Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi sammitda qator tashabbuslarni ilgari surdi
Oʻzaro transport bogʻliqligi boʻyicha navbatdagi Iqtisodiy forum va Investorlar forumini qabul qilish taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi sammitda qator takliflar bilan chiqdi.
Sammit yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida strategik sheriklik oʻrnatish haqida tarixiy qaror qabul qilinadi.
"Qabul qilinadigan hujjatning qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz.
Ishonchim komilki, bizning strategik sherikligimiz aniq qarorlar, loyiha va dasturlar bilan boyitilishi kerak. Shu munosabat bilan, bizning ikki mintaqamiz oʻrtasida sheriklik va hamkorlik boʻyicha toʻlaqonli Bitimni imzolash masalasini koʻrib chiqishni taklif etamiz.
Biz, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar boʻyicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlarini doimiy oʻtkazib borish, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo hamkorlik forumini taʼsis etish hamda uning ilk tadbirini shu yil kuzda Oʻzbekistonda oʻtkazish, yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirishni taklif etamiz", dedi Oʻzbekiston prezidenti.
Oʻzbekiston sammitni har ikki yilda bir marta oʻtkazish boʻyicha taklifni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirishni taʼminlash boʻyicha tizimli ishlash maqsadida navbatdagi yigʻilishga qadar sammit kotibiyati funksiyasini oʻz zimmasiga olishga tayyor.
Iyun oyining boshida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikda Toshkent xalqaro investitsiya forumini oʻtkaziladi. Ushbu tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati 30 milliard yevrodan ortiq boʻlgan joriy loyihalar portfelini taqdim etiladi.
Mirziyoyev Forum jarayonida ikki mintaqaning investitsiyaviy imkoniyatlariga bagʻishlangan alohida sessiyani oʻtkazishni taklif etdi.
Shu kunlarda Toshkentda Yevropa investitsiya banki ofisini ochish toʻgʻrisida imzolangan bitim Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimini ragʻbatlantiradi.
"Yevropalik sheriklarimiz yana bir tashabbusimizni – “yashil” energetika, innovatsiyalar, transport, infratuzilma sohalarida va agrar sektorda yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirish boʻyicha taklifimizni qoʻllab-quvvatlashiga umid qilamiz.
Bundan tashqari, mamlakatlarimizning iqtisodiy manfaatlarini yaqinlashtirish boʻyicha qator yangi takliflarni bildirmoqchimiz. Bu, eng avvalo, investitsiyalarni himoya qilish va ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi koʻptomonlama bitimni imzolash, xususiy sektor vakillarini keng jalb etgan holda, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” qoʻshma savdo palatasini ishga tushirish, kichik va oʻrta biznes loyihalarini, birinchi galda, xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshma mintaqaviy dasturlarni qabul qilishga qaratilgandir.
Oʻzbekistonda oʻzaro transport bogʻliqligi boʻyicha navbatdagi Iqtisodiy forum va Investorlar forumini qabul qilishga tayyormiz", deya taʼkidladi Oʻzbekiston rahbari.
Shuningdek, eksport qiluvchilar salohiyatini oshirish, laboratoriyalar, standartlashtirish va sertifikatlashtirish markazlarini yaratish uchun Yevropa Ittifoqining texnik koʻmagini kengaytirish muhimdir.
Transkaspiy transport koridorini kengaytirish va yuk bilan taʼminlash uchun oʻzaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni va biznes uchun manfaatli sharoitlarni ishlab chiqish zarur.
Shu munosabat bilan, kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun Yevropa Ittifoqi shafeligida ushbu yoʻnalishda joylashgan mamlakatlarning transport vazirlari uchrashuvini chaqirishni taklif etilmoqda.
"Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidan Yevropaga elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha xalqaro loyihani toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Sammit arafasida ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha tegishli bitimni ratifikatsiya qildik.
Taʼkidlash oʻrinliki, biz 2030 yilga borib mamlakat energiya balansida qayta tiklanadigan energiya ulushini 54 foizga yetkazishni, 24 ming megavatt “yashil” quvvatlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz.
“Toza” energiya boʻyicha “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sherikligining yoʻlga qoʻyilishi bilan oʻzaro hamkorligimizning muhim platformasi yaratilishi mumkin.
Shuningdek, “uglerod kreditlari” loyihalarini ishlab chiqishni moliyalashtirish va ularning bozorini rivojlantirish uchun turdosh vazirliklar rahbarlari darajasida ishchi guruhni taʼsis etishni taklif etamiz. Boʻlib oʻtishi kutilayotgan Iqlim forumi chogʻida mintaqaning “Yashil” taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etamiz", dedi Mirziyoyev.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ilmiy-taʼlim hamkorligini kengaytirish uchun Oʻzbekistonda “Ufq – Yevropa” dasturi ofisini ochish mumkin. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt, maʼlumotlar “katta bazalari”, raqamlashtirish, kosmik tadqiqotlar sohasida ilmiy va texnologik almashuvlar boʻyicha qoʻshma dasturni ishlab chiqishni taklif etildi.
Oʻzbekiston, shuningdek, mintaqa mamlakatlarini raqamli taʼlim sohasida Yevropa harakatlar dasturiga qoʻshish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchi universitetlari oʻrtasida sheriklik borasida “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari suradi.
"Xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlar, xususan, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik tobora dolzarb boʻlib bormoqda.
Yevropalik sheriklarimizning terrorizmga qarshi kurashish masalalari boʻyicha muloqotni yoʻlga qoʻyish haqidagi taklifini qoʻllab-quvvatlaymiz. “BOMCA” va “CADAP” dasturlari doirasida oʻzaro amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.
Afgʻonistonni tinch rivojlantirish masalalarida siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyormiz. Ming afsuski, jahon hamjamiyati ushbu mamlakat hududidan kelib chiqadigan barcha tahdidlarni yetarlicha baholay olmayapti.
Afgʻon tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yoʻli bilan faol jalb etish zarur, deb hisoblaymiz. Qabul qilingan majburiyatlarni bajarish uchun xalqaro hamjamiyatning amaldagi afgʻon hukumati bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish muhimligini tushunishi va qoʻllab-quvvatlashiga umid qilamiz.
Soʻzimning nihoyasida bizning tashabbus va kelishuvlarimizni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish muhimligini alohida qayd etishni istar edim.
Shu munosabat bilan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatida Bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida har yili uchrashuvlari oʻtkazib boriladigan Sheriklik qoʻmitasini taʼsis etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz" deya taʼkidladi prezident.




