platina.uz
Siyosat

Prezident BMT bosh kotibining ikki oʻrinbosarini qabul qildi

Toshkentda BMTning aholi punktlari boʻyicha dasturi ofisi ochilishi kutilmoqda. 

Prezident BMT bosh kotibining ikki oʻrinbosarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 aprel kuni Samarqand iqlim forumi doirasida BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchanni qabul qildi.

Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Prezident BMT bosh kotibining ikki oʻrinbosarini qabul qildi

Davlat rahbari komissiyaning 2030 yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muhim oʻrnini, shuningdek, transport, innovatsiyalar, toʻqimachilik, energetika, ekologiya va gender tenglik sohalarida, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi masalalarida koʻrsatilayotgan ekspertlik koʻmagini alohida qayd etdi.

Mintaqaviy va mamlakat miqyosidagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil noyabr oyida Boku shahrida boʻlib oʻtgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida bildirilgan tashabbuslarni amaliy ilgari surish jihatlari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston tomonining taklifiga binoan SPEKAning 2030 yilgacha rivojlanish konsepsiyasi qabul qilingani, YeIK bilan savdo tartib-taomillarini soddalashtirish boʻyicha "yoʻl xaritasi" imzolangani, Transkaspiy yoʻlagi doirasida raqamlashtirish va hujjatlar almashinuvi boʻyicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshida komissiya koʻmagida Oʻzbekiston Aholining ekologiya holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotdan foydalanishi toʻgʻrisidagi Orxus konvensiyasiga qoʻshildi.

Havo konvensiyasi va Sanoat avariyalarining transchegaraviy taʼsiri toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilish masalasi ishlab chiqilmoqda.

SPEKA dasturining Maqsadli jamgʻarmasini tez fursatda ishga tushirish muhim ekani taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev 4 aprel kuni Samarqand iqlim forumi doirasida BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMTning aholi punktlari boʻyicha dasturi (BMT-Xabitat) ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbaxni qabul qildi.

Urbanizatsiya sohasidagi yetakchi tuzilma rahbari Prezidentimizga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu nufuzli instituti bilan shaharlarni barqaror rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirish borasida koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

BMTning yuqori darajali vakili mamlakatimizda "aqlli" va "yashil" shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan urbanizatsiya sohasidagi islohotlarni ijobiy baholadi.

Shaharlarni boshqarishga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy qilish, "yashil" qurilish standartlarini ishlab chiqish, shahar muhitida iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha maxsus dasturni ishga tushirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekistonda Butunjahon tozalik kunini oʻtkazish va Toshkentda tashkilot ofisini ochish masalalari koʻrib chiqildi. Amaliy hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha "yoʻl xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid