"Uzum tezkor" monopol mavqega ega deb topildi
Agregator tayyor ovqat va boshqa isteʼmol mahsulotlarini buyurtma qilish va yetkazib berish bozorida ustun mavqega ega deb eʼtirof etilgan.

Raqobat qoʻmitasi "Uzum tezkor"ni monopol mavqega ega deb topdi.
Qoʻmitaning tegishli buyrugʻi bilan tayyor ovqat va boshqa isteʼmol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida “Uzum Tezkor” MChJ XK ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb eʼtirof etildi.
Asos: “Uzum Tezkor” MChJ XKning bu sohada ustun mavqega erishilgani haqidagi xabarnomasi.
Shuningdek, Qoʻmita tomonidan ustun mavqega ega raqamli platforma operatori faoliyatini raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq, ustun mavqeini suiisteʼmol qilish holatlarini oldini olish maqsadida majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi va tegishli tartibda monitoring oʻtkazib borilishi maʼlum qilinadi.
Taʼkidlab oʻtamiz, mart oyida Uzum marketpleysi ham ustun mavqega ega deb topilgandi.