Namanganda oyogʻi singan bemor operatsiyadan soʻng komaga tushib, vafot etdi
Marhumning otasiga koʻra, tuman shifokorlari bemorni viloyatdagi shifoxonaga olib borishga ruxsat bermagan.

Namangan viloyati, Pop tumanida oyogʻi sinib ikki marta operatsiya qilingan bemor komaga tushib vafot etdi. "Hudud" informatsion dasturi muxbiri Ruhsora Gʻofurova Popga borib voqea tafsilotlarini oʻrgandi.
Maʼlum boʻlishicha, 36 yoshli Hojiakbar Qirgʻizov dalada ishlayotganda yiqilib tushgan. Tekshiruvlarda uning chap oyoq son qismi singani aniqlanadi.
16 mart kuni u birinchi bor operatsiya qilingan. Ammo amaliyot muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Ikkinchi amaliyotda esa Fargʻonada mutaxassis chaqirilgan. Biroq vaziyat oʻnglanmay, bemor komaga tushgan va vafot etgan.
Bemorning otasi Muhammadjon Qirgʻizovga koʻra, poplik shifokorlar bemorni Namangan shahriga olib borishga qarshilik qilgan. Bemor birinchi operatsiya jarayonida qiynalganini oilasiga soʻzlab bergan.
Muhammadjon Qirgʻizovning aytishicha, Pop tibbiyot birlashmasi bosh shifokori oʻrinbosari boʻlgan Bunyod Yunusov undan ming AQSh dollari olgan.
Muxbirlar Bunyod Yunusovni Pop tumani prokuraturasida uchratdi.
Jurnalistlar bilan suhbatda Yunusov operatsiyaning kechasi va yakshanba kuni oʻtkazilganini qarindoshlar talabi deb atadi. Biroq marhumning otasi M.Qirgʻizboyev bu fikrni mutlaqo inkor etdi.
Shuningdek, Bunyod Yunusov tibbiyot birlashmasida bir oyda 20-22 kun davomida navbatchilik qilishi maʼlum qilingan. Jurnalistlar bilan suhbatlashgan yana bir bemor tumanda tuzalmagani, viloyatda borib davo topganini aytgan.
Hozirda prokuratura tomonidani tekshiruv olib borilmoqda. Barcha dalil va hujjatlar ekspertizaga yuborilgan.