Hokim yordamchisi va uning qizi katta miqdordagi kreditni talon-toroj qildi
Ular umumiy ovqatlanish va avtoyuvish shoxobchasi uchun bankdan kredit olgan.

2025 yil 5 mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Namangan tuman sudida hokim yordamchisi va uning qiziga oid ish koʻrib chiqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, R.T. Namangan tumani, “Bogʻ koʻcha” MFYda hokim yordamchisi vazifasida ishlagan. U qizi D.T.ning nomiga “Effekt savdo diyori” MChJni tashkil etib, ushbu jamiyatni norasmiy ravishda boshqarib kelgan.
Ular “Umumiy ovqatlanish faoliyatini tashkil etish” hamda “Avtomoyka jihozlari” sotib olish maqsadida ajratilgan 350.000.000 soʻm kredit mablagʻlarini “Biznes reja”ga asosan xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishga yoʻnaltirmagan, 350.000.000 soʻm pul mablagʻini “Sultan teks” MChJ hisob-raqamiga oʻtkazib berishgan.
Jihoz va uskunalar “Sultan teks” MChJ tomonidan toʻliq yetkazib berilgach, ularni tergovda shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan nomaʼlum shaxslarga sotib yuborib, sotishdan tushgan pullarni oʻzlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab, kredit qarzdorligini soʻndirishga yoʻnaltirishmagan. Natijada oʻzganing juda koʻp miqdordagi mulkini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganlar.
Sudda har ikkala aybdor oʻz aybiga toʻliq iqrorlik bildirdi.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, R.T.ga ishlagan sh haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
D.T.ga esa sud ish haqining 10 foizi miqdorini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi. Yetkazilgan zarar toʻliq qoplangan.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.