori orasiga yangi miqdor kiritilmoqda. Yaʼni 2025 yil 1 maydan eʼtiboran aholi isteʼmolchilari 201 kVt·soatdan 500 kVt·soatgacha boʻlgan yangi miqdor oraligʻida har bir kilovatt·soat uchun 800 soʻmdan toʻlaydi (shu paytgacha 201 kVt·soatdan 1000 kVt·soatgacha boʻlgan qismi uchun 900 soʻmdan haq toʻlangan).
Aytish joizki, bir oyda oʻrtacha 500 kVt·soat miqdorida elektr energiyasi sarflaydigan xonadon vakillari buning uchun 2025 yilning 1 may sanasiga qadar 360 ming soʻm toʻlashardi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 90 ming soʻm, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 270 ming soʻm). Tarif oʻzgarishlaridan soʻng bir oyda oʻrtacha 500 kVt·soat tok ishlatadigan xonadon buning uchun... 360 ming soʻm toʻlaydi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 120 ming soʻm, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 240 ming soʻm). Yaʼni ular uchun narx oshayotgani yoʻq.
Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori boʻlmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.