platina.uz
Maqola

Botqoqdan chiqolmayotgan oʻzbek kinosi

Rivojlanishdan toʻxtab qolgan Kinematografiya agentligini butunlay isloh qilish payti keldi. Bir-birini zoʻr deb maqtab oʻtiradigan rahbarlar bor joyda taraqqiyot oʻladi.

Botqoqdan chiqolmayotgan oʻzbek kinosi
Fotokollaj: Platina.uz

Oʻzbek kinosi oʻldi, deb milliy filmlarimizning bachkanalashib, oʻta maishiylashib ketganida aytardik. Bu iboraga oʻrganib qolgandik. Chunki haqiqatan ham bundan atigi 5-6 yil avvalgacha boʻlgan davrda shunday sayoz va saviyasiz filmlar moʻrmalaxdek bosib ketgandi.

2020 yilda koronavirus pandemiyasi boshlanib, oʻlik kinolarimizni ham yoʻqotdik. Kinoteatrlar avvaliga pandemiya sabab huvillagan boʻlsa, keyinchalik rosmanasiga boʻshab qoldi. Pandemiyadan keyin kinoga tomoshabinlar qaytmadi va hamon bu holat davom etyapti.

Bunga bir necha sabablarni topish mumkin. Birinchidan, pandemiya sabab odamlar hamma narsani internetda koʻrishga oʻrgandi. Kinoteatrga borishga hojat qolmadi. Kamiga kinochilarimiz oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotini bozorda (kinoteatrda) sotmay, onlayn marketpleyslarga joylay boshladi.

Ikkinchidan, Yangi Oʻzbekiston davrida yangitdan tashkil etilgan Kinematografiya agentligi milliy kinokontentni deyarli qoʻllab-quvvatlamadi, kinochilarga ragʻbat bermadi. Aksincha, byurokratiyani kuchaytirdi, kinossenariy yozish, uni badiiy kengashga topshirish, tasdiqlatish va pul ajratish jarayonlari qariyb imkonsiz qilib qoʻyildi.

Yana bir jihati, oʻzbek kinochilari bir muddat parokanda boʻldi. Sobiq rahbariyat oʻziga yoqqan yoki oʻzi istagan mavzuga ruxsat berdi, pul ajratdi. Bu yerda eng koʻp jabrni xususiy kinostudiyalar koʻrdi, deyish mumkin. Chunki ular uchun agentlik badiiy kengashida ssenariyni tasdiqlatish imkonsiz edi, rejissyorlar shu qogʻozbozlikdan bezib ketdi.

Shu tariqa bor kinolarimiz ham yoʻqoldi. Faqat davlat buyurtmasi asosiy planga chiqdi. Prezidentimiz tarixiy shaxslar haqida kino olishni topshirgani uchun ura-ur, haybarakalla "tarixiy" kinolar bolaladi, ammo ular tomoshabin uchun emasdi. Kinoteatrlarda aytarli namoyish etilmadi, telekanallarda qoʻyib turishdi. Biroq shov-shuv boʻlmadi, mashhurlikka erishmadi, aksincha tezda unutilmoqda.

Masalan, yangi chiqqan paytida rosa shov-shuv boʻlgan "Islomxoʻja" filmini bugun birov eslamaydi, koʻrmaydi. Chunki syujet koʻchirilgan, zoʻrma-zoʻraki olingan, soxtalik bor. Undan keyin chiqqan deyarli barcha tarixiy filmlarga nisbatan ham shu iboralarni qoʻllash mumkin.

Biz kino sohasida allaqachon Qozogʻiston va Qirgʻizistondan ortdamiz. Balandparvoz pi-ar maqolalar, "buyurtma" materiallar bilan oʻzimizni aldaganimiz qoladi, bu esa "men zoʻr ekanman" degan dogma tushunchaga sabab boʻladi. Shu tariqa rivojlanish toʻxtaydi.

