Prezident oʻnga yaqin davlat parlamentlari rahbarlarini qabul qildi
Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Valentina Matviyenkoni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Federatsiya Kengashi Raisi Oʻzbekiston yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Parlamentlararo aloqalar samarali boʻlayotgani yuksak baholandi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati boʻyicha faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy sheriklik surʼatini taʼminlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalari va gumanitar almashinuv dasturlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoq Assambleyasining 150-sessiyasi doirasida Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Sohiba Gafarovani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon Oʻzbekiston yetakchisiga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Iqtisodiy hamkorlik yili doirasida birgalikda samarali ishlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirgan. Madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
Erishilgan kelishuvlar ijrosini nazorat qilish va boʻlajak oliy darajadagi sammitlar uchun yangi takliflar ishlab chiqish maqsadida parlamentlar oʻrtasida yaqin amaliy hamkorlikni va faol almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanovani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Belarus delegatsiyasi rahbari Oʻzbekiston yetakchisiga Prezident Aleksandr Lukashenkoning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Belarus munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Tovar ayirboshlash hajmi jadal ortib borayotgani, sanoat va qishloq xoʻjaligida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, hududlar oʻrtasidagi hamkorlik samarali boʻlayotgani, madaniyat, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol parlamentlararo muloqotni davom ettirish, shu jumladan oliy darajada erishilgan kelishuvlarning parlament nazoratini taʼminlash va oʻz vaqtida bajarilishiga koʻmaklashish muhim ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi.
Qoʻshma uchrashuvda Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov, Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi Toragʻasi Nurlanbek Turgʻunbek oʻgʻli, Tojikiston Respublikasi Majlisi Namoyandagon Raisi Fayzali Idizoda va Turkmaniston Majlisi Raisi Dunyogoʻzal Gulmanova ishtirok etdi.
Yuqori martabali mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oʻz mamlakatlari yetakchilarining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar, mintaqamizda ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu xalqaro tadbirning ahamiyatini alohida taʼkidladilar.
Qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
4 aprel kuni Samarqand shahrida oʻtgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti va Iqlim forumining samarali natijalari yuksak baholandi.
Oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda mintaqada oʻtkazilgan uchrashuvlar, jumladan, chegaralarni delimitatsiya qilish masalalari toʻliq tartibga solingani hamda Xoʻjand shahrida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangani tarixiy ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Keyingi yillarda mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi koʻp karra oshdi, chegaraoldi savdo zonalari tashkil etilmoqda.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan mamlakatlarimiz hududlarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Madaniyat va taʼlimda tadbirlarga boy dasturlar roʻyobga chiqarilmoqda.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, qoʻshma kooperatsiya tashabbuslari va loyihalarini ilgari surish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida parlamentlararo muloqotni, shu jumladan qoʻmitalar darajasida mustahkamlash muhim ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Turkiya parlamenti raisi davlatimiz rahbariga Prezident Rejep Tayyip Erdogʻanning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiya koʻrsatkichlari oʻsmoqda, muvaffaqiyatli qoʻshma loyiha va korxonalar soni, toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlar koʻpaymoqda. Ikki davlat va xalqni yaqinlashtirishga qaratilgan muhim madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga, Oʻzbekiston-Turkiya sherikligining yangi kun tartibini shakllantirish, hududlararo hamkorlikni faollashtirishda, shuningdek, oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni taʼminlashda doʻstlik guruhlarining ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.