Davlat tashkilotlarining korrupsiya boʻyicha holati baholandi
Taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish yaxshi yoʻlga qoʻyilgan deb topildi. Gʻaznachilik va farmatsevtika yomon natija qayd etdi.

Davlat organi va tashkilotlarining 2024 yildagi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi baholandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi boʻyicha 103 ta davlat tashkilotining (jumladan, 14 tasi ilk marotaba, 89 tasi esa takroran) 2024 yildagi faoliyati 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholashdan oʻtkazildi.
Unga koʻra, davlat tashkilotlari faoliyating samaradorligi quyidagi toifalarga ajratildi:
-41 tasi “yaxshi” – (81-100 ball);
-53 tasi “qoniqarli” – (55-80 ball);
-9 tasi “qoniqarsiz” – (55 balldan past).
Tahlillar koʻrsatishicha, bu yil reyting natijalari oʻrtacha 73,8 ballni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 4,9 ballga (95 ta davlat tashkiloti tomonidan oʻrtacha 68,9 ball), 2022 yilga nisbatan esa 14,3 ballga (62 ta davlat tashkiloti tomonidan 59,5 ball) oshgan.
Eng yaxshi natijani Navoiy kon-metallurgiya kombinati qayd etdi. Shuningdek, Soliq qoʻmitasi, Markaziy bank, Uzbekistan airports, Sport vazirligi, Taʼlim vazirliklari va SSV ham ijobiy natija qayd etgan.
Koʻpchilik hokimliklar, banklar, Transport vazirligi va boshqalar qoniqarli natija qayd etdi.
"Oʻzbekkoʻmir", Farmatsevtika agentligi, Gʻaznachilik qoʻmitasi esa yomon natija qayd etdi.

Shuningdek, ijobiy natijani qayd etgan davlat tashkilotlarida oʻtgan davr mobaynida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni kamayishiga erishilgan.
2023 yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” deb topilgan 13 ta davlat tashkiloti faoliyatida oʻsish kuzatildi.