platina.uz
Maqola

Ochilmagan sirlar: inklarning qadimiy oltin samolyotlari siri

Atigi bir asr oldin insoniyat ilk marta uzoq muddatli parvozni amalga oshirgan. Ammo baʼzi tadqiqotchilar odamlar minglab yillar avval ham uchishni uddalagan, faqat qandaydir sababga koʻra bu tajribani yoʻqotib qoʻygan, deb hisoblaydilar.

Ochilmagan sirlar: inklarning qadimiy oltin samolyotlari siri
Fotokollaj: Platina.uz

Arxeologlar qazishma ishlarida olimlarni hayratda qoldiradigan ashyolarni topib olishadi. Ularning ayrimlari hamon jumboqligicha qolmoqda. Ular oʻzga sayyoralik sivilizatsiya vakillaridan merosmi yoki insoniyat bir paytlar texnologik jihatdan oʻta taraqqiylashib, keyin tabiiy ofatlar yoki urushlar natijasida yana degradatsiyaga uchrab, qaytadan rivojlanib hozirgi holatiga ketganmi? Yoki insoniyat evolyutsiyasi haqidagi bilimlarimiz notoʻgʻrimi?

Inklarning oltin samolyotlari va Yerning turli nuqtalarida topilgan boshqa qadimiy artefaktlar hayot tarixi maktab darsliklarida va ilmiy manbalarda tasvirlanganidan farq qilishi mumkinligidan ogohlantirib turadi.

Atigi 122 yil avval uchishni oʻrganganmiz...

1903 yil 12 dekabr kuni AQShning Kitti-Hok (Kitty Hawk, Shimoliy Karolina) shaharchasida aka-uka Uilbur va Orvill Raytlar (Wilbur, Orville Wright) insoniyat tarixida ilk marta uzoq muddatli boshqariladigan parvozni amalga oshirishdi. Ammo baʼzi tadqiqotchilar inson minglab yillar oldin ham uchishni uddalagan, faqat qandaydir sababga koʻra bu tajribani yoʻqotib qoʻygan, deb hisoblaydilar. Qadimgi "aviaparvozlar"ning moddiy dalillari sifatida Janubiy Amerikadagi noyob artefaktlar va Misr ibodatxonalaridagi iyeroglif va suratar koʻrsatiladi. Bu boradagi eng yorqin misollardan biri – Kolumbiyadan topilgan "samolyotcha"lardir.

Oltin qushlar

XIX asrda Tolima va Kimbaya madaniyatiga mansub hind qabila boshliqlarining qabrlaridan 4-5 sm oʻlchamdagi oltin haykalchalar topilgan. Ular nima maqsadda qoʻllanilganiga doir aniq maʼlumot yoʻq, ammo baʼzilar bu ashyolar munchoq yoki tumor boʻlgan, deb taxmin qiladilar.

Bu ashyolar "Otun qushlari" deb ham ataladi, chunki birinchi namuna aynan Otun daryosi (Rio Otún) havzasidan topilgan.

Qanotli figuralarning yaratilish sanasi radiokarbon usuli orqali aniqlangan – u taxminan milodiy 500 yilni koʻrsatdi. Tolima va Kimbaya xalqlari bugungi Kolumbiya hududida, Magdalena daryosi (Rio Magdalena) boʻylab yashaganlar. Ammo bunday gʻalati ashyolar Venesuela, Peru va Kosta-Rikada ham topilgan.

Hozirgi kunda fanga shunday 33 ta "samolyotcha" maʼlum. Ularning koʻpchiligi Kolumbiya Milliy banki qoshidagi "Oltin muzeyi" (Museo del Oro) doimiy ekspozitsiyasida saqlanmoqda.

Kimbaya madaniyatining zargarlik buyumlari IV-VII asrlarda yaratilgan. Bunday 4-5 sm oʻlchamli tilla figuralar sardorlarning qabrlariga qoʻyilgan himoya tumorlari vazifasini oʻtagan. Ularni gardanga osishgan yoki kiyimga yopishtirishgan.

