platina.uz

Yo chikka, yo pukka: Trampdan katta tavakkalchilik

AQSh boshlagan savdo urushi oʻziga qarshi ishlashi yo foyda keltirishi, Rossiyaga esa imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin. Oʻzbekistonga qanday taʼsiri bor?

Tahlil
3-aprel, 21:08
Yo chikka, yo pukka: Trampdan katta tavakkalchilik
Fotokollaj: Platina.uz

2 aprel kuni AQSh prezidenti Donald Tramp 183 mamlakatdan import qilinadigan tovarlarga qoʻshimcha bojxona bojlari joriy etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Ushbu yangi tariflar "kamaytirilgan oʻzaro" deb taʼriflanib, farmonning oʻzi "iqtisodiy mustaqillik deklaratsiyasi" sifatida baholandi. Ayrim mamlakatlar uchun yangi bojlar 50 foizga yetgan. Xususan, Xitoydan keladigan tovarlarga amaldagilarga qoʻshimcha ravishda 34% qoʻshimcha boj joriy etildi. Qozogʻiston uchun bu stavka 27%, Hindiston, Janubiy Koreya va Yaponiya uchun taxminan 25%, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun 20%, Oʻzbekiston, Ozarbayjon va boshqa koʻplab mamlakatlar uchun esa 10% miqdorida belgilandi.

Trampning maqsadlari va yangi tariflardan kutilayotgan foyda

Donald Tramp bu harakatlarini eng avvalo oʻzaro paritet, yaʼni tenglikka asoslanganini taʼkidladi. Yaʼni boshqa davlatlar AQSh tovarlari uchun, aytaylik, 20 foiz boj kiritgan, Amerika esa xuddi shu davlatlarning tovarlarini deyarli bojsiz yoki oʻsha 20 foizdan kam tarif bilan import qilmoqda. Tramp shu adolatsizlikka barham berganini bildirdi.

Shuningdek, Trampning aytishicha, yangi tarif siyosati AQShning savdo balansini yaxshilash, ichki ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish va ish oʻrinlarini koʻpaytirishga qaratilgan. Uning fikricha, bu tariflar orqali xorijiy tovarlar narxi oshirilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga raqobatbardoshlik ustunligi yaratiladi. Shuningdek, Tramp bu tariflardan tushadigan daromadlar orqali soliqlarni kamaytirish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni rejalashtirmoqda.

Tariflarni joriy etishning asosiy maqsadlari va ehtimoliy foydalari

Tramp hukumati yangi tariflarni qoʻllash orqali bir nechta strategik maqsadlarga erishishni koʻzlamoqda.

Jumladan, AQSh ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish koʻzda tutilgan. AQSh prezidentining fikricha, AQSh ishlab chiqaruvchilari xorijiy raqobatchilarning bosimi ostida qiynalmoqda. Uning maqsadi – AQShda ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyoz yaratish va ichki iqtisodiyotni mustahkamlashdir.

Shuningdek, AQShning tashqi savdo balansi ancha yillardan beri salbiy boʻlib kelgan. Yaʼni, mamlakat tashqi bozorlardan koʻproq tovar import qilib, oʻz eksport hajmining pastligi tufayli iqtisodiy muvozanatni yoʻqotmoqda. Yangi tariflar orqali importni kamaytirish va AQShning savdo balansini yaxshilash rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Tramp maʼmuriyati Xitoy va boshqa davlatlarni AQSh bozorida noqonuniy yoki nohaq savdo amaliyotlaridan foydalanishda ayblab keladi. Xususan, Xitoyning eksportni haddan tashqari qoʻllab-quvvatlashi va milliy valyutasi narxini sunʼiy ravishda pasaytirishi AQSh ishlab chiqaruvchilariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Tramp maʼmuriyati yangi tariflar AQShdagi ishlab chiqaruvchilar uchun chet el mahsulotlari bilan raqobatda ustunlik berishiga ishonishadi. Bu esa AQShdagi ishlab chiqarish korxonalarining oʻsishiga, yangi ish oʻrinlarining paydo boʻlishiga va ichki iqtisodiy oʻsishga xizmat qiladi.

Qolaversa, yangi tariflar orqali AQSh byudjetiga qoʻshimcha mablagʻlar tushadi. Import mahsulotlar uchun toʻlanayotgan qoʻshimcha bojlar davlat byudjetiga tushadigan daromad manbalari sifatida qaralishi mumkin. Toʻgʻri, bu mablagʻlar juda oz boʻlishi, keyinchalik esa yanada pasayib ketishi prognoz qilinmoqda.

