Diplomatik saʼy-harakatlar va siyosiy qarorlardan boshqa yoʻl yoʻq
Shavkat Mirziyoyev Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilish muzokaralarini olqishladi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqandda boshlangan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida Ukraina masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi.
"Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish boʻyicha muzokaralar jarayonlari boshlanganini olqishlaymiz va toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Oldinda juda murakkab va yechimi oson boʻlmagan masalalar turganini tushunamiz. Biroq diplomatik saʼy-harakatlar va siyosiy qarorlar qabul qilishdan boshqa muqobil yoʻlni biz koʻrmayapmiz", dedi prezident.
Mirziyoyevning taʼkidlashicha, mazkur sammit jadal va oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan global jarayonlar sharoitida oʻtmoqda. Geosiyosiy ziddiyatlar, xavfsizlik muammolari, yirik mintaqaviy mojarolar hamda barqaror taraqqiyotga nisbatan ijtimoiy va iqtisodiy tahdidlar kuchaymoqda.
"Ayonki, hech bir mintaqa keng xalqaro hamkorliksiz bu qadar murakkab masalalarni mustaqil holda hal etishga qodir emas. Shu munosabat bilan taʼkidlashni istardimki, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi anʼanaviy sheriklar boʻlib, oʻzaro yaqin hamkorlik uchun talab faqat oʻsib bormoqda. Biz ham Yevropa tomoni kabi xalqaro huquqning tamoyil va meʼyorlariga sodiqligimizni bildiramiz", dedi Oʻzbekiston rahbari.