Mojaroning boshlanishi

1969 yilda katta mojaro kelib chiqdi. “Oltin qushlar” eksponatlari Nyu-Yorkdagi "Metropoliten" muzeyida vaqtinchalik koʻrgazmaga qoʻyilganida, amerikalik zargar Emmanuel Staub ularning zamonaviy samolyotlar bilan ajabtovur oʻxshashligini payqadi. U eng qiziqarli artefaktlarni suratga olib, olimlar va zoologlarga, xususan, "nomutanosib artefaktlar" boʻyicha mutaxassis Ayven Sandersonga topshirdi.

Sanderson bu haqda muhandislarga maʼlum qildi. Havo texnikasi mutaxassislari figuralarda kabina, fyuzelyaj, dum qismi, qanotlar va stabilizatorlar borligini aniqladilar. Hatto ularni aerokosmik samolyotlar yoki suvosti samolyotlari (subakvaplanlar) modeli deb baholadilar.

Sanderson haykalchalar haqidagi maqolasini "Argosy" jurnalida chop ettirdi – va bu haqiqiy sensatsiyaga aylandi. Tarixchilar uning usulini tanqid qildilar: "bizga kerak boʻlgan joyda dalil bor, kerak boʻlmagan joyda – yoʻq" degan prinsipda ish tutganini taʼkidladilar. Samolyotlarga oʻxshagan narsalarga eʼtibor qaratib, hayvonlarga oʻxshagan figuralarni eʼtiborsiz qoldirgan. Ammo bu shubhalarga qaramay, inklarning "samolyoti" shunchalik mashhur boʻlib ketdiki, hatto Erix fon Denikenning "Qadimgi astronavtlar jamiyati" (AAS) ramziga aylandi.

1996 yilda nemis muhandislari – Algund Enbom, Peter Belting va Konrad Lyubbers ushbu oltin figuralar asosida haqiqiy uchuvchi modellarni yaratishga qaror qildilar. Ular delta-qanot va tik dum qismi orqali haqiqatan yaxshi aerodinamikaga ega ekanini isbotlashdi. Eng koʻp samolyotga oʻxshaganlari tanlab olinib, ular asosida hajmi 16 barobar katta avia-modellar yaratildi. Bu modellar motor va radioboshqaruv bilan jihozlandi. "Goldflyer-I" deb nomlangan ilk prototip 90 sm uzunlikka va 1 m qanot kengligiga ega boʻldi. Uning old qismiga propeller, qanotlariga esa yopqichlar oʻrnatildi. Bu model soatiga 60 km tezlikka erisha olar va hatto yuqori pilotaj figuralarini (masalan, "bochka", "oʻlik sirtmoq") bajara olardi.

"Goldflyer-II" esa vintsiz boʻlib, reaktiv dvigatel va shassilar bilan taʼminlandi. Shu sababli, Kolumbiya figuralarini hayvon yoki hasharotlar deb taxmin qilganlar. Ammo muhandislarning tajribalari reaktiv samolyot versiyasini tasdiqladi. 1997 yilda oʻtkazilgan parvoz sinovlari shuni koʻrsatdiki, bu modellar haqiqiy samolyotlar singari ishlaydi!

Yangi namoyishlar va eski munozaralar

2003 yil oktabr oyida Enbom va Belting oʻzining navbatdagi modelini Shveysariyada oʻtkazilgan “Arxeologiya, astronavtika va yerdan tashqari sivilizatsiyalarni qidirish” ilmiy-tadqiqot jamiyatining jahon kongressida namoyish qilishdi. Plastik va shisha tolalaridan tayyorlangan samolyot 130 sm qanot yoyilishiga ega boʻlib, elektr dvigateli bilan jihozlangan edi. U 100 km/soatdan yuqori tezlikda parvoz qilish imkoniyatiga ega edi. Bir qator muvaffaqiyatli parvozlardan soʻng aviakonstruktorlar, tarixchilar va uchuvchilar bir fikrga kelishdi: "Ink oltin samolyotlari" haqiqatdan ham mitti aviatsiya modellari boʻlgan.