Eng yomoni, oʻzimizning milliy tarixiy qahramonlarimizni qoʻshnilarimizga qoʻshqoʻllab topshiryapmiz. Toʻmarisni olaylik, qozoqlar juda ajoyib film ishlashgan, butun dunyoda namoyish etishgan. Toʻgʻri, Toʻmaris turkiy xalqlar qahramoni, ammo u hozirgi Oʻzbekiston hududida yashaganini unutmaylik.

Ibn Sino haqida inglizlar kino olgan, buzib tashlagan boʻlsa-da, butun dunyo koʻryapti. Bosh rolni oʻsha mashhur Ben Kingsli oʻynagan. Kinematografiya agentligi hatto ssenariysi tugul bir koʻrib berishga yaramagan, muzokara boʻlmagan.

Yoki Bobur haqidagi serialni eslang. Hindiston keng qamrovli qilib ishlagan. Bizda esa chirib ketgan “Bobur” videofilmi bor xolos. Atoqli yozuvchimiz Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” nomli romanidan zoʻr ssenariy chiqarsa boʻladi.

Jaloliddin Manguberdi haqidagi kinoni qarang. Turklar bilan hamkorlikda ishlangan “Mendirman Jaloliddin” serialini butun dunyo koʻrdi. Afsuski, oʻzimizda tayyor Xorazm turganda Turkiya dashtlarida yangi Xorazmni “qurishdi”. Deyarli barcha salbiy obrazlarni oʻzbek aktyorlari, ijobiy qahramonlarni esa turklar ijro etishdi.

Haqsiz, bularning barchasiga pul kerak, katta mablagʻ zarur. Lekin Shavkat Mirziyoyev tarixiy kino ishlash haqida topshiriq berganida puldan muammo boʻlmasligini ham aytgan.

2024 yilda agentlik bir qator kinolarni ishladi. Kinoteatr uchun emas, yuqoridagilarga yaxshi koʻrinish uchun. Oʻsha filmlarga milliardlar ajratildi. Masalan, “Yasha, xotin” kartinasini olaylik. Bachkanalashgan yana bir film. Mayli, yoʻgʻida shuyam durust. Ammo shu kinoga salkam 2 mlrd soʻm ajratilganiga ishonasizmi?

Bu kinoni suratga olish ishlari uchun jami 1,9 mlrd soʻm ajratilgan. Shundan yarmini Kinematografiya agentligi, qolgan yarmini FAN ENTERTAINMENT CINEMA qoplagan. Ssenariy muallifi Matyoqub Matchonov, rejissyor Ochil Hamidov. Ssenariy uchun salkam 80 mln soʻm gonorar olgan Matchonov bosh rol ijrosi uchun yana 74 mln soʻm ishlagan.

Kinematografiya agentligi, Fargʻona viloyati hokimligi va CINEMA OF CENTRAL ASIA MChJ mablagʻlari evaziga suratga olingan "Osiyo arsloni. Kazbek" filmi uchun jami 25 mlrd soʻm ajratilgan. Kino ikkinchi jahon urushida jasorat koʻrsatgan oʻzbek yigiti, sobiq ittifoq qahramoni Mamadali Topvoldiyev hayoti haqida hikoya qiladi. Suratga olish ishlari asosan Belarusda boʻlib oʻtishi kerak edi. Ssenariy uchun 48,2 mln soʻm, oʻzbek aktyorlari uchun 345 mln soʻm, belarus aktyorlari uchun 887,5 mln soʻm ajratilgan. Ssenariyni S.Abbosov. Yan Milenin, I.Kostyuchenko yozgan, rejissyor Akbar Bekturdiyev. Bu film tayyormi, hamon jarayondami yo esdan chiqib ketdimi, bular nomaʼlum. Lekin 25 mlrd pul ajratilgan.

Faqat telekanallarda namoyish etilgan va Kinematografiya agentligi buyurtmasi bilan suratga olingan "Epidemiya" kinosi uchun 1,1 mlrd soʻm oʻtkazilgan. Bosh rol ijrochisiga qariyb 30 mln soʻm, boshqa rollar va epizodlar uchun 131 mln soʻm, boshqa ishchilar, ijodiy guruhlarga jami 155 mln soʻm ajratilgan.