Qolavresa, bu tariflar – faqat iqtisodiy chora emas, balki tashqi siyosatda ham samarali vosita boʻlishi mumkin. AQSh ushbu vositadan foydalanib, savdo hamkorlari bilan yangi shartlarni kelishib olish, global savdo munosabatlarini oʻz manfaatlariga moslashtirishga intilmoqda.

Trampning fikricha, u kiritgan yangi tarif siyosati AQShning strategik tarmoqlarini himoya qilishga ham yordam beradi. Masalan, yuqori texnologiyali mahsulotlar, metallurgiya, avtomobilsozlik va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bojxona himoyasidan foydalanishi mumkin.

Aslida qanday boʻladi?

Koʻplab iqtisodiy tahlilchilar va mutaxassislar yangi tarif choralarining salbiy oqibatlari haqida ogohlantirmoqda. "Reuters" agentligining xabar berishicha, Moody’s agentligi uzoq muddatli tariflar natijasida AQShda ishsizlik darajasi 2027 yilga borib 7.3 foizga yetishi va fond bozorlari 25 foizga tushishi mumkinligini prognoz qilmoqda.

Shuningdek, tariflar isteʼmol tovarlari narxlarining oshishiga olib kelishi mumkin, bu esa inflyatsiyaning oʻsishiga sabab boʻladi. "The Guardian" gazetasiga koʻra, biznes yetakchilari va iqtisodchilar bu choralarning natijasida isteʼmolchilar uchun narxlar oshishi va iqtisodiy oʻsishning sekinlashishi mumkinligidan xavotirda.

Oʻzbekistonlik ekspert Yuliy Yusupovning fikrlariga koʻra, Tramp bojxona bojlarini joriy etishda juda oddiy mantiqqa tayangan: agar import mahsulotlar qimmatlashsa, tovarlarni AQSh ichida ishlab chiqarish foydali boʻlib qoladi. Demakki, xorijlik investorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun Amerikada biznes qilish osonroq va foydaliroq hisoblanadi. Oʻz mahsulotlarini AQSh bozorida sotishga uringan xorijiy kompaniyalar ham bu yerda oʻz zavodlarini ochishga majbur boʻladi.

Biroq iqtisodiyot fani nuqtai nazaridan bu mantiq notoʻgʻri: bu siyosat xalqaro mehnat taqsimoti va Amerika ishlab chiqaruvchilari uchun muhim global yetkazib berish zanjirlarini buzadi. Natijada, jahon iqtisodiyoti samaradorligining tushishiga olib keladi. AQShda vujudga kelishi mumkin boʻlgan yangi ishlab chiqarish obʼektlari raqobatbardosh boʻlmasligi ehtimoli katta. Bu esa narxlarning oshishiga va nafaqat amerikaliklar, balki boshqa mamlakatlar aholisining hayot darajasi pasayishiga olib keladi.

Ehtimol, Trampning iqtisodiy tasavvuri “muayyan hajmga ega pirog” modeliga asoslangan. Yaʼni koʻproq yeyish uchun qoʻshnidan “yulib olish” kerak. Ammo aslida zamonaviy iqtisodiyot “kengayuvchi pirog” tamoyiliga asoslangan: kooperatsiya va ixtisoslashuv orqali barcha koʻproq daromadga erishadi – bir-biriga zarar yetkazmagan holda. Tramp oʻz harakatlari bilan bu mexanizmni yoʻq qilmoqda.

Yusupovning aytishicha, xuddi shunday siyosatni (import oʻrnini bosish siyosati) oʻzbekistonlik amaldorlar 1996 yildan buyon amalga oshirishga harakat qilmoqda. Lekin hammamiz uning natijasini koʻrib turibmiz. Toʻgʻri, AQShda import oʻrnini bosish siyosati Oʻzbekistonga nisbatan biroz koʻproq muvaffaqiyat qozonishi mumkin. Chunki Amerika iqtisodiyoti – dunyodagi eng yirik iqtisodiyot va xalqaro mehnat taqsimotiga kamroq bogʻliq.

Tramp impichment va sudni xohlayaptimi?

Tarixdan maʼlumki, hali hech qachon tariflarni oshirish va proteksionizm iqtisodiyotning rivojlanishiga olib kelmagan. Tramp AQShda zavodlar qayta ishga tushishini va amerikaliklar mahalliy mahsulotlarni xarid qilishini kutmoqda, chunki boshqa barcha tovarlar narxi oshadi.

