Oʻzbekiston Saudiya bilan "yashil" energetika boʻyicha hamkorlikni kuchaytiradi
Prezident "ACWA Power" kompaniyasi boshqaruvi raisini qabul qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand iqlim forumi doirasida Oʻzbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, "ACWA Power" kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi.
Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning "yashil" energetika sohasida strategik investor boʻlgan "ACWA Power" kompaniyasi bilan samarali sheriklik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bugungi kunda kompaniya bilan amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar portfeli 15 milliard dollarga yetdi.
Oʻtgan yil dekabrda Buxoro viloyatida har bir 500 megavattli 2 ta shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi, shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 1 gigavatt boʻlgan ikkita quyosh stansiyasi va Toshkent viloyatida energiya saqlash tizimlarini qurish loyihalari boshlandi.
"Yashil" energetika, infratuzilma, farmatsevtika, issiqlik va suv taʼminotini modernizatsiya qilish, uy-joy kommunal xoʻjaligi va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi loyihalarni jadal amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Shu maʼnoda, joriy yilda Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va biznes forumiga puxta tayyorgarlik koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammiti va iqlim forumi tadbirlaridagi ishtirokini yakunladi. Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.
