"Chimildiq" filmi – oʻzbek kino sanoatidagi yangi nafas
Platina.uz muxbiri yangi super komediyaning eksklyuziv tomoshabiniga aylandi. Xoʻsh, film nima haqida?

Odamlar kinoni faqat maʼnaviy tarbiya, falsafiy mazmun va milliy qadriyatlarni anglash uchun tomosha qilmaydi. Ular, eng avvalo, dam olish va koʻngilochish uchun kinoteatrlarga tashrif buyurishadi. Biroq oxirgi yillarda oʻzbek kinosida koʻngilochar janrdagi filmlar kamayib ketgani bois, xususiy kinoteatrlarda asosan Hollivud kartinalari namoyish etilmoqda. Ular koʻpincha rus tilida boʻlib, keng ommaga moʻljallanmagan. Yaqinda yurtimizda suratga olingan “Chimildiq” filmi ana shu boʻshliqni toʻldiradigan hodisa boʻldi.

Yangi film – yangi qadam
"Chimildiq" filmi xalqchil mazmuni va quvnoq komediyasi bilan katta eʼtibor qozonishi kutilmoqda. Bu oʻzbek kinosanoatining oʻtmishdagi shuhratini tiklash sari birinchi qadam boʻladi, degan umiddamiz. Zero, oʻz davrida oʻzbek kinosi butun Markaziy Osiyoda yetakchi oʻrinda edi. Butun sobiq ittifoq oʻzbek filmlarini katta qiziqish bilan tomosha qilishgan.
Toʻgʻri, hozir ham yurtimizda davlat tomonidan tarixiy va jiddiy kinolar yaratilmoqda, lekin ular kutilgan darajada ommalashmayapti, ularni barcha qatlamdagi va qiziqishdagi tomoshabinlar katta qiziqish bilan qabul qila olmayapti. Davlat mablagʻi hisobidan suratga olingan filmlar texnik va ijodiy jihatdan kuchli boʻlsa-da, shu paytgacha koʻngilochar, xalqning hayotini aks ettiruvchi kino asarlar yoʻq darajada edi. "Chimildiq" mana shu boʻshliqni toʻldirish yoʻlidagi ilk jiddiy qadamlardan biri boʻldi, deyish mumkin.
"Chimildiq" fantastik komediya janrida suratga olingan va bu uni tomoshabin uchun yanada qiziqarli qiladi. Film yirik byudjetli kartina koʻrinishini beradi, ammo uning muhim jihati shundaki, u davlat mablagʻlari hisobiga suratga olinmagan. “Chimildiq”ni ijodkorlar oʻz moliyaviy resurslari va imkoniyatlarini ishga solgan holda yaratishgan.

Film syujeti: moʻʼjizaviy jazo yoki taqdir oʻyini?
Film yosh oilalar orasida koʻpayib borayotgan beqarorlik va shoshqaloqlikka qarshi murojaat sifatida yaratilgan. Shunga qaramasdan, filmni sinchiklab koʻrgan tomoshabin albatta uning hajviy ruhiyatini his qiladi. Bir qarashda, “Chimildiq” – goʻyoki fantastik komediya. Ammo voqealar rivojiga chuqurroq nazar tashlasak, bu yosh oilalar uchun muhabbat imtihoni ekanini anglash mumkin.
... Bosh qahramonlar Tohir va Zuhra bir-birini yaxshi koʻrishadi, turmush qurishadi, biroq hayotning oddiy sinovlariga bardosh bera olishmaydi. Zero, haqiqiy muhabbat nafaqat goʻzallik va romantika, balki uni saqlab qolish uchun kurashish ham demakdir. Ular ajrashishga qaror qilishadi, ammo... taqdirning oʻz rejasi bor. Har tong qayerda uxlamasinlar, ular muzeydagi tarixiy chimildiq ichida uygʻonishadi! Bu tushmi yoki moʻʼjiza?..
Oʻzaro tushunmovchiliklar va shubhalar bilan boshlangan voqealar rivoji, oxir-oqibat, oila muqaddasligini anglash va birgalikdagi hayotda har qanday muammolarni yengish mumkinligini isbotlaydi.

Muhabbat va xudbinlik oʻrtasidagi azaliy kurash
Film davomida qahramonlar bir-birlarini ayblashadi, oʻzlarini oqlashadi, hatto bir-birlaridan qochishga urinishadi. Biroq aslida oʻzaro munosabatlardan qochish mumkinmi? Agar mumkin boʻlsa, bu qancha uzoq masofa va davrga choʻzilishi mumkin? “Chimildiq” bu savolga benazir tarzda javob beradi: muhabbat insondan yolgʻizlikka qochish emas, balki u bilan yuzma-yuz kelib, uni qabul qilishni talab etadi!
Keyingi safar uygʻonishganida, Tohir va Zuhra muzeydagi tarixiy ekponatlarni koʻrib, ajdodlarimizning oiladagi sabr-toqati, bir-birini tushunish va qadrlash borasidagi tajribasini anglay boshlashadi. Ana shu oʻziga xos oʻtmishga qisqa sayohat orqali ular aqllarini ishga solishadi, tuygʻularini qayta baholashadi.
Filmning yumoristik uslubi va sirli voqealari aktyorlarga katta masʼuliyat yuklaydi. Bosh qahramonlarning dramatik va komik holatlardan oʻtishlari Dadaxon Obidov va Sitora Alimjanova tomonidan tabiiy hamda ishonarli tarzda ijro etilgan. Ular oʻz obrazlarini shunchalik tabiiy yaratib berishganki, tomoshabin har bir qarash, harakat va hatto sukut ortidagi maʼnolarni anglashga urinadi.

Detallarga eʼtibor
“Chimildiq” filmi vizual jihatdan ham yuqori saviyada ishlangan. Undagi ranglar tanlovi va tasviriy kompozitsiya yuksak professionallik bilan tashkil etilgan.
“Chimildiq”ning vizual uslubi ham katta eʼtiborga loyiq. Operator Ziyoviddin Sultanovning kamera ishi, tarixiy muhitni qayta tiklash uchun qurilgan dekoratsiyalar, Jamshidbek Maxsumovning badiiy bezaklari tomoshabinga milliy anʼanalar va tarixiy muhitni his etish imkonini beradi, bastakor Mamanazar Xabibulloning musiqiy yechimlari, oʻzbek anʼanaviy naqshlari va rang palitrasi filmning estetik jihatini kuchaytiradi.
Bu film nafaqat bir necha juftliklar haqidagi hikoya, balki milliy qadriyatlar, tarixiy obidalar va zamonaviy oilaviy munosabatlar chorrahasida yuz bergan estetik jarayon, deyish mumkin.
Kino qahramonlarinnig kiyimlari ham did bilan tanlangan. Masalan, liboschi Shahzoda Zunnunova tatbiq etgan ijodiy yechimlardan biri oʻlaroq, bosh qahramonning liboslarida yurakcha shakli va sevgi ramzlari tizimli ravishda aks ettirilgan. Keyingi safar koʻrsatilganida sevgi maʼnosini anglatuvchi emoji tasvirini koʻrish mumkin. Shuningdek, Zuhraning koʻylagida ham sevgi timsollari tushirilgan. Bunday timsoliy belgilar Tohir va Zuhraning bir-birlari uchun, sevish va sevilish uchun yaratilganiga ishora qiladi.
Ularning muzey sahnasida oʻzbek milliy kiyimlarida ekranda paydo boʻlishi ham filmga milliy ruh bagʻishlaydi. Milliy liboslar va qadriyatlarning namoyon etilishini ham film yutuqlaridan biri, deyish mumkin.
Bu tasviriy detallar filmning umumiy muhitiga ijodiy chuqurlik bagʻishlaydi. Zuhra rolini ijro etgan Sitora Alimjanovaning filmning turli sahnalarida 20 xildan ortiq soch turmaklari bilan koʻrinish berishi ham filmga vizual boylik qoʻshadi.

Filmni suratga olish joylari juda yaxshi tanlangan. Ijodkorlar Toshkentning goʻzal va zamonaviy joylarini namoyish etishni maʼqul koʻrishgan. "Chimildiq" filmi orqali poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari, masalan, "Magic City", chiroyli koʻchalar, tarixiy binolar keng auditoriyaga taqdim etilgan. Bu film kelajakda Oʻzbekistonning turistik salohiyatini targʻib etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
"Chimildiq" filmining kelajagi ham istiqbolli koʻrinyapti. Maʼlumotlarga qaraganda, film bir nechta xorijiy davlatlarda ham namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, 10 aprel kuni Ozarbayjonning Boku shahrida katta premerasi boʻlib oʻtadi. Keyinroq esa Qozogʻistonda ham namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa oʻzbek kino sanoati uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bundan tashqari, film milliy qadriyatlar va oila muqaddasligi kabi tushunchalarni nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham keng targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayta-qayta koʻriladigan film
Albatta, har qanday filmda boʻlganidek, "Chimildiq" ham baʼzi kamchiliklardan holi emas. Biroq, bu nuqsonlar uning umumiy yutugʻiga soya sola ola olmaydi. Aksincha, mazkur film yangi formatdagi, zamonaviy, qiziqarli va xalqchil kinoasar sifatida oʻzbek kino sanoatidagi ijobiy tendensiyaning boshlanishi boʻladi. Bu film koʻp yillar davomida odamlar qayta-qayta tomosha qilishni istaydigan filmlardan biriga aylanish ehtimoli yuqori.

"Chimildiq" filmi nafaqat milliy kino sanoatiga yangi nafas olib kiradi, balki xalqaro miqyosda ham oʻzbek madaniyatini keng yoyishga xizmat qiladigan film boʻlish salohiyatiga ega. Endigi vazifa – mana shunday filmlar sonini koʻpaytirish va xususiy kino sanoatini yanada rivojlantirishdan iborat.
Qisqa qilib aytganda, “Chimildiq” bugungi yoshlar uchun kerakli film. U ajrashish — mazkur ogʻriqli ijtimoiy muammoning yechimi emasligini koʻrsatadi. Baʼzan eng qiyin vaziyatlarda ham sabr va tushunish bilan taqdir toʻsiqlarini yengib oʻtish mumkinligini oʻrgatadi. Bu filmni nafaqat oila qurganlar, balki oilaviy hayotga tayyorlanayotganlar ham koʻrishi lozim. Eng muhimi, film bir narsani esdan chiqarmaslikni uqtiradi: muhabbat – bu taqdir emas, balki tanlov. Va uni saqlab qolish, yoki yoʻqotish – har bir insonning oʻz qoʻlida.
Abulfayz Sayidasqarov