Ammo real voqelikda, zamonaviy jahon mehnat taqsimoti bunday ssenariyni ehtimoldan xoli qiladi. Agar avval AQShga tovar yetkazib berish tariflar tufayli foydali boʻlgan boʻlsa, endi ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini geografik jihatdan yaqinroq bozorlarga sotishni afzal koʻradi.

Natijada, global taʼminot zanjirlari buziladi. Zamonaviy texnologiya mahsulotlari shunchalik koʻp qismlardan tashkil topganki, ularni toʻliq AQShda ishlab chiqarish har qanday holatda ham imkonsizga aylanadi.

Bu esa nafaqat chet el mahsulotlari, balki barcha tovarlar narxining oshib ketishiga olib keladi. Inflyatsiyadan charchagan amerikaliklar oʻz xarajatlarini kamaytirishi, hatto ayrim xaridlardan butunlay voz kechishi mumkin. AQShda retsessiya ehtimoli ortib bormoqda.

Narxlarning oʻsishi va inflyatsiya aholi noroziligini kuchaytiradi. Bu esa oʻz navbatida, Eron bilan boʻlajak yangi urush, Ilon Maskning xatti-harakatlari va boshqa omillar bilan birgalashib, mamlakatda keskin noroziliklar yuzaga kelishini tezlashtiradi.

Natijada, respublikachilar 2026 yilda Kongress saylovlarida yutqazadi va bu Trampning imkoniyatlarini jiddiy cheklaydi. Keyin u yoki oʻz muddatini tugatib, prezidentlikdan ketadi, yoki lavozimidan chetlatilib, sudga tortilishi mumkin.

Yangi tariflarning Yevropa davlatlari uchun taʼsiri

Salbiy oqibatlar

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun 20 foizli tariflar eksportga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Germaniya, Fransiya va Italiya kabi davlatlar uchun AQSh muhim savdo hamkori boʻlgani sababli bu choralar iqtisodiy oʻsishning sekinlashishiga olib kelishi ehtimoli bor. Bu yirik eksportchilarga jiddiy zarba beradi. Masalan, Germaniyaning AQShga eksport hajmi 2024 yilda 156 milliard dollarni tashkil qilgan boʻlsa, yangi tariflar bu koʻrsatkichni 10-15 foizga kamaytirishi mumkin.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish va taʼminot zanjirlarining uzilishi va qayta shakllanishi kutilyapti. Avvalo Yevropa kompaniyalari uchun AQShga eksport qilinuvchi mahsulotlarga boj toʻlovlarining oshishi logistika va ishlab chiqarish tannarxini koʻtaradi. Avtomobil va texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishdagi qiyinchiliklar sababli Yevropa kompaniyalari AQSh bozoridagi raqobatbardoshligini yoʻqotishi mumkin.

Shuningdek, Yevropa Komissiyasining maʼlumotlariga koʻra, yangi tariflar sababli Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsuloti (YaIM) oʻsishi 2025 yilda 1,8 foizdan 1,2 foizga tushishi mumkin.

Ijobiy oqibatlar

Bunday tushkun prognozlarga qaramasdan, Tramp tariflari ayrim ijobiy oqibatlarga ham olib kelishini tasavvur qilish mumkin. Avvalo, AQSh bozorida raqobatbardoshlik pasayishi natijasida Yevropa Ittifoqi ichki bozorida mahalliy mahsulotlarga talab oshishi mumkin. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari AQShning oʻrniga Osiyo va Lotin Amerikasi davlatlari bilan savdo aloqalarini kuchaytirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Ishlab chiqarish zanjirlarini qayta shakllantirishga urinish esa Xitoy va Rossiya bilan hamkorlikni oshirishga ehtiyoj tugʻdiradi. Masalan, Germaniya va Fransiyaning Xitoy bilan savdo hajmi 2025 yilda 10 foizga yuqorilashi kutilmoqda.

Osiyo davlatlari uchun oqibatlar

Osiyo mamlakatlari, jumladan Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya uchun ham yangi tariflar katta muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Xitoyning AQShga eksportiga 34 foizlik boj qoʻyilishi bu mamlakatning iqtisodiy oʻsishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi kutilyapti. Bundan tashqari, Janubiy Koreya va Yaponiyaning AQShga eksport qilinadigan smartfonlar, elektronika, avtomobil qismlari va toʻqimachilik mahsulotlarining qimmatlashishiga olib keladi. Birgina Xitoyning AQShga eksport hajmi 2024 yilda 536 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2025 yil yakunida bu raqam 20-25 foizga kamayishi mumkin.

Bundan tashqari, Trampning yangi tarif siyosatidan soʻng Xitoy ishlab chiqaruvchilari uchun reeksport yoʻlini yopib qoʻyadi. Vetnam kabi reeksportchi davlatlarga 46 foizlik, Kambodja esa 49 foizlik tarif joriy etilgan, bu esa Xitoy mahsulotlarini Vetnam yoki Kambodja orqali yetkazib berish imkoniyatlarini keskin cheklaydi.

Yaponiya va Janubiy Koreya mahsulotlari uchun tarif 25% etib belgilangani Toyota, Samsung va Sony kabi yirik korporatsiyalar uchun jiddiy iqtisodiy zarar keltirishi mumkin. Xusan, Koreyaning eksport hajmi 2025 yilda 12-15 foizga kamayishi mumkin. Shuningdek, eng yomon ssenariylarda Hindiston va Tayvanning texnologiya sohasidagi eksport hajmi kamayishi va AQSh bilan savdo hajmining pasayishiga olib keladi.

Ijobiy ssenariylarda bu oʻzgarish yangi imkoniyatlar va yangi bozorlar ochilishidan darak bermoqda. Jumladan, Osiyo davlatlari Yevropa, Rossiya va Afrika bozorlari bilan savdo munosabatlarini kuchaytirishga harakat qilishi, 2025 yilda Osiyo va Yevropa davlatlari oʻrtasidagi savdo hajmi 8-10 foizga oshishi mumkin.

Rossiya uchun yangi imkoniyat ochildimi?

Qizigʻi shundaki, oshirilgan tariflar joriy etilgan davlatlar roʻyxatida Rossiya yoʻq. Buni Tramp AQSh va Rossiya oʻrtasida savdo aylanmasi shunday ham juda ozligini sabab qilib koʻrsatgan. Biroq bu Moskvaning Ukrainaga ochgan urushiga javoban Gʻarb kiritgan sanksiyalar natijasi ekani inobatga olinmagandek koʻrinadi.

Lekin nima boʻlganda ham, Rossiyaning eʼtibordan chetda qolgani unga qoʻshni davlatlarni oʻz mahsulotlarini Rossiya orqali, yaʼni “Made in Russia” yorligʻi bilan eksport qilishga undashi mumkin. Bir paytlari Rossiya sanksiyalar bois oʻz energetik xomashyo resurslari va boshqa mahsulotlar eksport-importini oʻz satellit postsovet respublikalari orqali amalga oshirgan boʻlsa, endi Moskvaga sanksiyalarni aylanib oʻtishga yordam bergan davlatlar Rossiyadan foydalanishi mumkin. Bu esa pirovardida Rossiyaning iqtisodiy va siyosiy qudratini yuksaltirishi, demakki, istilochilik ishtahasini ham yanada ochib yuborishi mumkin.

Jahon iqtisodiyotiga uzoq muddatli taʼsirlar

Tramp kiritgan yangi tarif urushlari jahon miqyosida savdo urushiga olib kelishi ham mumkin. Chunki AQShning tarif siyosati boshqa davlatlarning javob choralarini qoʻllashiga sabab boʻladi, bu esa xalqaro savdoning sekinlashishiga olib keladi. Qolaversa, bu siyosat import tovarlarining qimmatlashuvi, AQSh va boshqa mamlakatlarda inflyatsiyaning oshishiga sabab boʻlishi mumkin. Yevropa va Osiyo davlatlari esa AQShning yangi tariflariga javoban yangi savdo ittifoqlari va alyanslarini tuzishga harakat qiladi.

Fitch Ratings agentligining AQSh boʻyicha bosh iqtisodchisi Olu Sonola yangi tariflar jahon iqtisodiyoti uchun "oʻyinni oʻzgartiruvchi" kabi samara berishi va koʻplab mamlakatlarni retsessiyaga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi. Shuningdek, bu tariflar AQShda isteʼmolchilar uchun narxlarni oshirib, inflyatsiyani kuchaytirishi va iqtisodiy oʻsishni sekinlashtirishi mumkin.

Yangi iqtisodiy tartibotning Oʻzbekistonga taʼsiri

Tramp imzolagan hujjatga koʻra, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Ozarbayjon va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari uchun 10-27 foizlik bojlar joriy etilgan. Bu mamlakatlarning AQShga eksport qilinadigan mahsulotlarining narxi oshib, raqobatbardoshlikni pasaytirishi mumkin. Shu bilan birga, AQSh bozoriga chiqish murakkablashadi, demak, yangi savdo yoʻnalishlarini izlashga olib keladi.

Biroq shuni taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik soʻnggi yillarda izchil rivojlanib kelayotgan boʻlsa-da, AQSh bilan savdo aylanmasi umumiy tashqi savdo hajmida katta ulushga ega emas. 2024 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi 65,93 milliard dollarga yetgan boʻlib, asosiy savdo sheriklari sifatida Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya va Janubiy Koreya qayd etilgan. Shunday boʻlsa-da, AQSh bilan savdo munosabatlaridagi oʻzgarishlar ayrim sohalarga taʼsir qilishi mumkin.

Masalan, bu choralar Oʻzbekiston mahsulotlarining AQSh bozoridagi raqobatbardoshligini pasaytiradi. Bu ayniqsa toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va sanoat tovarlari eksportiga salbiy taʼsir koʻrsatishini kiritish mumkin.

Shuningdek, eksport hajmining kamayishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taʼsir qilib, ayrim sohalarda ish oʻrinlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Eksportdan keladigan daromadning kamayishi esa mamlakatning valyuta zaxiralariga salbiy taʼsir koʻrsatadi, bu esa milliy valyuta barqarorligiga xavf tugʻdirishi kutilmoqda.

Ehtimoliy salbiy oqibatlarning oldini olish uchun esa yangi bozorlarni oʻzlashtirish va mavjud bozorlardagi ulushni oshirish orqali eksportni diversifikatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga davlat tomonidan imtiyozlar berish va raqobatbardoshlikni oshirish choralarini koʻrish, boshqa davlatlar bilan erkin savdo kelishuvlarini imzolash orqali eksport imkoniyatlarini kengaytirish tavsiya etiladi.

Ekspert Yuliy Yusupovning fikrlariga koʻra, Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining AQSh bilan savdo aylanmasining hajmi juda kichkina. Oʻzbekiston asosan xomashyo eksport qiladi, bu esa boshqa bozorlarda ham osongina sotilishi mumkin. Shu sababli, Trampning bojxona bojlari bevosita Oʻzbekistonga katta taʼsir koʻrsatmaydi. Ammo bilvosita taʼsir muhim ahamiyatga ega. Jahon savdo urushi global iqtisodiy inqirozga olib kelishi mumkin. Bu esa oʻz navbatida, dunyo bozorlarida savdo qilinadigan xomashyo narxlarining tushishiga sabab boʻladi. Shuningdek, jahonda investitsion faoliyat pasayishi kuzatilishi ehtimoli bor, bu esa bevosita Markaziy Osiyoga ham taʼsir qiladi.

Qoʻrqinchli istiqbol

Xulosa qilib aytganda, Tramp joriy etgan yangi tariflar yaxshilikka olib kelmaydi. Bu dunyo miqyosida iqtisodiy inqiroz va retsessiyaga, turli yoʻqotishlarga olib kelishi mumkin. Natijada AQShning oʻziga ham xuddi bumerang kabi katta zarba beradi. Bunday inqiroz sabablari va omillari bartaraf etilsa-da, yangi ishlab chiqarish va taʼminot zanjirlari tuzilsa-da, mazkur ehtimoliy inqirozdan oʻnglanib olish uchun bir necha yil talab etiladi.

Trampning yangi tariflari hozirdanoq oʻz salbiy samarasini bera boshladi: AQSh va jahon fond bozorlarida pasayish, koʻplab yirik kompaniyalarning aksiyalari narxida tushish kuzatildi. Bitkoin va boshqa koʻplab kriptovalyutalar narxi ham pastga qulamoqda. Faqatgina eng ishonchli zaxira timsoli, biroq inqirozdan qochish timsoli boʻlmish oltin narxi yanada oʻsgan xolos.

Umuman olganda, AQShning yangi tariflari Oʻzbekiston uchun ayrim qiyinchiliklarni yaratishi mumkin, ammo bu vaziyatni yangi imkoniyatlarga aylantirish uchun strategik choralar koʻrish zarur.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+