Bu modellar havoda mukammal manyovrlar qildi va hatto vaqt-vaqti bilan kuchayib turgan shamolga qaramay, muvaffaqiyatli qoʻnishni uddaladi. Hatto dvigateli oʻchirilgan holda ham bu modellar ajoyib uchish qobiliyatini namoyon qildi. Doktor Algund Enbom shunday xulosa chiqardi: “Mukammal aerodinamik shakllar oʻz-oʻzidan paydo boʻlishi mumkin emas. Demak, bu oltin hunarmandchilik buyumlari aslida eshittirilgan uchish apparatlarining nusxasi boʻlgan.”

Inklar qayerdan ilhom olgan?

Biroq XI-XVI asrlardagi hindular bunday modellarga asos boʻlgan obrazlarni qayerda koʻrishgan? Bu savol hamon javobsiz qolmoqda. Agar Naska vodiysidagi sirli "uchish yoʻlaklarini" hisobga olsak, u holda Peruda qadim zamonlarda aerodrom boʻlgani haqida taxmin yuzaga keladi. Qizigʻi shundaki, zamonaviy samolyotlarga oʻxshash haykalchalar va tasvirlar dunyoning boshqa qadimiy sivilizatsiyalarida ham topilgan. Masalan, “Ink samolyotlari” tadqiqotidan soʻng, Misr muzeylarida shunday eksponatlar qidirilgan. Va ular juda koʻp topilgan!

Misr iyerogliflari orasida eng hayratlanarlisi – “Vertolyot” tasviri boʻlib, bu zamonaviy yuk tashuvchi vertolyotni eslatadi. Agar bunday artefaktlar dunyoning turli burchaklarida uchrasa, demak, qadimgi Peru aholisi sirli aviatorlar bilan aloqa oʻrnatgan yagona sivilizatsiya boʻlmagan. Ehtimol, qadimiy uchuvchilar kontinentlar oʻrtasida harakatlangan, ulkan masofalarni bosib oʻtgan. Albatta, bu hozircha faqatgina juda dadil gipoteza. Buni isbotlash uchun aniq dalillar hali yoʻq.

Firʼavn Tutanxamon aviahalokat qurboni boʻlganmi?

Buyuk Britaniyalik arxeolog Uilyam Deychning yaqinda bergan bayonoti jahon jamoatchiligini yanada qiziqtirib qoʻydi: goʻyoki 3300 yil oldin Tutanxamon aviahalokat natijasida halok boʻlgan emish. Oʻtkazilgan tadqiqotlar asosida tarixchi firʼavnning oʻlimiga olib kelgan shikastlanishlar aviahalokatga xosligi haqida xulosa qildi.

Muxolif fikrlar

Agarda ayrim gipotezalarga ishonsak, nomaʼlum qadimiy hunarmandlar aerodinamika qonunlarini yaxshi bilgan. Lekin bu fikrni rad etuvchilar ham mavjud.

Masalan, Tomas Sanderson oʻzining gipotezalarini havo konstruksiyalari boʻyicha mutaxassislar bilan muhokama qilgan. Ammo aviakonstruktor Artur Yang shunday fikr bildirgan: “Ha, sirtdan qaraganda, bu hosilalar samolyotga oʻxshashi mumkin. Ammo qanotlar yaxshi joylashtirilmagan, oldingi qismi esa uchish uchun mutlaqo mos emas.” Demak, bu jismlar uchish uchun yaratilgani haqida ishonchli gapirish mumkin emas.

Bundan tashqari, bu haykalchalar aerodinamik apparatlarga emas, balki Janubiy Amerikada yashaydigan Loricariichthys turkumiga mansub baliqlarga koʻproq oʻxshashligi haqida ham dalillar mavjud.

Savollar ochiq qoladi

Bunday kashfiyotlar tarixi hali ham bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Inson qadimdan uchishga qodir edimi? Yoki bu shunchaki oltin haykalchalarning hozirgi texnologiyalarga tasodifiy oʻxshashligi xolosmi? Bu savollarga aniq javob yoʻq. Ammo shubhasiz, inklarning "oltin samolyoti" nafaqat qadimiy madaniyatning noyob artefakti, balki insoniyat tarixining eng sirli kashfiyotlaridan biri boʻlib qolmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid