Shavkat Mirziyoyev yana Ukraina va Falastin atrofidagi vaziyatga toʻxtaldi
Toshkentda Parlamentlararo ittifoq yalpi assambleyasi boʻlib oʻtmoqda. Prezident unda nutq soʻzladi.

Prezident Toshkentda oʻtayotgan Parlamentlararo ittifoq yalpi majlisida nutq soʻzladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida oʻtayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yalpi majlisida ishtirok etmoqda.
“Men ham 15 yil davomida parlament aʼzosi boʻlganman. Dunyoni tinch-osoyishta, jamiyatlarni yanada farovon qilishga qaratilgan olijanob faoliyatingiz naqadar masʼuliyatli ekanini yaxshi bilaman va tushunaman.
Sizlar – bamisoli xalqlarni bir-biriga bogʻlovchi mustahkam doʻstlik koʻprigisiz. Sizlar – odamlarning dardu tashvishi va muammolarini eng quyi tizimdan boshlab, kerak boʻlsa, mintaqaviy va xalqaro miqyosga olib chiqishga, ularga samarali yechim topishga qodir boʻlgan qudratli kuchsizlar”, – dedi Prezident oʻz nutqida.
Mirziyoyev oʻz nutqida Ukraina va Falastin masalasiga ham eʼtibor qaratdi.
"Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat boʻyicha boshlangan muzokaralar jarayoni oʻzining ijobiy natijasini albatta beradi.
Eng ogʻriqli muammolarga xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz.
Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini roʻyobga chiqarishdan iboratdir.
Bizga qoʻshni boʻlgan Afgʻoniston haqida toʻxtalib oʻtmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish, Afgʻonistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisoblaymiz. Bu borada parlamentlarning koʻmagiga ishonamiz", dedi prezident.
Maʼlumot uchun, Parlamentlararo ittifoq oʻz safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan boʻlib, yalpi majlisi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida – Toshkent shahrida boʻlib oʻtmoqda.
Eslatib oʻtamiz, prezident Samarqandda oʻtgan YeI bilan sammitda ham Ukraina haqida gapirgandi.