Kam taʼminlangan oilalarga kommunal toʻlovlarda kompensatsiya joriy etiladi
Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻm miqdorida bir martalik yordam beriladi.

Kam taʼminlangan oilalarga elektr va gaz toʻlovlarida davlat kompensatsiyasi joriy etiladi.
2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar "Ijtimoiy himoya yagona reestri" axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambagʻal oilalar reestriga kiritilgan, shuningdek, Reestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha kam taʼminlangan oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:
-elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha – oyiga bazaviy meʼyordan 150 kVt soatgacha;
-tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy meʼyordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy meʼyordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻm miqdorida bir martalik yordam beriladi.
2025/2026 yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻshimcha moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi oilalarga 1 million soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi:
-Reestrlarga kiritilgan oilalarga;
-"mahalla yettiligi" xulosasi asosida Reestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga.
Bunda "mahalla yettiligi" tomonidan qoʻshimcha roʻyxat shakllantirilishida birinchi navbatda, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, aʼzolari I yoki II guruh nogironi boʻlgan shaxslardan iborat boʻlgan oilalar, nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi shaxslar hamda yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz taʼminoti boʻlmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi.
Qoʻshimcha ravishda shakllantiriladigan roʻyxatdagi oilalar soni Reestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.