Eng shov-shuv koʻtargan va hozir birov eslamayotgan "Bahodir Yalangtoʻsh" tarixiy kartinasi uchun 30 mlrd soʻm berilgan. Kinematografiya agentligi, Samarqand viloyati hokimligi va "Ezgu film" MChJ oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma imzolangan. Shundan 10 mlrd soʻm Samarqand hokimligiga, 7,7 mlrd soʻm esa agentlikka ulush boʻlib tushishi aytilgan. Kinodagi jami aktyorlar uchun 127,4 mln soʻm gonorar hisoblangan. Koʻryapsizmi, 30 mlrd qayoqdayu, jami aktyorlarga beriladigan 127 mln soʻm qayoqda?!

Kartina ssenariy muallifi va rejissyori Jahongir Ahmedov. Bu rejissyor avval maishiy mavzularda kassabop filmlar ishlab yurgan. Yangi kino davri boshlangach, negadir tarixiy kinolarga oʻtib ketgan.

Kinoni qoʻya turing, Madaniyat vazirligi 10 daqiqali klip suratga olish uchun byudjetdan 2,7 mlrd soʻm ajratgan. "Bobolarim" deb nomlangan badiiy musiqali kino-klip rejissyori va ssenariy muallifi – Muhammadali Iskandarov. Suratga olishga tayyorgarlik davri uchun rejissyor 13,8 mln, syomka boshlanganda esa 55,5 mln soʻm olgan. Ssenariy uchun salkam 7 mln soʻm ajratilgan. Shuningdek, operatorga 55,5 mln, rassomga 97,2 mln, 3 D kadrlar va simulyatsiyalar uchun jami 320 mln soʻmdan ortiq mablagʻ belgilangan.

Koʻryapsizmi, gap pulga borib taqalmayapti. Kino ishlash uchun milliardlar ajratilgan, ammo bu bilan oʻzbek kinosi rivojlanib ketmadi. Kinolarimizga saviya kirmadi. 2024 yilda kinoteatrlarimiz huvillagancha qoldi. Xoʻsh, unda muammo nimada?

Muammo shundaki, kino olishga nisbatan dunyoqarashimizni oʻzgartirishimiz kerak. Yuqoridagi amaldorlarga yoqadigan emas, xalqqa manzur boʻladigan filmlar zarur bizga. Ajratilgan pullar faqat kino uchun sarflanishi lozim.

Buning uchun ijodga erkinlik, byurokratiyaga toʻsiq lozim. Yosh kinochilarga yoʻl berish, ularni qoʻllab-quvvatlash birlamchi masala. Axir kino erkin muhitdagina rivojlanadi. Unga davlat aralashmasligi yoki aralashuvni keskin kamaytirishi kerak.

Qolaversa, rivojlanishdan toʻxtab qolgan Kinematografiya agentligini butunlay isloh qilish payti keldi. Hur fikrli, erkin soʻzli yoshlarni, tajribali va oʻqimishli, kinoda suyagi qotgan jonkuyarlarni bosh qilish eng toʻgʻri yoʻl boʻlsa kerak. Bir-birini zoʻr deb maqtab oʻtiradigan rahbarlar bor joyda taraqqiyot oʻladi.

Bir botqoqda yashasangizu, atrofingizda “bu botqoqdan yaxshisi yoʻq, boshqalariga oʻtsak, choʻkib oʻlamiz”, deb soʻylaguvchilar bor ekan, botqoq koʻzingizga jannatdek koʻrinaveradi. Avvalo ulardan qutulib, botqoqdan chiqish yoʻllarini qidirish lozim. Ana oʻshanda botqoqdan tashqarida yashil dalalar, sokin oʻrmonlar, sharqiroq soylar, bahaybat togʻlar borligini koʻrasiz.


Keyingi maqolamizda oʻz nomining siyqasini chiqarishdan boshqa ishga yaramayotgan “bosh maʼnaviyatchilarimiz” haqida gaplashamiz.

Bobur Jalolov,
Platina.uz sayti bosh muharriri

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid